Таdbirkorlik subyektini Internet orqali ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 14-noyabrdagi PQ-2066-sonli qarori bilan Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yishning xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 24-maydagi PQ-357-sonli Qarori bilan tasdiqlangan yuqoridagi Nizomga kiritilgan muhim o‘zgartirishlar tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza-xabarnomani taqdim etish shakli bilan bog‘liq.

Xususan, endilikda yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor yoki dehqon xo‘jaligi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspektsiyasiga (ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ) ariza-xabarnomani o‘zi kelgan holda, pochta aloqasi yoki Internet tarmog‘i orqali taqdim etishi mumkin.

Shuningdek, yuridik shaxsning ta’sis hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazgan organga bu haqdagi tegishli hujjatlarni Internet tarmog‘i orqali taqdim etish mumkin. Nizom quyidagi mazmundagi 13?-band bilan to‘ldirildi:

«Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish uchun mazkur Nizomda nazarda tutilgan hujjatlar, 11-bandning «g» kichik bandi to‘rtinchi xatboshida va 33-bandning oltinchi xatboshida ko‘rsatilgan hujjatlar mustasno etilgan holda, Internet tarmog‘i orqali bir nusxada taqdim qilinadi va murojaat etuvchining elektron raqamli imzosi bilan imzolanadi. Qog‘ozda rasmiylashtirilgan va (yoki) berilgan skanerlangan hujjatlarni taqdim etishga yo‘l qo‘yiladi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan berilgan, mazkur Nizomda nazarda tutilgan elektron hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ularning asl nusxalarini murojaat etuvchi Internet tarmog‘i orqali taqdim etishga haqli».

Ushbu bandda keltirilgan istisno holatlar:
– yuridik shaxslarni qo‘shib yuborish, bo‘lish, ajratib chiqarish yoki o‘zgartirish yo‘li bilan qayta tashkil etilgan taqdirda (11-bandning «g» kichik bandi);
– yuridik shaxsning nomi o‘zgargan taqdirda (33-bandning oltinchi xatboshi) yuzaga keladi.

Bu holatlarda boshqa zarur hujjatlar bilan bir qatorda tashkilotning muhri va shtampi talab etiladi.

Nizomning 24-bandi yangi tahrirda bayon etilib, unga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tadbirkorlik subyektiga real vaqt rejimida, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat statistika qo‘mitasining Internet tarmog‘idagi tegishli idoraviy saytlaridan foydalangan holda olingan STIR va OKPO kodlarini beradi. Tadbirkorlik subyektiga STIR berishning yangi jarayoni amaliyotga tatbiq etilishi munosabati bilan Nizomning 25-bandi o‘z kuchini yo‘qotdi.

Nizomning 28-bandiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazishning zarur jarayonlari yakunlangandan keyin tadbirkorlik subyektlariga elektron shaklda taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ vakolatli shaxsining elektron raqamli imzosi bilan imzolanadi. Bunda murojaat etuvchi tegishli hujjatlarni o‘zi kelgan holda yoki pochta aloqasi orqali ham olish huquqiga ega.

Nizomning 38?-bandiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan guvohnoma o‘rniga tadbirkorlik subyektining arizasiga ko‘ra uning tiklangan nusxasi, shu jumladan, elektron shakldagi dublikati taqdim qilinadi. Bunda davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risida elektron shaklda avval berilgan guvohnoma haqiqiy emas, deb hisoblanadi. Yuridik shaxslarga, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo‘jaliklariga STIR berish uchun so‘rovnomalar shakllari (Nizomning 3 va 3a-ilovalari) amalda o‘z mohiyatini yo‘qotganligi munosabati bilan bekor qilindi.

Manba

Orphus system