Ахborot jamiyat a’zolari faoliyatini bog‘lab turuvchi omildir

axb_20_11_2013

Ахborot iqtisodiy, ishlab chiqarish jarayonlari, xalq madaniyati, tilini birligi faol, milliy axborot oqimlari ta’minlaydi. Ko‘plab mamlakatlarni demokratik boshqaruvi shakliga o‘tishi bilan jamiyatda axborotni erkin tarqatish jarayonining ahamiyati yanada global xarakterga ega bo‘ldi. Har kimning axborot olish huquqini ta’minlashda jamiyat hayotining barcha subyektlari faoliyatining ochiqligi eng muhim elementlaridan biridir.

Axborot sohasining zamonaviy amaliyoti ochiqlik, shaffoflik, transparentlik, oshkoralik tushunchalari bilan to‘lib-toshib ketmoqda. Bu esa ularning ma’no-mazmunini izohlash zaruriyatini tug‘diradi. Shuni ta’kidlash joyizki, «transparentlik» ingliz tilidan olingan bo‘lib, shaffoflik, ochiq-oydinlik deb tarjima qilinadi hamda «shaffoflik» so‘ziga ma’nodoshdir va undan ekvivalent sifatida foydalanadi.

«Oshkoralik» va «shaffoflik» tushunchalari ochiqlikni ta’minlash yagona jarayonining ikki tomonidir. Boshqacha qilib, aytadigan bo‘lsak, agar shaffoflik — bu subyektning amalga oshirayotgan jarayonlari to‘g‘risidagi axborotni jamiyatga yetkazishga intilishi bo‘lsa va o‘z faoliyatini shunga asosan tashkil etsa, oshkoralik esa — bu subyektning amalga oshirayotgan faoliyatini jamiyatga yetkazish bo‘yicha maqsadli faoliyatidir, jumladan, matbuot-anjumanlari, brifinglar o‘tkazish, yozma va og‘zaki so‘rovlarga javoblar berish va hokazo. Subyekt tomonidan oshkoralik va shaffoflik jarayonlarini bir vaqtda amalga oshirilishini uning faoliyatining ochiqligi deb aytsa bo‘ladi.

Axborot olish huquqi har qanday huquqiy demokratik davlatda fundamental huquqlardan biridir. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati yuzasidan axborotga ega bo‘lish har kimning o‘zining huquq va erkinligini ro‘yobga chiqarish imkoniyati bilan bog‘liq shaxsiy manfaatlarini ta’minlashga hamda, shu bilan birga, jamiyat va davlat ishlarida o‘zining ishtirokini faollashtirishga qaratilgan. Jismoniy va yuridik shaxslarni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni olish davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning asosi hisoblanadi.

Bu jihatdan bugungi kunda Buxoro va Samarqand viloyatlarida huquqiy eksperiment sifatida sinov o‘tkazilayotgan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasida belgilangan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlar uchun ularning mas’uliyatini oshirish, o‘zining faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan yuridik va jismoniy shaxslarni keng foydalana olishlarini ta’minlash, fuqarolarning axborot olish uchun konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish shakllarini kengaytirish kabi asosiy vazifalar Respublikamiz Konstitutsiyasining 30-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi majburiyatidan kelib chiqadi.

axb_20_11_2013_1

Bugungi kunda huquqiy eksperiment o‘tayotgan viloyatlarda qonun loyihasida belgilangan davlat hokimiyati va boshqaruvi faoliyatining ochiqligini ta’minlash usullaridan faol foydalanib kelinmoqda. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimizda oson va keng miqyosda axborotni olish uchun axborotdan foydalanuvchilarga rivojlangan axborot infrastrukturasi yaratilgan. Ma’lumki, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, xususan, Internetdan foydalanish barchaga tezkorlik bilan va har tomonlama axborot olish uchun katta imkoniyat yaratadi. Shunga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash usullaridan biri davlat hokimiyati va boshqaruv organining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni rasmiy veb-saytda joylashtirish va yangilashdan iboratdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 20-martdagi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi sinovi bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish haqida»gi Farmoyishiga muvofiq huquqiy eksperiment subyektlarining veb-saytlari soni Samarqand viloyatida 27dan 83tagacha, Buxoro viloyatida esa 28dan 56tagacha o‘sdi.

Huquqiy eksperiment o‘tkazish davomida Samarqand va Buxoro viloyatlari davlat organlari veb-saytlarida fuqarolar bilan qayta aloqa shakllari rivojlanib, qayta aloqa elektron shakllari mavjud bo‘lgan veb-saytlar soni 100tadan oshdi. Shunday qilib, huquqiy eksperiment o‘tkazish jarayonida fuqarolar davlat organlari bilan elektron o‘zaro almashuvi bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ldilar. Samarqand viloyati hokimligi veb-saytiga bir oyda o‘rtacha 12,5 ming kirishlar qayd etildi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 1,8 marotaba ko‘pdir. Buxoro viloyati hokimligida esa veb-saytga kirish 1,4ga oshdi.

Bugungi kunda huquqiy eksperiment subyektlarining aksariyat veb-saytlarida rasmiy tadbirlar (kengashlar, uchrashuvlar, brifinglar, hay’atlar va boshqalar) to‘g‘risida ma’lumotlar, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organining faoliyati to‘g‘risidagi tahliliy ma’ruzalar, axborot xarakteridagi sharhlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, ular to‘g‘risida axborotlar joylashtirilgan. Huquqiy eksperiment subyektlarining veb-saytlari qonun loyihasida belgilangan zarur kontent, qo‘shimcha axborotlar bilan boyitib kelinmoqda.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-sayti orqali uning faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishning qulayligi yana shundan iboratki, Internetda joylashtirilgan sayt orqali interaktiv davlat xizmatidan bemalol va unumli foydalanish mumkin. Agar saytda foydalanuvchi o‘zini qiziqtirgan biror-bir ma’lumot topa olmasa, u sayt orqali murojaat qilish yoki so‘rov yo‘llash imkoniyatiga ega. Albatta, so‘rovlar o‘rnatilgan tartibda qayd etilishi va rasmiylashtirilishi lozim hamda qonun loyihasida o‘rnatilgan muddatlarda ularga javob qaytarilishi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Bunday normalar har bir fuqaroning biror-bir sohaga taalluqli so‘rovlarga javob olish uchun katta imkoniyat yaratishi bilan birga, axborot olish bo‘yicha konstitutsion huquqlarini yanada kengaytiradi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joyizki, jismoniy va yuridik shaxslarning, ommaviy axborot vositalarining so‘rovlari asosida og‘zaki va yozma shaklda axborot taqdim etish qonun loyihasida belgilangan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga qaratilgan yana bir usullardan biridir. Bugungi kunda har bir fuqaroning murojaati va so‘roviga davlat organlari idoralari befarq bo‘lmasligi demokratiya tamoyillaridan kelib chiqadi. Eksperiment o‘tkazilayotgan subyektning jismoniy va yuridik shaxslar, ommaviy axborot vositalari so‘rovlari asosida og‘zaki va yozma shaklda axborot taqdim etilganlik holati bo‘yicha huquqiy eksperiment davri boshlanishidan shu kunga qadar fuqarolar, korxona va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalaridan Buxoro viloyati hokimligiga 183ta, shahar, tuman hokimliklariga 316ta, korxona va tashkilotlarga 1014ta, jami 1 513ta so‘rov, Samarqand viloyatida esa tegishlicha 274, 368, 2194 va jami 2836ta so‘rov kelib tushgan hamda ularga qonun loyihasida belgilangan tartibda javoblar qaytarilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, OAV va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini eksperiment o‘tkazish subyektlarining kollegial organlari majlislarida ishtirok etish usuli bo‘yicha bugungi kunda Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi barcha shahar va tumanlar hokimliklari, boshqaruv organlari o‘z veb-saytlarida o‘tkaziladigan ochiq yig‘ilishlariga fuqarolar va OAV vakillarini taklif etish bo‘yicha e’lonlar joylashtirishmoqda. Demak, bu usul ham aynan veb-sayt bilan uzviy bog‘liqdir. Lekin huquqiy eksperiment o‘tkazilayotgan viloyatlarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan o‘tkazilayotgan ochiq kollegial majlislar haqida mahalliy bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida ham e’lon berilmoqda. Masalan, Buxoro viloyatidagi kollegial yig‘ilish o‘tkazgan 26ta boshqarma va tashkilotning barchasi o‘z veb-saytida ushbu o‘tkazilgan tadbir sanasi va vaqti, uning kun tartibidan o‘rin olgan masalalar haqidagi e’lonni joylashtirdilar. Natijada esa ushbu yig‘ilishlarda 30ga yaqin jurnalist, 46ta fuqaro, 12ta nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar. Xuddi shunday Samarqand viloyatida ham huquqiy eksperiment subyektlari tomonidan o‘tkazilgan kollegial ochiq yig‘ilishlarda 129 nafar nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, 9 nafar fuqarolar ishtirok etganlar.

Shu o‘rinda, eksperiment o‘tkazilayotgan subyektlar kollegial organlarining ochiq majlislarida mahalliy Kengashlar deputatlari, siyosiy partiyalar Kengashlari vakillari ham davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlovchi mazkur usuldan unumli foydalangan holda uning samarasi yuzasidan ko‘proq o‘z fikr-mulohazalarini berishlari maqsadga muvofiqdir. Axborotni tayyorlash va tarqatish funksiyalarini amalga oshirishda, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan o‘zaro ishlashni ta’minlashda davlat hokimiyati va boshqaruv organining axborot xizmati alohida o‘rin egallaydi. Axborot xizmatining faoliyati o‘zi mansub bo‘lgan idora yoki tashkilot ishi haqida aholini xabardor etish hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ishonch va hamkorlik muhitini yaratishdan iboratdir. Axborot xizmati matbuot, televideniye, radio, internet yoki boshqa kommunikatsiya kanallaridan foydalangan holda o‘z faoliyati haqidagi axborotlarni jamoatchilikka taqdim etadi.

O‘z navbatida, idoraning matbuot bilan munosabatlarini ham uning axborot xizmati yo‘lga qo‘yadi. Axborot xizmati xodimining noto‘g‘ri tanlanishi idora faoliyatini professional bo‘lmagan tarzda yoritilishiga hamda o‘sha idoraning obro‘sizlantirilishiga olib keladi. Aksincha, malakali, g‘ayratli, faol axborot xizmati jamoasi o‘sha idora faoliyatining muvaffaqiyatiga ko‘maklashishi mumkin. Axborot xizmati mustaqil mamlakatimizda nisbatan yosh institutlardan biri hisoblanadi. Aniqrog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-sentabrdagi «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining jamoatchilik bilan aloqalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 203-sonli qarori asosida aksariyat ijro hokimiyati organlarida axborot xizmatlari faoliyat yurita boshladi.

«Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonun loyihasida axborot xizmatlarining huquq va majburiyatlari, maqsad va vazifalari aks ettirilgan. Ayni kunda huquqiy eksperiment o‘tkazilayotgan Samarqand va Buxoro viloyatlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini axborot xizmatlari faoliyatida o‘tgan yetti oy vaqt davomida bir qator ijobiy samaralarga erishildi. Chunonchi, birgina Buxoro viloyati misolida tahlil etadigan bo‘lsak, hududdagi 89ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida axborot xizmatlari tashkil etilib, tegishli kadrlar biriktirildi va moddiy-texnika bazasi shakllantirildi yoki Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan 91 davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida ham axborot xizmatlari samarali ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Aynan axborot xizmatlarining jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishi orqali huquqiy eksperiment subyekti faoliyati to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish maqsadida ommaviy axborot vositalarida vakolatli mansabdor shaxslarning Buxoro viloyati bo‘yicha jami 2256, Samarqand viloyati bo‘yicha jami 2140ta chiqishlari chop etildi. Matbuot-anjumanlari va briffinglar o‘tkazish yuzasidan viloyat bo‘yicha ishlab chiqilgan yagona reja asosida joriy yilning o‘tgan davrida Buxoro viloyatida jami 34ta, Samarqand viloyatida esa jami 38ta matbuot-anjumanlari va brifinglar o‘tkazilib, ular viloyat televideniyelari, radiolari va gazeta-jurnallari orqali yoritilib kelinmoqda.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida qonun loyihasida belgilangan yana bir usul, ya’ni eksperiment o‘tkazish subyektlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni maxsus ajratilgan binolarga va joylarga joylashtirish axborotdan foydalanuvchilarga, ayniqsa, bizning partiya elektoratiga ham juda maqbul bo‘lmoqda. Chunki bugungi kunda eksperiment o‘tkazilayotgan Buxoro va Samarqand viloyatlari hokimligi qarorlari bilan tasdiqlangan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari to‘g‘risidagi axborotni barcha kirishi mumkin bo‘lgan binolarda va joylarda joylashtirish tartibi to‘g‘risida muvaqqat nizom» asosida Buxoro va Samarqand viloyatlarining barcha tashkilot va idoralar kirish joylariga tegishli stendlar joylashtirilgan. Ushbu stendlarda idoraning ish tartibi, fuqarolarni qabul qilish jadvali, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati va amalga oshirish tartibi hamda boshqa zaruriy ma’lumotlar joylashtirilgan. Qolaversa, mazkur yo‘nalishda aholiga yanada keng qulayliklar yaratish va idora faoliyati haqida ko‘proq axborotlar taqdim etish maqsadida ayrim davlat hokimiyati va boshqaruv organlari foyelarida infokiosk, ya’ni elektron ma’lumotlar doskasi ham o‘rnatilmoqda.

Bunday usulning qulayligi shundan iboratki, axborotdan foydalanuvchilar o‘ziga kerakli bo‘lgan biror-bir ma’lumotni bilishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri mazkur axborot stendidan olishi mumkin. Misol uchun, Samarqand viloyati mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasining kirish zalida qonun va qonunosti hujjatlarida aholining ayrim qatlamlariga ko‘zda tutilgan imtiyozlar to‘g‘risida va bunday imtiyozlardan kim foydalanishi to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan yoki bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Buxoro va Samarqand shahar markazlarida tashkil etilgan axborot stendlarida bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. Albatta, bunday qulayliklar, avvalo, vaqtincha ish qidirayotgan fuqarolar, yoki yuqoridagi misolga binoan nafaqadagilar va boshqa shaxslar uchun juda foydalidir.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali taqdim etish qonun loyihasida belgilangan ular faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha yana bir usullardan biridir. Bugungi kunda axborotdan foydalanuvchilar mazkur usuldan samarali foydalanishlari uchun huquqiy eksperiment o‘tkazilayotgan viloyatlarning arxivlari va axborot-kutubxona markazlarida hujjatlardan foydalanish imkoniyatini berish va foydalanuvchilarga o‘qish zalida xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy-huquqiy xususiyatdagi so‘rovlarni bajarish, xususan, ish stajini tasdiqlash haqida, 10 yillik davr uchun ish haqi to‘g‘risida, yuridik shaxsning nomi o‘zgartirilgani haqida, ta’lim muassasalarida o‘qiganlikni tasdiqlash to‘g‘risida, mukofotlar haqida arxiv ma’lumotnomalarini berishga shart-sharoitlar yaratildi.

Umuman olganda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash uchun fuqarolik jamiyati institutlari, ya’ni siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari va boshqalar faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Turli xil sohalarda jamiyat manfaatlarini himoya qila turib, ular davlat organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni olishda faol ishtirokchilar bo‘lmoqda. Bu esa o‘z o‘rnida, ularning faoliyati samaradorligini yanada oshirib, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Orphus system