OAV bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda

cust_19_11_2013

2013 yil 15 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona, soliq va statistika qo‘mitalari, shuningdek Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda Milliy matbuot markazida tashkil etilgan navbatdagi matbuot anjumani «OAVni zarur axborot va ma’lumotlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish va axborotlar shaffofligini ta’minlash masalalari» mavzusiga bag’ishlandi.

Prezidentimiz I.Karimovning “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Kontseptsiyasi”da ta’kidlanganidek, “….fuqarolarning axborot sohasidagi huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasi insonning axborot olish, axborotni va o‘z shaxsiy fikrini tarqatish huquqi va erkinligini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, bu O‘zbekistonda demokratik jamiyat asoslarini barpo etishning muhim sharti, ta’bir joiz bo‘lsa, tamal toshi hisoblanadi”

Shu maqsadda o‘tgan yillarda, ayniqsa so‘nggi o‘n yilda ommaviy axborot vositalarini yanada liberallashtirish, so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Yurtimizda avvalo ommaviy axborot vositalari rivojini ta’minlaydigan, demokratik talab va standartlarga to‘la mos keladigan mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. Ushbu davrda ommaviy axborot vositalarini erkin va jadal rivojlantirishga, axborot sohasining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan 10 ga yaqin qonun hujjatlari qabul qilindi.

Shuningdek, ayni paytda Buxoro va Samarqand viloyatlarida huquqiy eksperimentdan o‘tkazilayotgan “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ham ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy muammolarning echimini topish yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari olib borayotgan faoliyatdan fuqarolarning xabardorligini oshirish, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir vazifalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, OAVning o‘rni va rolini yanada mustahkamlab qo‘yishga xizmat qiladi.

cust_19_11_2013_1

Bu yo‘nalishda anjuman tashkilotchilari tomonidan ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan soliq siyosati, soliq va boshqa majburiy ajratmalarning ijtimoiy ahamiyati, shuningdek qonun hujjatlariga asosan berilayotgan soliq imtiyozlarining iqtisodiyotni rivojlantirishdagi rag‘batlantiruvchi o‘rnini keng jamoatchilikka tez va sifatli etkazish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi va hududiy boshqarmalarining Axborot xizmatlari, shuningdek, soliq xizmati organlarida faoliyat yuritib kelayotgan 200 dan ortiq xodimlarni o‘zida jamlagan ijodiy guruh shakllangan hamda ular tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida markaziy va mahalliy OAVda 7500 dan ortiq chiqishlar tashkil qilindi.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan esa bojxona organlari faoliyatining oshkoraligini ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari va keng jamoatchilikning bojxona organlarida amalga oshirilayotgan turli yo‘nalishlardagi keng qamrovli islohotlarning borishi to‘g‘risida muntazam xabardor qilish maqsadida joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida 2800 ga yaqin turli chiqishlar tashkil qilindi. Joylarda jamoatchilik vakillari va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari ishtirokida 1652 marotaba turli uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazildi.

cust_19_11_2013_2

Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xizmati hamda hududiy statistika organlari tomonidan esa hisobot davrida tadbirkorlik sub’ektlariga ularning huquqlari, statistika sohasiga oid qonunchilik va me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablarini tushuntirish bo‘yicha markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida 1700 dan ortiq chiqishlar amalga oshirildi.

Shuningdek, tadbirda davlat statistika tizimida tezkorlik, aniqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda foydalanuvchilar uchun yanada qulayliklar yaratish maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy veb-sayti orqali interaktiv xizmatlar turlarini kengaytirish va takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi.

Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish va isloh qilishning bozor metodlari va mexanizmlarini joriy etish asosida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni, respublikaning, mintaqalarning iqtisodiy va ijtimoiy barqaror va mutanosib rivojlanishi darajasini kompleks ravishda tahlil qilish va shu asosda tadbirlarni ishlab chiqishni tashkil qilish yuzasidan olib borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni yoritish yuzasidan Iqtisodiyot vazirligining Axborot xizmati tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

cust_19_11_2013_3

Xususan, vazirlikning Axborot xizmati tomonidan har chorakda respublikaning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari taqdim etib kelinmoqda. Mazkur ma’lumotlar o‘z vaqtida eng avvalo, “Xalq so‘zi”, “Narodnoe slovo” va “Pravda Vostoka” gazetalarida e’lon qilinmoqda. Bundan tashqari tizimda “O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi” ham muntazam ravishda chop etib borilmoqda.

Tobora global auditoriyani egallab borayotgan Internet o‘zida barcha sohalar imkoniyatlarini mujassam etayotgani, shuningdek yurtimizda xalqaro tarmoqdan foydalanuvchilar soni yildan yilga oshib borayotganini inobatga olgan holda tadbirda ishtirok etayotgan vazirlik va qo‘mitalar tomonidan OAVni zarur axborot va ma’lumotlar bilan ta’minlashda Internet imkoniyatlaridan unumli foydalanishga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Xususan, Davlat soliq qo‘mitasining sayti orqali 31 turdagi, Davlat bojxona qo‘mitasining sayti orqali 12 turdagi, Davlat statistika qo‘mitasining sayti orqali 10 turdagi, Iqtisodiyot vazirligi sayti tomonidan esa 9 turdagi interaktiv va boshqa bir qator foydali elektron xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Bu yo‘nalishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar esa o‘z o‘rnida keng jamoatchilik tomonidan munosib e’tirof etib kelinmoqda. UZ milliy domeni Internet-festivalining “Davlat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi sayt” nominatsiyasida 2012 yilda Davlat soliq qo‘mitasining sayti 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Davlat bojxona qo‘mitasi sayti mazkur nominatsiyada 2011 yilda 3-o‘rinni, 2013 yilda esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritgani ham so‘zimiz tasdig‘idir.

Tadbir davomida ishtirokchi vazirlik va qo‘mitalarning Axborot xizmatlari rahbarlari tomonidan mavzu yuzasidan atroflicha axborotlar taqdim etildi va jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar berildi.

Manba

Orphus system