“YANGI INTELLEKT-2013” – eng yaxshi intellektual mulk obyekti uchun tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi

intuzb_11_11_2013

Respublikamiz Rahbariyati tomonidan mamlakatimizda intellektual mulk tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligini tashkil etish to‘g‘risida” 2011-yil 24-maydagi Qarori buning isboti bo‘lib, intellektual mulk obyektlariga huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlashga, shuningdek, innovatsion texnologiyalar va ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni mamlakatimiz iqtisodiyoti sohalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash jarayoniga keng joriy qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Intellektual mulk agentligi tomonidan intellektual mulk yaratilishi hamda ularni huquqiy himoyasini amalga oshirish, respublikada ixtirochilik va ilmiy-texnikaviy ijodiyotni rag‘batlantirish, innovatsion faoliyatni rivojlantirish, yangi texnika, texnologiya va raqobatbardosh mahsulotlarni yaratishga ko‘maklashish, ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish, ixtirochilik faoliyatini faollashtirish, qo‘llab-quvvatlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shu sababli Agentlik tomonidan eng yaxshi intellektual mulk obyektlarini aniqlash va huquq egalarini mukofotlash maqsadida ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va dasturiy mahsulotlar yo‘nalishlari bo‘yicha «YANGI INTELLEKT – 2013» yillik tanlovi o‘tkazilishi e’lon qilindi.

intuzb_11_11_2013_1

Таnlovning asosiy maqsadi – eng yaxshi intellektual mulk obyektlarini aniqlash yo‘li bilan yangi texnologiyalar, tovarlar va raqobatbardosh mahsulot yaratish jarayonini faollashtirish, sanoat mulki sohasida eng yaxshi yutuqlarni targ‘ib etish, ushbu sohaga investitsiyani jalb etish, ishlab chiqarish va xizmat sektoriga istiqbolli ishlanmalarni tatbiq etishga ko‘mak berish, innovatsion faoliyat ahamiyatini oshirish va ixtirochilik, ilmiy-texnikaviy ijodiyotni rag‘batlantirishdan iborat.

Таnlovni tashkil etish va o‘tkazish uchun Intellektual mulk agentligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar Akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi qoshidagi Texnologiyalar transferi agentligining mutaxassis va rahbar xodimlaridan tashkil topgan Tashkiliy qo‘mita tuzildi.

Таnlov joriy yilning 27-may kunidan 25-oktabrga qadar 3 bosqichda o‘tkazildi. Tanlovga oxirgi 3 yil ichida O‘zbekiston Respublikasi patentini olgan intellektual mulk obyektlari hamda milliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yaratilgan dasturiy mahsulotlar qabul qilindi. Oxirgi uch yil mobaynida patent olgan intellektual mulk obyektlari 6 355tani, jumladan, ixtiro – 546ta, foydali model – 267ta va sanoat namunalari – 296tani tashkil etmoqda.

Таnlovda ishtirok etish uchun 141ta talabnoma, ulardan: ixtirolarga – 38ta, foydali modellarga – 27ta, sanoat namunasiga – 39ta, dasturiy mahsulotlarga – 37ta talabnoma qabul qilindi. Tanlovga topshirilgan intellektual mulk obyektlarini baholash va barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash uchun Agentlik mutaxassislari, vazirlik va idoralarning vakillaridan iborat bo‘lgan Tanlov komissiyalari tashkil etildi. Komissiya tomonidan har bir nominatsiya bo‘yicha 10tadan eng yaxshi talabnomalar tanlab olinib, ular Agentlikning saytiga on-layn ovoz berish uchun qo‘yildi.

intuzb_11_11_2013_2

Komissiya qarori va on-layn ovoz berish yo‘li orqali to‘plangan ballar asosida quyidagilar g‘olib deb topildi:
2013-yilning “Eng yaxshi ixtirosi” nominatsiyasi bo‘yicha:
1-o‘rin. Sulfid-misli konsentratlarni qaytaruvchi pechda eritish usuli (“Fan va taraqqiyot” ilmiy texnologik majmua DUK, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” OAJ, “NTTS Kompozit” MCHJ, patent raqami IAP 04714);
2-o‘rin. Suyuqlik yoki gazlarning kontaktsiz ko‘chma issiqlik sarf o‘zgartgichi (Toshkent davlat texnika universiteti, patent raqami IAP 04719);
3-o‘rin. Binoning pol, devor va shiftlarini tutun bilan isitish usuli (jismoniy shaxslar Xodjayev Xalim Salimovich, Xodjayev Dilshod Xalimovich, Sherbayev Komiljon Adilovich, patent raqami IAP 04731).

2013-yilning “Eng yaxshi foydali modeli” nominatsiyasi bo‘yicha:
1-o‘rin. Diskli tribometr (Abu Rayhon Beruniy nomli Toshkent davlat texnika universiteti, patent raqami FAP 00782);
2-o‘rin. Elektroshlakni qayta eritish va qalaylash uskunasi (“Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati” OAJ, patent raqami FAP 00550);
3-o‘rin. Linter uchun aralashtirgich (“Paxtasanoat ilmiy markazi” OAJ, patent raqami FAP 00709).

2013-yilning “Eng yaxshi sanoat namunasi” nominatsiyasi bo‘yicha:
1-o‘rin. Stol yasatish uchun to‘plam (“Sovplastial” OAJ, patent raqami SAP 00955);
2-o‘rin. Avtomexaniklar uchun maxsus kiyim to‘plam (jismoniy shaxs Xakimova Dilorom Alisherovna, patent raqami SAP 01077);
3-o‘rin. Qumoq pechene (2 ta variant), (“ZAR QAND-SHIRINLIKLARI” MCHJ, patent raqami SAP 01050).

2013-yilning “Eng yaxshi EHM uchun dastur va ma’lumotlar bazasi” nominatsiyasi bo‘yicha:
1-o‘rin. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona Qo‘mitasining “Bojxona qonunchiligining buzilishlari” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (MChJ “Tetrasoft”, guvohnoma raqami DGU 02104);
2-o‘rin. “Chiroyli nutq shaharchasi” logopedik dasturi (jismoniy shaxs Yuldashev Baxrom Erkinovich, guvohnoma raqami DGU 02012);
3-o‘rin. Tibbiyot xodimlarini testdan o‘tkazishning multimediyali dasturi (Vrach va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazi, guvohnoma raqami DGU 02484).

Tanlovda har bir nominatsiya bo‘yicha sovrinli 1-3 o‘rinlarni egallagan tanlov g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlandilar. Tanlovning qolgan ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari beriladi. Ushbu tadbir intellektual mulkni yanada samarali boshqarish uchun milliy saviyada asos yaratish maqsadida uni targ‘ibot qilish bilan bog‘liq jarayonlarni kelajakda yanada rivojlantirish va kuchaytirish ishlarini davom ettirishga yordam beradi.

Orphus system