“Elektron hukumat” tizimini samarali faoliyat ko‘rsatish va joriy etish masalalari bo‘yicha davlat organlari xodimlarining o‘quv-seminari

Joriy yilning 11-22 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Elektron hukumat o‘quv markazi”da “Elektron hukumat” tizimini samarali faoliyat ko‘rsatish va joriy etish masalalari bo‘yicha davlat organlari xodimlarining o‘quv-seminari tashkil etildi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan seminarning birinchi bosqichida 250 nafardan ziyod davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillari masofaviy ta’lim oldilar.

tuit_11_11_2013

O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi PQ-1989-sonli qarori asosida ishlab chiqilgan “2013-2020 yillarda O‘zbekistonda telekommunikatsiya texnologiyalari, aloqa infrastrukturasi va tarmog‘ini rivojlantirish dasturi”ga muvofiq, mamlakatimizda “elektron hukumat” tizimining axborot tizimlari komplekslari va ma’lumotlar bazalarini yaratish bo‘yicha 16ta yirik loyiha va chora-tadbirlar, shu jumladan, ma’lumotlar milliy bazasi, axborot tizimlari va ma’lumotlarni qayta ishlash idoralararo markazi tashkil qilinishi, idoraviy axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasi va davlat xizmatchilarining elektron hukumat tizimiga oid bilimlari va ko‘nikmalarini oshirish va rivojlantirish yuzasidan tayyorlash va qayta tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

tuit_11_11_2013_1

Shu maqsadda joriy yilning 1-oktabr kuni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida “Elektron hukumat” o‘quv markazi tashkil etildi. Bugungi kunga qadar 68 vazirlik va idoralardan 819 nafar xodimning mazkur yo‘nalish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga doir buyurtma qabul qilingan. O‘quv markaziga universitetning malakali pedagoglari, shuningdek, coha mutaxassislari, xorijlik ekspertlar, xususan, koreyalik mutaxassislar ishtirokida elektron hukumat tizimini joriy etish, bu jarayonda davlat organlari hamda mas’ul xodimlarning vazifalariga bag‘ishlangan maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi.

Seminar ishtirokchilari “Jamiyatni axborotlashtirish va elektron hukumat tizimini joriy qilishning ahamiyati”, “Elektron hukumat tizimini amalga oshirishda hukumat vazifalari”, “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish jarayonida davlat xizmatchilarining tutgan o‘rni”, “Davlat boshqaruvida axborot kommunikatsiya texnologiyalarning milliy modellari va jahon tajribasi” va “Elektron hukumat” loyihalarini boshqarish usullari” mavzularida ma’ruzalar tinglashadi.

tuit_11_11_2013_2

Aytib o‘tish lozimki, elektron hukumat tizimining joriy etilishi davlat hamda aholi va xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqaning mustahkamlanishiga, hukumat fuqarolarga taqdim etishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar hajmining sezilarli darajada oshishiga, turli ma’lumotlar bazasining ochiqligini ta’minlashiga, davlat organlarida izchil ravishda elektron hujjatlar aylanishi va boshqa innovatsiyalarni joriy etilishiga hamda tadbirkorlikning rivojiga xizmat qilmoqda. Davlat boshqaruvining elektron shaklini joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida Qo‘mita tomonidan “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining birinchi tahriri ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qaroriga muvofiq, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi qoshida “Elektron hukumat tizimini rivojlantirish Markazi” va “Axborot xavfsizligini ta’minlash Markazi” faoliyati tashkil etildi.

O‘quv-seminarida aholiga va tadbirkorlarga interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida ishga tushirilgan my.gov.uz — Interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali faoliyati, ko‘rsatilayotgan xizmatlar, Yagona portaldan foydalanish haqida ham batafsil ma’lumot beriladi. Portalga barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimlik organlari bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ham ulangan.

O‘quv-seminari yakunida ishtirokchilarga imtihonlar asosida sertifikatlar topshiriladi.

Orphus system