Erkin va ochiq kodli LMS tizimlar tahlili
07.11.2013
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Vohid Hamidоv.

erk_7_11_2013

Moodle — Web muhitida o‘qitish va online rejimdagi darslarni tashkil qiluvchi kuchli pedagogik dasturiy majmua hisoblanadi. Tizimda mavjud o‘qitish modullari: Forums, Materials, Messenger, Chat, Exercises, Group work, Student tracking va ancha ko‘p bo‘lgan boshqa modullari mavjud.

Boshqa LMS’lar singari IMS, SCORM va boshqa standartlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqa LMS tizimlarga qaraganda, eng ko‘p qo‘shimcha plagin va modullari mavjud bo‘lgan dasturiy majmua aynan, Moodle dasturiy majmuasi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda dunyoning ko‘p davlatlarining o‘quv muassasalarida masofaviy ta’lim jarayonini aynan Moodle dasturiy majmuasidan foydalangan holda tashkillashtirilmoqda.

erk_7_11_2013_1

1-Jadval. Moodle bo‘yicha statistika (2013-yil 13.08.gacha bo‘lgan ma’lumotlar)

Shuningdek, O‘zbekistondagi ko‘plab ta’lim muassaslarida virtual ta’lim muhiti sifatida aynan Moodle dasturiy majmuasi foydalanib kelinmoqda. Xususan, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining virtual ta’lim muhiti — etuit.uz, O‘zbekiston Milliy universitetining «Ochiq o‘quv-axborot markazida», Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi «Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi» — http://moodle.uzedu.uz, Toshkent Turin Politexnika universitetida — moodle. polito.uz va boshqa muassasalarda keng foydalanib kelinmoqda.

Ochiq kodli Moodle dasturiy majmuasi o‘quv jarayonini boshqaruvchi Web’ga yo‘naltirilgan maxsus tizim bo‘lib, internet tarmog‘ida foydalanishga mo‘ljallanilgan. Tizimni yaratishda ochiq kodli dasturiy ta’minotlardan foydalanilgan. Uni ishlatish uchun ma’lumotlar omborini boshqarish dasturi (MySQL yoki PostgreSQL), PHP protsessori, Web-xizmati dastur (Apache yoki IIS) lari sozlangan server zarur. Operatsion tizim sifatida ixtiyoriy keng tarqalgan tizimlardan biridan foydalanish mumkin (Windows, Linux, Mac OS X, Novwll Netware). O‘quv moduli yozilayotgan vaqtda tizimning barqaror versiyasi Moodle 2.5. Tizimning rasmiy internet manzili: http://www.moodle.org

erk_7_11_2013_2

Moodle dasturiy majmuasining umumiy ko‘rinishi

OLAT (Online Learning And Training) tizimni ishlab chiqarish 1999-yil Syurix universitetida yaratila boshlangan, 2004-yildan boshlab dastur kodi ochiq kodlikka o‘tdi. Hozirga kelib, tizimdan 50 000ga yaqin foydaluvchi va 50ga yaqin tashkilot foydalanib kelmoqda. Boshqa LMS’lar singari IMS (IMS Content Packaging, IMS QTI) va SCORM standartlarni qo‘llab-quvvatlaydi. OLAT dasturiy majmuasida mavjud o‘quv modullari quyida keltirilgan: Content managing, Forums, File discussions, Quizzes with different kinds of questions,Wikis, Blogs, Podcast, Surveys, Chat va boshqa modullari mavjud. Apache License 2.0 asosida foydalanish mumkin. OLAT’ni ishlatish uchun talab etiladigan dasturiy majmualar: Java SDK, Tomcat Servlet Engine, ma’lumotlar omboridan MySQL yoki PostgreSQL. OLAT dasturiy majmuasining ishlash imkoniyati bilan tizimga har xil foydalanuvchi (administrator, o‘qituvchi, o‘quvchi) rolida kirib, http://demo.olat.org/ havolaga murojaat etgan holda tanishib chiqish mumkin. O‘quv moduli yozilayotgan vaqtda tizimning barqaror versiyasi OLAT 7.7. Tizimning rasmiy internet manzili: http://www.olat.org

erk_7_11_2013_3

OLAT dasturiy majmuasining umumiy ko‘rinishi

eFront — dasturiy majmua Unix, Linux, FreeBSD, Windows, Mac OS X, Netware va boshqa PHP’ni qo‘llab-quvvatlovchi operatsion tizimlarda ishlaydi. Ma’lumotlar bazasi sifatida MySQL va PostgreSQL’dan foydalanish mumkin. Boshqa LMS’lar singari IMS va SCORM standartlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Tizim 30dan ortiq tilga tarjima qilingan shu qatorida o‘zbek tilidagi tarjimasi ham mavjud. Agar saytga kirilsa, eFrontning bir nechta versiyasidan foydalanish taklif etiladi, bular Editions, Enterprise, Educational va Open-sourcelar. (Bular bir-biridan nimasi bilan farq qilishini to‘liq bilish uchun quyidagi havolaga murojaat etish mumkin http://www.efrontlearning.net/functionality-matrix) Bulardan faqat oxirgisidan (Open-source) foydalanish bepul hisoblanib qolganlaridan foydalanmoqchi bo‘lsangiz ma’lum qo‘shimcha pul evaziga sotib olishingiz mumkin bo‘ladi. Lekin eFront dasturiy majmuasining Open-source versiyasi masofaviy ta’lim jarayonini tashkillashtirishingiz uchun yetarli hisoblanadi. O‘quv moduli yozilayotgan vaqtdagi barqaror versiyasi eFront (Open-source) v3.6.13.2. eFront dasturiy majmuasi asosida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining fizika kafedrasi qoshidagi «Multimediali o‘qitish markazi» tomonidan http://my.estudy.uz masofaviy o‘quv kurslari fizika fani bo‘yicha yaratilgan va hozirgi vaqtgacha ishlab kelmoqda. Tizimning rasmiy internet manzili: http://www.efrontlearning.net

erk_7_11_2013_4

eFront dastriy majmuasi asosida yaratilgan my.estudy.uz LMS tizimining strukturasi

erk_7_11_2013_5

eFront dastriy majmuasining umumiy interfeysining ko‘rinishi (o‘quvchi rolida)

Chamilo — ochiq kodli masofaviy ta’lim jarayonini tashkillashtirish imkoniyatini beruvchi Webga yo‘naltirilgan dasturiy majmua hisoblanadi. Chamilo loyihasi 2010-yil 18-yanvardan boshlab rivojlanib kelmoqda. O‘quv moduli yozilayotgan vaqtda Chamilo dasturiy majmuasining barqaror versiyasi 1.9.6. Boshqa LMS’lar singari IMS (IMS Content Packaging, IMS QTI) va SCORM standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Tizim kross-platformali hisoblanib, barcha operatsion tizimlarda ishlaydi. GPLv3 litsenziyasi asosida ish yuritadi. Tizimning rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra hozirda 250 000dan ortiq talaba bu tizim orqali ta’lim olib kelishmoqda. https://campus.chamilo.org/index.php?language=russian havolasi orqali tizimning imkoniyatlarini real ravishda administrator, o‘qituvchi(tyutor) va o‘quvchi rollarida bo‘lib, tanishib chiqish mumkin. Masofaviy o‘quv jarayonini bu tizim orqali hech qanday qiyinchiliksiz tashkillashtirish mumkin. Tizimdan davlat tashkilotlari o‘zlarining ishchi xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazishda ham foydalanishlari mumkin. Tizimning rasmiy internet manzili: https://chamilo.org

erk_7_11_2013_6

Chamilo dasturiy majmuasi umumiy interfeysining ko‘rinishi

erk_7_11_2013_7

ILIAS. Bu tizim ham erkin va ochiq kodli masofaviy ta’lim jarayonini boshqaruvchi LMS tizimi hisoblanadi. Dasturiy majmua 1998-yildan va hozirgi vaqtgacha rivojlanib kelmoqda. Boshqa tizimlarda mavjud bo‘lgan o‘qitish modullari bu tizimda ham bor: Forums, Materials, Messenger, Chat, Exercises, Student tracking, Kalendar, Glossari, Viki va boshqa modullari mavjud. O‘quv modulini yozish vaqtida ILIAS dasturiy majmuaning barqaror versiyasi 4.3.4. Tizim Apache, PHP, MySQL, XML’larga asoslangan. SCORM standartiga to‘liq javob beradi. Tizimning boshqa tizimlarga nisbatan avfzal tomonlaridan biri elektron nazorat turlarining yaxshi yo‘lga qo‘yilganidadir. Quyida ko‘rsatilgan elektron nazorat turlari: single choice, multiple choice, matching, fill-in-the-blanks, hot spots, flash, java applet va boshqalarni o‘z ichiga oladi. O‘quvchilarning olgan natijalarini tahlil qilish va sertifikatlash imkoniyati ham mavjud. Tizimning rasmiy internet manzili: http://www.ilias.de

Open Elms — erkin va ochiq kodli navbatdagi masofaviy ta’lim jarayonini tashkillashtirish imkoniyatini beradigan tizim bo‘lib, GNU GPL litsenziyasi asosida foydalanuvchilarga foydalanishlari uchun tarqatiladi. Tizimning o‘zi erkin va ochiq kodli bo‘lganligi bois ham, dasturiy majmuani yaratishda ochiq kodli dasturiy ta’minotlardan foydalanilgan. Uni ishlatish uchun ma’lumotlar omborini boshqarish dasturi ( MySQL yoki PostgreSQL), PHP protsessori, Web xizmati dastur (Apache yoki IIS) lari sozlangan server zarur. Operatsion tizim sifatida ixtiyoriy keng tarqalgan tizimlardan biridan foydalanish mumkin (Windows, Linux, Mac OS X, Novwll Netware). Tizimning rasmiy internet manzili: http://www.openelms.org

erk_7_11_2013_8

Open Elms dastriy majmuasining umumiy interfeysining ko‘rinishi

Sakai — dunyoning ko‘pgina ta’lim muassasalarida keng foydalanib kelinayotgan navbatdagi ochiq kodli GNU GPL litsenziyasi asosida erkin tarqatiluvchi dasturiy majmua hisoblanadi. Boshqa LMS tizimlaridan farqi shundaki, tizim to‘liq Java tilida yozilgan. Shu sababli tizim kross-platformali hisoblanadi. Sakai dastur majmuasining o‘zi ma’lumotlar ombori mavjud bo‘lib, agar foydalanuvchilar soni kam bo‘lsa, tizimning ichki ma’lumotlar omboridan foydalanish mumkin. Agar foydalanuvchilar soni ko‘p bo‘lsa, u holda MySQL yoki Oracle ma’lumotlar omborida ishlashi mumkin. O‘quv moduli yozilayotgan vaqtda tizimning barqaror versiya Sakai 2.9.2. Sakai dastur majmuasida ta’lim jarayonini boshqarish imkoniyatini beruvchi quyidagi umumiy modullari mavjud:

• Announcements (E’lonlar) — tizim foydalanuvchilariga tegishli e’lonlarni yetkazish uchun xizmat qiladi;
• Drop Box (Fayllar almashinuvi) — talabalar/o‘qituvchilar va o‘qituvchilar/talabalar o‘rtasida (shaxsiy) hujjatlar almashinuvchini ta’minlashga xizmat qiladi;
• Email Archive (Elektron pochta arxivi) — bu modul orqali tizimdagi foydalanuvchilarning pochta xabarlari tizimning arxiv pochtasida saqlanadi;
• Resources (Resurslar) — tizim ichidagi foydalanuvchilar o‘zlarining o‘quv resurslarini saqlashlari va ularni jamoaga e’lon qilish imkoniyati;
• Chat Room — on-line ravishda tizim ichidagi foydalanuvchilar o‘rtasida aloqani o‘rnatish muhiti;
• Forums (Forum) — biror-bir mavzu bo‘yicha diskussiya mavzularni ochish mumkin. On-line muloqotdagi chatdan farqli ravishda bu modul orqali off-line ravishda muammoli vaziyatlarni tahlil qilish mumkin;
• Message Center (Xabarlar markazi) — tizim foydalanuvchilari o‘rtasida ichki xabarlar almashish moduli;
• News /RSS- RSS dinamik yangiliklarini o‘zingizning kompyuteringizga eksport qilish imkoniyati;
• Poll tool (So‘rovlar o‘tkazish) — tizim ichida har xil so‘rovlar o‘tkazish imkoniyati;
• Presentation (Prezentatsiya) — bir vaqtning ichida bir nechta foydalanuvchilar uchun fayllarni taqdimot qilish imkoniyatini beruvchi modul;
• Profile /Roster — tizimda mavjud foydalanuvchilarning shaxsiy profillari bilan ishlash moduli;
• Repository Search — tizim ichidagi ma’lumotlarni qidirish moduli.

O‘qituvchi uchun ishchi modullari (Teaching tools) quyidagilardan iborat: Assignments, Grade book, Module Editor, QTI Authoring, QTI Assessment, Section Management, Syllabus. Tizim muhitida o‘quvchi uchun ishchi modullari (Portfolio tools) quyidagilardan iborat: Forms, Evaluations, Glossary, Matrices, Layouts, Templates, Reports, Wizards, Search, Web Content, WebDAV, Wiki, Site Setup, MySakai, Widgets. Tizimning rasmiy internet manzili: http://www.sakaiproject.org

erk_7_11_2013_10

Sakai dastriy majmuasining umumiy interfeysining ko‘rinishi

OpenSourse ayrim LMS tahlili

erk_7_11_2013_9

Hozirda TATU (Toshkent axborot texnologiyalari universiteti)ning fizika kafedrasi tomonidan Estudy.uz (beta versiyasi) tizimi yaratilgan bo‘lib, bu platformada fizikani masofali o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Tizim yuqorida ko‘rsatilgan tizimlardan farq qiladi, aynan hozir bu tizimda testlash jarayoni olib borilmoqda.

O‘quv muassasasida masofaviy ta’lim jarayonini tashkillashtirishga qo‘yiladigan texnik va dasturiy talablar
Masofaviy ta’lim (MT) jarayonini tashkillashtirishning ilmiy-pedagogik talablari — ko‘p adabiyotlarda bayon qilingan. Tahlil qilingan adabiyotlarning ko‘rsatishicha, masofaviy ta’lim jarayonini tashkillashtirishning texnik va dasturiy talablari to‘liq bayon qilinmagan. MT jarayonini quyida ko‘rsatilgan bosqichlar asosida amalga oshirish mumkin:

1-bosqich: Tahlil
2-bosqich: Loyihalashtirish
3-bosqich: Joriy qilish
4-bosqich: O‘quv kontentlarini yaratish
5-bosqich: Ishga tushirish
6-bosqich: Rivojlantirish

1-bosqichda o‘quv muassasasining masofaviy ta’lim jarayoniga bo‘lgan ehtiyojlari, ta’lim jarayonida qatnashayotgan foydalanuvchilarning soni, o‘qitish usullari va shakllari, loyihani amalga oshirishda kerak bo‘ladigan texnik, dasturiy va inson resurslari, loyihaning iqtisodiy asoslari tahlil etiladi.

2-bosqichda tahlillar natijasida amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami va texnik topshiriq loyihalashtiriladi.

3-bosqichda esa tanlangan masofaviy ta’lim jarayonini boshqaruvchi dasturiy majmua tegishli serverda o‘rnatiladi, tizimga tegishli domen tanlanadi. Masofaviy ta’lim jarayonini boshqaruvchi dasturiy majmuasidan foydalanish va unga texnik qo‘llab-quvvatlovchi ishchi xodimlarni o‘rgatish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlar tashkillashtiriladi.

4-bosqichda masofaviy ta’lim jarayonining asosiy elementlaridan biri bo‘lmish o‘quv kontentlar o‘quv bo‘limi va soha mutaxasislari bilan hamkorlikda yaratiladi. Yaratilgan o‘quv kontentlar eskpertlar tomonidan tekshiriladi.

5-bosqichda masofaviy ta’lim jarayoni ishga tushiriladi. Ta’lim jarayonida o‘quv jarayoni doimiy nazoratda bo‘lib turadi. Tizimdagi havfsizlik choralari monitoring qilib boriladi.

6-bosqichda yuqorida keltirilgan bosqichlarda mavjud bo‘lgan kamchiliklar to‘g‘rilanadi, yangi o‘quv kurslar yaratiladi, texnik imkoniyatlar kengaytiriladi, tizimning rivojlanishiga tegishli bo‘lgan ishlar ko‘lami bajariladi.

Аdabiyotlar
1. Электрон университет. Масофавий таълим технологиялари. Олий таълим муассасалари учун / А. Парпиев, А. Марахимов, Р. Hамдамов, У. Бегимкулов, М. Бекмурадов, Н. Тайлоков. УзМЭ давлат илмий нашриёти. — Т.: 2008, 196 б.
2. А. Х. Нишонов ва бошкалар. Таълима эркин ва очик кодли дастурий таъминотлар, Ахборот технологиялари ва телекоммуникация муаммолари, республика илмий-техник конференцияси, — Тошкент 2012 й.121–123 б.
3. А. А. Абдукодиров, А. Х. Пардаев. Масофали укитиш назарияси ва амалиёти. — Т.: Фан, 2009.
4. С. Яремчук. Система управления обучением Claroline. //Системный администратор, 7 июль 2008 г. — С 82–85.
5. Quyidagi manbalardan foydalanildi:

http://elearning.zn.uz
http://www.atutor.ca
http://www.olat.org
http://www.dokeos.com
http://www.efrontlearning.net
http://www.ilias.de
http://www.dlearn.org
http://lamsfoundation.org
http://www.sakaiproject.org
http://dc.uz
http://www.active.uz

Orphus system
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq