«YANGI INTELLEKT – 2013» tanlovi g‘oliblari

int_6_11_2013

Intellektual mulk agentligi respublikada ixtirochilik va ilmiy-texnikaviy ijodiyotni rag‘batlantirish, innovatsion faoliyatni rivojlantirish, yangi texnika, texnologiya va raqobatbardosh mahsulotlarni yaratishga ko‘maklashish, ilg‘or texnologiyalarni tadbiq etish, ixtirochilik faoliyatini faollashtirish, qo‘llab-quvvatlash, eng yaxshi intellektual mulk ob’ektlarini aniqlash va huquq egalarini mukofotlash maqsadida ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, dasturiy mahsulotlar yo‘nalishlari bo‘yicha “YANGI INTELLEKT — 2013” eng yaxshi intellektual mulk ob’ekti uchun yillik tanlovi o‘tkazilishini e’lon qilgan edi.

Tanlov joriy yilning 27 mayidan 25 oktyabriga qadar 3 bosqichda o‘tkazilib, unda ishtirok etish uchun 141 ta talabnoma qabul qilindi, ulardan: ixtirolarga — 38 ta, foydali modellarga — 27 ta, sanoat namunasiga — 39 ta talabnoma va EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazasiga — 37 ta talabnoma qabul qilindi. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilgi davr bilan qiyoslaganda 111 ta talabnoma yoki 4,7 barobar ko‘pdir. Shunindek, Agentlikning rasmiy veb-saytiga joriy yilning 7 oktyabridan 20 oktyabriga qadar tanlab olingan, ya‘ni ixtiro, foydali model, sanoat namunasi yo‘nalishlari bo‘yicha 10 tadan va dasturiy mahsulotlar yo‘nalishi bo‘yicha barcha kelib tushgan talabnomalar on-layn ovoz berish uchun qo‘yildi.

Komissiya qarori va on-layn ovoz berish yo‘li orqali to‘plangan ballar asosida quyidagilar g‘olib deb topildi:

2013 yilning “Eng yaxshi ixtirosi” nominatsiyasi g‘oliblari:
1-o‘rin. Sulfid-misli konsentratlarni qaytaruvchi pechda eritish usuli (“Fan va taraqqiyot” ilmiy texnologik majmua DUK, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” OAJ, “NTTS Kompozit” MCHJ, patent raqami IAP 04714);
2-o‘rin. Suyuqlik yoki gazlarning kontaktsiz ko‘chma issiqlik sarf o‘zgartgichi (Toshkent davlat texnika universiteti, patent raqami IAP 04719);
3-o‘rin. Binoning pol, devor va shiftlarini tutun bilan isitish usuli (jismoniy shaxslar Xodjaev Xalim Salimovich, Xodjaev Dilshod Xalimovich, Sherbaev Komiljon Adilovich, patent raqami IAP 04731).

2013 yilning “Eng yaxshi foydali modeli” nominatsiyasi g‘oliblari:
1-o‘rin. Diskli tribometr (Abu Rayhon Beruniy nomli Toshkent davlat texnika universiteti, patent raqami FAP 00782);
2-o‘rin. Elektroshlakni qayta eritish va qalaylash uskunasi (“Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati” OAJ, patent raqami FAP 00550);
3-o‘rin. Linter uchun aralashtirgich (“Paxtasanoat ilmiy markazi” OAJ, patent raqami FAP 00709);

2013 yilning “Eng yaxshi sanoat namunasi” nominatsiyasi g‘oliblari:
1-o‘rin. Stol yasatish uchun to‘plam (“Sovplastial” OAJ, patent raqami SAP 00955);
2-o‘rin. Avtomexaniklar uchun maxsus kiyim to‘plam (jismoniy shaxs Xakimova Dilorom Alisherovna, patent raqami SAP 01077);
3-o‘rin. Qumoq pechene (2 ta variant), (“ZAR QAND-SHIRINLIKLARI” MCHJ, patent raqami SAP 01050).

2013 yilning “Eng yaxshi dasturiy mahsulotlar” nominatsiyasi g‘oliblari:
1-o‘rin. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona Qo‘mitasining “Bojxona qonunchiligining buzilishlari” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (MCHJ “Tetrasoft”, guvohnoma raqami DGU 02104);
2-o‘rin. “Chiroyli nutq shaharchasi” logopedik dasturi (jismoniy shaxs Yuldashev Baxrom Ergashevich, guvohnoma raqami DGU 02012);
3-o‘rin. Tibbiyot xodimlarini testdan o‘tkazishning multimediyali dasturi (Vrach va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazi, guvohnoma raqami DGU 02484);

«YANGI INTELLEKT — 2013» yillik tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi 2013 yil 8 noyabr kuni o‘tkaziladi.

Tanlov g‘oliblariga mukofotlar O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk tomonidan birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun pul mukofotlari, diplomlar topshiriladi.

Manba

Orphus system