Axborot xavfsizligi masalalari muhokama qilindi

29 oktabr kuni Aloqa tarixi muzeyida “Aloqa va axborotlashtirish sohasida axborot xavfsizligi: muammo va yechimlar” mavzuida an’anaviy seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminarda vazirlik va idoralarning 200 dan ziyod vakillari, shuningdek, axborot xavfsizligi bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirok etdilar.

Seminarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad axborot xavfsizligi muammolari va o‘sish sur’atlarini, bu yo‘nalishda xavfsizlikni ta’minlashda muhim texnologiyalarni takomillashtirish, axborot xavfsizligi va axborot xurujlarining turli usullari to‘g‘risida ma’lumot berish, vazirlik va idoralarda axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muayyan vazifalarni aniqlash hamda o‘zaro tajriba almashishdan iborat.

Seminar Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, UNICON.UZ markazi hamda O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnika jamiyati hamkorligida tashkil etildi.

Seminar ochilishida qatnashchilarga axborot xuruji va xavfsizligining zamonaviy tushunchalari, xurujlarga qarshi zamonaviy choralar ko‘rish uslublari, mobil vositalarning xavfsizligini ta’minlash yo‘llari xususida ma’lumot berildi.

Sohaning yetakchi hisoblangan Symantec, Qualys hamda Softprom Distribution kompaniyalari mutaxassislari “Axborot xavfsizligining yetti qoidasi”, “Muhim nuqtalarni zamonaviy xurujlardan himoyalash”, “WebsenseLabs fikriga ko‘ra 2013 yil axborot xurujlari” kabi ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Shuningdek, seminarda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi qoshida tashkil etilayotgan Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

Seminar so‘ngida ishtirokchilar o‘zaro fikr-mulohaza almashib, ma’ruzalar bo‘yicha bahs-munozaraga kirishdilar.

Manba

Orphus system