Mоbil telefoni doim qo‘llarda. Qisqacha mobil telefon aloqasi tarixidan
29.10.2013
Rukn: Mobil aloqa.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov, Marufa Azizova.

mob_29_10_2013

Mоbil telefon aloqasining hayotimizga qanday kirib kelganligi ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak. Mobil telefonlari va ovozli axborotni uzatish tarmog‘ining paydo bo‘lishi insoniyat hayot faoliyatiga katta imkoniyatlarni taqdim etdi. Hozirgi davrda mobil telefon apparati deyarli barchada mavjud. Uni ko‘pchilik doim o‘zi bilan olib yurganligi uchun ham qo‘l telefoni deb ham ataydilar.

Ma’lumki, mobil telefonlari oddiy qurilma bo‘lmay, masalan, ancha ishlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish: yaqinlar bilan doim muloqot qilish, elektron pochtaga yangi xabar kelganidan voqif bo‘lish kabi juda ko‘p vazifalarni amalga oshirishda hamkor-yordamchi ekanligini yaxshi bilamiz, ammo har doim ham shunday bo‘lmagan.

mob_29_10_2013_1

Mobil telefon aloqasining hayotimizda qanday o‘rin tutishini baholash juda qiyin. Bugungi kundagi mobil telefon aloqasi birdan paydo bo‘lib qolmagan. Hozirgi davrdagi darajaga yetib kelguniga qadar uzoq yillar rivoj topgan. Uning ham o‘z tarixi mavjud. Mobil telefon aloqasi tarixining poydevori ham aynan 1895-yil 7-may kuni paydo bo‘lgan. Shu kuni Aleksandr Stepanovich Popov (Rossiya) jahonda eng birinchi radiodan axborot uzatishni amalga oshirgan. Bir yil o‘tgach esa kelib chiqishi yugoslaviyalik bo‘lgan amerikalik olim Tesla radiosignallarni 32 km. ga uzatgan.

mob_29_10_2013_2

Bu sohadagi keyingi va eng asosiy qadamni esa 1921-yilda Detroytda avtomobil tizimidagi radioaloqadan 2 Mgts chastotadagi axborot uzatilishi bilan amalga oshirilgan. Afsuski, u faqat bir tomonlama ishlardi. 1930-yillardagina amplitudali modulyatsiya tamoyili ishlab chiqilib, ikki tomonlama mobil aloqa tizimi o‘rnatildi. 1935-yilda esa chastotali modulyatsiya tamoyili kashf etilishi bilan axborot almashishda nutq sifati yaxshilandi. Shu jihati evaziga yanada ixcham va kam elektr quvvatini talab etuvchi uskuna — mobil telefoni yaratildi.

1947-yilda Bell Laboratories xodimi mobil aloqa konsepsiyasini ishlab chiqqanligi haqida ma’lum qildi. Bir yildan so‘ng mazkur laboratoriya xodimlari tranzistor ixtiro etib, elektron uskunadan ko‘pgina maqsadlarni amalga oshirish, ya’ni ham radioaloqa vositasi sifatida foydalanish, ham uni aloqa vositasi sifatida ixchamlashtirishga erishdilar.

mob_29_10_2013_3

Rossiyada ham birinchi maxsus mobil obyektlarga ega mobil radioaloqaning to‘liq avtomatik dupleks tizimi o‘tgan asrning 50-yillarida yaratildi. Mazkur tizimning nomi «Altay» bo‘lib, u uzoq yillar umumiy foydalanishdagi telefon tarmog‘iga chiquvchi mobil aloqa tizimi sifatida, ayniqsa, harbiy sohada foydalanilgan.

Мobil aloqa tizimidagi taraqqiyot 1969-yilda skandinaviyalik olimlar tomonidan amalga oshirildi, telekommunika-tsiya va shu faoliyat uchun tavsiyalar ishlab chiquvchi hamkorlikda harakat sohasini o‘rganish uchun maxsus guruh shakllantirish haqida kelishuv imzolandi. Shu tariqa, mobil aloqasini standartlash sohasida dastlabki xalqaro guruh ish boshladi. Guruh «NMT» deb nomlandi.

Guruh mutaxassislari juda samarali ish olib bordilar va 1973-yildayoq mobil aloqasini bir tarmoq doirasida, shuningdek, tarmoqlararo aloqani amalga oshirishga imkon beruvchi xususiyatlarini aniqladilar. Aynan ana shu xususiyatlar roumingga asos bo‘ldi.

Mobil telefon aloqasi tarixida «Motorola» kompaniyasi yangi imkoniyatlarni ochib bergan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘tgan asrning 70-yillarida «Motorola» kompaniyasi bilan bir paytning o‘zida «AT&T» kompaniyasi mobil aloqani amalga oshirishda xususiy kompaniyalarga bo‘sh chastotalar kerak bo‘lishi to‘g‘risidagi g‘oyani ilgari surganlar.

1973-yil 3-aprel kuni «Motorola» kompaniyasi shunday tarmoqlarni yaratish imkoniyatlari mavjudligini namoyish etgan. Bu kunga qadar Nyu-Yorkdagi 50 qavatlik Alians kapital bilding binosining tomiga tayanch stansiya o‘rnatilgan. Sinov esa muvaffaqiyatli o‘tgan. Mazkur sinov amalga oshirilgan telefonning nomi «Dyna-TAS» bo‘lib, uning oldi panelida 12ta klavish joylashgandi.

Klavishlarning 10tasi raqamlar, ikkitasi esa chaqiruv va chaqiruvni bekor qilish tugmasi bo‘lgan. Unda boshqa hech qanday qo‘shimcha imkoniyatlarsiz hattoki, displeyi ham bo‘lmagan. Akkumulyator Dyna-TAS orqali bor-yo‘g‘i 35 daqiqa suhbatlashish imkonini bergan, buning uchun esa mobil telefoni 10 soatdan ko‘proq quvvat oldirilgan. Telefonning og‘irligi — 1,15 kg bo‘lib, o‘lchami esa — 22,5 x 12,5 x 3,75 sm tashkil etgan edi.

1973-yil 3-aprel sanasi tarixda amerikalik muhandis Martin Kuper «Motorola» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan birinchi mobil so‘zlashuvni amalga oshirganligi bilan mobil aloqasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan.

1978-yil iyul oyida Advanced Mobile Phone Service (Mobil telefon xizmatining takomillashuvi) yoki AMPS standarti o‘z faoliyatini boshladi. 1979-yilda esa Tokioda 88ta bazaviy stansiyalardan iborat birinchi mobil aloqa tarmog‘i foydalanishga topshirildi. Mobil aloqasi rivojlanishi xronologiyasida 1981-yil Daniya, Shvetsiya, Finlyandiya hamda Norvegiyada 450 MGts diapazonda Nordic Mobile Telephone System (Shimoliy mobil telefon tarmog‘i) yoki NMT-450 standarti tashkil etilganligi bilan muhrlangan.

O‘n yil o‘tgach esa, 1991-yilda birinchi raqamli aloqa standarti GSM taqdim etildi. Shu tariqa, yetti yil o‘tgach, butun jahon bo‘yicha mobil telefoni abonentlari soni 200 milliondan oshdi. Keyingi yil esa GPRS paketli ma’lumotlar uzatish standarti ishga tushdi. 2000-yilda, Monakoda va Shvetsiyada dastlabki testdan o‘tkazish uchun 3G tarmog‘i qurildi. Yillar o‘tgan sayin mobil telefon aloqasi sohasi taraqqiy etib, ko‘plab funksiyalarni amalga oshira oladigan, yanada takomillashgan uskunalar yaratildi. Mazkur aloqa xizmatlaridan foydalanuvchi abonentlar soni ham jadal o‘sib bordi.

mob_29_10_2013_4

Mobil telefon aloqasi mamlakatimizda qanday rivojlandi? Mazkur savolga javob olish va O‘zbekistonda mobil aloqasi haqida bilim doiramizni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston «Aloqa tarixi muzeyi»ga tashrif buyurdik, muzey binosining ikkinchi qavatida bu sohaga oid tarixiy ma’lumotlarni olib, eksponatlarni tamosha qildik.

O‘zbekistonda birinchi mobil aloqasi xizmatlari 1990-yillarda boshlangan. Respublika miqyosida mobil xizmatlarini ko‘rsatishda NMT-450, AMPS, DAMPS standartlaridan foydalanilgan. Mazkur ekspozitsiyadan:

• NMT-450 standartida ishlagan NOKIA MOBIRA Talkman;
• AMPS standartidagi MOTOROLA DPC-550;
• DAMPS standartidagi NOKIA 1260;
• GSM standartidagi NOKIA 7650;
• GSM/UMTS standartidagi APPLE iPhone rusumidagi mobil telefon apparatlari joy olgan.

O‘zbekiston Respublikasida birinchi mobil aloqasidan so‘zlashuv 1992-yil 26-avgustda amalga oshirilgan mobil telefonining asl nusxasi muzeydan o‘zining munosib o‘rnini egallagan. Shuningdek, muzeydan O‘zbekistonda mobil aloqasining paydo bo‘lishi, rivojlanishi va taraqqiyoti, uning viloyatlar markazlaridagi filiallari, ko‘rsatilayotgan aloqa xizmatlarini respublika miqyosida qamrab olish doirasi haqida ma’lumotlar hamda antenna-machta qurilmalari maketi namoyishga qo‘yilgan. Mazkur bo‘limda yurtimiz hududida faoliyat yuritgan va hozirda abonentlarga xizmat ko‘rsatayotgan mobil aloqasi operatorlari haqida ma’lumotlar ham mavjud.

Ma’lumki, bu yil dunyoda mobil telefondan birinchi so‘zlashuvning amalga oshirilganiga 40 yil bo‘ldi, mana shu qisqa davr ichida mobil aloqasi rivojlanish bosqichida bir qancha yutuqlarga erishib, insonning kundalik ehti-yojlarini amalga oshiruvchi aloqa vositasiga ham aylanib ulgurdi.

Maqola Aloqa tarixi muzeyi va infoCOM.UZ jurnalining hamkorlikdagi loyihasi asosida tayyorlandi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq