STIRingizni smartfonlar orqali aniqlashingiz mumkin

sms_18_10_2013

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bugungi kunda jadallik bilan rivojlanib, har jihatdan turmush tarzimizga kirib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 21-martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1730-sonli Qaroriga muvofiq, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari axborot tizimlarini loyihalashtirishda, zimmalariga yuklatilgan funksiya va vazifalar doirasida tadbirkorlik subyektlari hamda aholiga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun majburiy tartibda shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutishi belgilangan.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bugungi kunda 29 xil turdagi interaktiv xizmatlar yuridik va jismoniy shaxslar uchun davlat soliq qo‘mitasining rasmiy «www.soliq.uz» sayti orqali ko‘rsatib kelinmoqda. Shunday xizmatlardan biri «STIRingizni aniqlang» interaktiv xizmati bo‘lib, ushbu xizmat yordamida jismoniy shaxs soliq idorasiga kelmasdan, internet tarmog‘i orqali, o‘ziga tegishli bo‘lgan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini aniqlashi va STIR berilganligi to‘g‘risidagi 06-shakl ma’lumotnomasini chop etib olishi mumkin. Shuningdek, ushbu ma’lumotnomaning haqqoniyligini davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti orqali tekshirish imkoniyati ham yaratilgan.

STIRni aniqlash uchun familiya, ism, tug‘ilgan sana, pasport seriyasi va raqami ma’lumotlarini ko‘rsatish kifoya. Interaktiv xizmat davlat soliq qo‘mitasining soliq to‘lovchi jismoniy shaxslar yagona reyestridan so‘rov shartlarga to‘liq mos keladigan qaydni tezlik bilan topib, natijani foydalanuvchiga ko‘rsatadi. Ushbu interaktiv xizmatdan, shuningdek, Android operatsion tizimidagi zamonaviy smartfonlar uchun yangi ishlab chiqilgan mobil dastur yordamida ham qulay va oson foydalanish mumkin.

Smartfonlar uchun maxsus ishlab chiqilgan dastur davlat soliq qo‘mitasining rasmiy saytiga va Google Market tizimiga joylashtirilgan. Interaktiv xizmatdan foydalanish bepul hamda undan foydalanish uchun elektron raqamli imzo talab etilmaydi. 2013-yilning 9 oyi davomida «STIRingizni aniqlang» interaktiv xizmatga jami 12 mingdan ortiq murojaatlar bo‘lgan.

Manba

Orphus system