Erkin va ochiq kodli lms tizimlar tahlili
14.10.2013
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Vohid Hamidov.

erkin_14_10_2013

Ma’lumki, har bir universitet yoki ta’lim muassasasi o‘z ta’lim jarayonini boshqarish uchun zamonaviy texnologiyalardan kelib chiqqan holda, o‘zining virtual axborot ta’lim muhitini yaratishga harakat qiladi. Hozirgi vaqtga kelib, virtual axborot ta’lim muhitini yaratishning hojati qolmagan, chunki Web muhitiga moslashgan har xil turdagi dasturiy majmualar jonkuyar dasturchi va ta’lim sohasida ishlab kelayotgan xodimlarning hamkorlikda ishlashlari, shuningdek, ta’limga yo‘naltirilgan fondlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida, erkin va ochiq kodli dasturiy ta’minotlar yaratilgan.

Bu o‘quv modulimizda masofaviy ta’lim jarayonini tashkillashtirish imkoniyatini beruvchi erkin va ochiq kodli dasturlar majmuasining tahlili keltiriladi. O‘quv modulida keltirilgan dasturiy majmualar tahlili ko‘p yillar davomida olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar natijasidir.

Asosiy ta’riflar
Masofaviy o‘qitish — eng yaxshi an’anaviy va innovasion metodlar, o‘qitish vositalari va formalarini o‘z ichiga olgan sirtqi va kunduzgi ta’lim singari axborot va telekommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan ta’lim shaklidir.

Masofaviy o‘qish — bu yangi axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya texnologiyalari va texnik vositalariga asoslangan ta’lim tizimidir. U ta’lim oluvchiga ma’lum standartlar va ta’lim qonun-qoidalari asosida o‘quv shart-sharoitlari va o‘qituvchi bilan muloqotni ta’minlab berib, o‘quvchidan ko‘proq mustaqil ravishda shug‘ullanishni talab qiluvchi tizimdir. Bunda o‘qish jarayoni ta’lim oluvchini qaysi vaqtda va qaysi joyda bo‘lishiga bog‘liq emas.

Masofaviy ta’lim — masofadan turib o‘quv axborotlarini almashuvchi vositalarga asoslangan, o‘qituvchi maxsus axborot muhit yordamida, aholining barcha qatlamlari va chet ellik ta’lim oluvchilarga ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi ta’lim majmuasidir.

Masofaviy o‘qitish tizimi — masofaviy o‘qitish shartlari asosida tashkil etiladigan o‘qitish tizimi. Barcha ta’lim tizimlari singari masofaviy o‘qitish tizimi o‘zining tarkibiy maqsadi, mazmuni, usullari, vositalari va tashkiliy shakllariga ega.

Ta’limda erkin va ochiq kodli dasturiy ta’minotlar tahlili
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim jarayonida (xususan, masofaviy ta’lim jarayonini) qo‘llash asosan ikki xil ko‘rinishda amalga oshiriladi. Birinchi sharti bu texnik jihozlar bo‘lsa, ikkinchi sharti esa maxsus dasturiy ta’minotlar bilan ta’minlanganligidir.

Texnik jihozlar bilan ta’minlanganlik: kompyuterlar, tarmoq qurilmalari, yuqori tezlikdagi internet tarmoqlari, videokonferensiya jihozlari va hokazo.

Dasturiy ta’minotga: mavjud qurilmalarni ishlatadigan dasturiy ta’minotlardan tortib shu soha uchun mo‘ljallangan dasturlar to‘plami kiradi.

So‘nggi yillarda G‘arbda ta’lim tizimini boshqarishda qo‘llanilib kelinayotgan Internet yoki Intranet tarmog‘i orqali elektron shakldagi ta’lim turi Elearning (elektron ta’lim) atamasi bilan kirib keldi. Elektron ta’lim — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosidagi ta’limning turli ko‘rinishlarini anglatuvchi keng tushunchadir. Elektron ta’limni tashkillashtirishning ko‘pgina manbalari orasidan quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: Mualliflik dasturiy mahsulotlari (Authoring tools); Virtual ta’lim jarayonini boshqaruvchi tizimlar LMS (Learning Management Systems); Ichki kontentni boshqaruvchi tizimlari CMS (Content Management Systems).

erkin_14_10_2013_1

Elektron ta’limni tashkillashtirishda ishlatiladigan dasturiy ta’minotlar strukturasi

erkin_14_10_2013_2

Hozirda mavjud LMS tizimlarning tarixi va ta’lim bozorida egallagan sarmog‘i

LMS tizimlarining asosiy funksiyalari
LMS/LCMS tizimlari elektron ta’limni (masofaviy ta’lim jarayonini) tashkil etishning asosiy funksiyalarini o‘z ichiga oladi. Bunday funksiyalarga o‘quvchilarning (o‘qituvchilarning, kurs yaratuvchi pedagoglarni va boshqalarni) ro‘yxatga olishi, foydalanuvchilarni o‘quv kurslardan chetlashtirish, o‘quvchilarning mustaqil ta’lim olish muhitini yaratish, o‘quvchi va o‘qituvchilarning o‘zaro individual yoki/va guruh bo‘lib, hamkorlikda ishlashini (Web2 elementlarini ishlatish orqali) tashkil etish, guruhlar yaratish va ularni boshqarish, oraliq, joriy va yakuniy nazoratlarni tashkillashtirish va elektron nazorat turlarini yaratish (elektron nazorat turlariga yopiq turdagi test, ochiq turdagi nazorat, moslikni topishga oid, ketma-ketlikni to‘g‘ri joylashtirish, bo‘sh qoldirilgan joyni to‘ldirish va boshqa turlari kiradi), har xil turdagi ijtimoiy so‘rovlar tashkillashtirish, o‘quvchilarning bilim darajasini monitoring qilish, sertifikatlar (diplomlar) berish imkoniyati, elektron axborot resurslarini (elektron kutubxonalar) tashkillashtirish, elektron o‘quv resurslarini eksport/import qilish imkoniyatlari, tizim foydalanuvchilarining (o‘quvchilar, o‘qituvchilar (tyutorlar), kurs yaratuvchi pedagoglarning) tizimga qachon, qancha vaqt davomida o‘quv kontentlar bilan tanishganligi, qaysi IP-manzil orqali kirganligini (bu esa qaysi davlatdan tizimga kirganligini aniqlashga yordam beradi), brauzer va qaysi operatsion tizim orqali kirganligi, tizimda mavjud foydalanuvchilarning faolligini maxsus grafiklar orqali monitoring qilish imkoniyati, o‘qituvchi (tyutor yoki elektron kurs yaratuvchi pedagoglar) tomonidan elektron o‘quv-resurslarni yaratishi, Authoring toolslarda SCORM, TinCan yoki boshqa standartlar asosida yaratilgan elektron o‘quv resurslarini yuklashi, o‘quvchilarning boshqa o‘quvchilar/o‘qituvchilar bilan (Chat, Forum, videokonferensiya, umumiy elektron doskalar yoki tizimning ichki/tashqi xabarlar almashish moduli orqali) muloqotini tashkillashtirish, o‘quv jarayonida bo‘ladigan yangiliklarni barcha foydalanuvchilarga ommaviy xabar yuborib turuvchi modullarning mavjudligi, iqtisodiy va marketingga oid operatsiyalarni boshqarish va boshqa imkoniyatlarni sanab o‘tish mumkin.

LMS tizimlarining tahlili
Quyida masofaviy ta’lim jarayonini tashkillashtirish imkoniyatini beruvchi erkin va ochiq kodli LMS dasturiy majmualarning nomlari va ularning asosiy imkoniyatlari bo‘yicha ma’lumotlarni bayon qilamiz. Atutor — Ochiq kodli ta’lim jarayonini boshqaruvchi LMS tizimi hisoblanadi. Tizimda mavjud o‘qitish modullari: Forums, Materials, Messenger, Chat, Exercises, Group work, Student tracking va boshqa modullari mavjud. Tizim bir necha standartlarni qo‘llab-quvvatlaganligi sababli, internet orqali jismoniy nuqsonga ega bo‘lgan o‘quvchi-talabalar tizim orqali o‘quv resurslardan foydalanishlari mumkin. Xususan, ko‘zi ojiz talabalar maxsus veb-ilovalar orqali tizimga bog‘langan holda o‘quv kontentdagi so‘zlarni audio formatga o‘tkazgan holda tinglashi mumkin.

O‘quv modulini yozish vaqtida Atutor dasturiy majmuasining barqaror versiyasi 2.1.1.

Tizimning shaxsiy saytida 20dan ortiq har xil modullar mavjud.

Tizim qo‘llab-quvvatlaydigan standartlar soni ancha bo‘lib, boshqa LMS tizimlardan farqi ham aynan shu xususiyatidadir.

ATutor quyida ko‘rsatilgan standartlarni qo‘llab-quvvatlaydi:
• W3C WCAG 1.0;
• W3C WCAG 2.0;
• W3C ATAG 2.0;
• US Section 508;
• Italy Stanca Act;
• IMS AccessForAll 2.0;
• ISO/IEC 24751.

ATutor quyida ko‘rsatilgan standartlardagi o‘quv resurslarni qo‘llab-quvvatlaydi:
• OpenSocial 1.0;
• OAuth Authentication Protocol;
• IMS Content Packaging 1.1.2+;
• SCORM Content Packaging;
• SCORM 1.2 LMS RTE3;
• IMS Question Test Interoperability (QTI) 1.2/2.1;
• IMS BasicLTI 1.0
(reg. IMSA1B1as2012W1);
• IMS Common Cartridge 1.0
(reg. IMSA1B1as2012W1);
• W3C XHTML 1.0.

Tizimning rasmiy internet manzili: http://atutor.ca/atutor.

erkin_14_10_2013_3

Atutor tizimining umumiy interfeysi

Claroline — Erkin va ochiq kodli masofaviy o‘quv kurslarni tashkillashtirish imkoniyatini beruvchi Webga yo‘naltirilgan dasturiy majmua hisoblanadi. Tizim Luvenada (Belgiya) universitetining pedagogika va multimedia institutida yaratilgan. Dasturiy majmuadan foydalanish GNU (General Public License) asosida amalga oshiriladi, ya’ni bepul foydalanish mumkin. Tizim ishlashi uchun serverda PHP/MySQL/Apachelarning o‘rnatilishi talab qilinadi. Tizim Windows 98 va NT, Mandrake Linux 8.1 muhitiga o‘rnatilgan EasyPHP tizimda testdan o‘tkazilgan. Claroline dasturiy majmuasidan 80dan ortiq davlatlarda foydalanishadi va 30dan ortiq tillarga (dastur interfeysi) tarjima qilingan. Tizim 2000dan ortiq talabalarni bir vaqtning o‘zida qabul qilishi mumkin. Claroline dasturiy majmuasi masofaviy ta’lim jarayonini tashkillashtirish uchun talab qilinadigan barcha talablarga javob beradi, xususan, foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish, tizimda foydalanuvchilarning (fan o‘qituvchisi, o‘quvchi va mehmon) rollarini administrator tomonidan belgilashi, o‘quv kurslarni yaratish, ularning tarkibini tahrirlash, talabalar bilimini nazorat qilish, monitoring olib borish, nazorat natijalarini tahlil qilish, tizim ichida foydalanuvchilar o‘rtasida kommunikatsiya elementlaridan (chat, forum, qisqa xabarlar jo‘natish modullaridan) foydalanish va boshqarish imkoniyatini beradi. Tizimda boshqa LMS’lar singari quyidagi ko‘rsatilgan o‘qitish modullari: Forums, Materials, Messenger, Chat, Exercises, Group work, Student tracking, Kalendar, Viki va boshqa modullari mavjud. Boshqa LMS’lar singari IMS va SCORM standartlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Claroline dasturiy majmuasining imkoniyatlaridan demonstratsiya rejimida foydalanib ko‘rish mumkin, buning uchun http://demo.claroline.net havolasiga murojaat qilib, tizimga har xil rollarda (administrator, fan o‘qituvchisi, o‘quvchi) kirib tizimning imkoniyatlari bilan tanishib chiqishi mumkin. O‘quv modulini yozish vaqtida tizimning barqaror versiyasi Claroline 1.11.8.

Tizimning rasmiy internet manzili: http://www.claroline.net.

erkin_14_10_2013_4

Claroline tizimining umumiy interfeysi

Dokeos — Clarolinening 1.4.2 versiyasidan ajralib chiqqan yangi dasturiy majmua hisoblanadi.

Dokeos Claroline platformasini ishlab chiqqan dastlabki ishchi guruh bir necha a’zolarining ish mahsuli bo‘lib, ular ta’lim muassasalari uchun yaratilgan Clarolinedan farqli ravishda, davlat korxonalarining ishchi xodimlariga moslashtirishni maqsad qilishdi va amalga oshirishdi.

Dokeos dasturiy majmuasining rasmiy web-saytiga tashrif buyursangiz, u yerda dasturning 2ta versiyasini ko‘chirib olish: Dokeos FREE — bepul va Dokeos PRO — bepul bo‘lmagan, qo‘shimcha modullari mavjud bo‘lgan dastur paketi taklif etiladi. Lekin Dokeos FREE versiyasida bizning fikrimizga ko‘ra, ta’lim jarayonini tashkillashtirish uchun kerak bo‘ladigan barcha o‘quv modullari mavjud. Tizimning imkoniyatlarini va unda mavjud o‘quv elementlarni quyida ko‘rsatilgan aql xaritasi orqali ko‘rish mumkin. Rasmdan ko‘rinib turganidek, tizimda mavjud o‘qitish modullaridan ta’lim muassasalarida ham foydalanish mumkin. Hozirgi vaqtda LMS’larining ko‘pchiligi ijtimoiy tarmoqlardagi mavjud g‘oya asosida o‘zlarining ishchi muhitlarini shunday tarmoqlarga moslashtirmoqda. Shunga ko‘ra, bu tizimda ham ijtimoiy tarmoq elementlari keng kiritilgan. Yuqorida keltirilgan LMS tizimlari singari Dokeos dasturiy majmuasi ham SCORM standartini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa ushbu standartni qo‘llab-quvvatlaydigan boshqa LMS tizimlariga o‘quv kurslarini eksport/import qilish imkoniyatini beradi. Dokeos dasturiy majmuasi o‘quv modulini yozish vaqtidagi oxirgi barqaror versiyasi Dokeos 2.2 RC2.

Tizimning rasmiy internet manzili: http://www.dokeos.com.

erkin_14_10_2013_5

Dokeos dasturiy majmuasida mavjud elementlarning umumiy ko‘rinishi

erkin_14_10_2013_6

Dokeos o‘quvchi rolida tizimining umumiy interfeysi

erkin_14_10_2013_7

Dokeos administrator rolida tizimining umumiy interfeysi

erkin_14_10_2013_8

LAMS dasturiy majmuasining umumiy ko‘rinishi

LAMS IMS Learning Design standarti asosida 2003-yilda yaratilgan. JAVA dasturlash tilida yozilgan. Kross-platformali, 32ta tilga dastur interfeysi tarjima qilingan va GPLv2 asosida bepul foydalanish mum-kin. LAMS dasturiy majmuasining boshqa LMS’lardan farqi shundaki, o‘qituvchilarga o‘quv jarayonini strukturalashda vizual vositalardan foydalanish imkoniyatini beradi, bu vositalar o‘quv jarayonida o‘quv resurs-larini (elektron o‘quv resurslarni, chat, so‘rovnomalar, topshiriqlar) va nazorat turlarini qanday ketma-ketlikda bo‘lishning vizual ko‘rinishini ta’minlaydi. Bunda o‘qituvchi «sinchqoncha» orqali bu ketma-ketliklarni hech qanday qiyinchiliksiz joylarini o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi. LAMS — elektron o‘quv resursini vizual ravishda o‘quv kontentlarni o‘zgartirish, boshqarish va yaratishdagi imkoniyatlarining mavjudligi sababli yangi revolyusion ilova hisoblanadi. U o‘qituvchiga o‘quv kontentini yaratishda intuitiv tushunarli interfeys taqdim qiladi. Bu interfeys o‘z ichiga har xil individual vazifalar, guruhli o‘qitishda frontal vazifalarni berishini o‘z ichiga oladi. O‘quv modulini yozish vaqtidagi tizimning barqaror versiyasi 2.4.

Tizimning rasmiy internet manzili: http://lamsfoundation.org.

Orphus system
O‘zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo‘ling
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq