Yuksaklikka intilish timsoli Тоshkent teleminorasining dastlabki va bugungi qiyofasi

Qаdimiy tarixga ega bo‘lgan ko‘xna va zamonaviy muazzam binolari bilan navqiron shahrimiz – Toshkentda nafaqat ko‘rkamligi, balki muhim ahamiyatga molikligi bilan e’tiborga sazovor bo‘lgan inshootlar ko‘p. Shunday inshootlardan hisoblangan Toshkent teleminorasi ham o‘z qiziqarli tarixiga ega. Ma’lumki, mazkur minora amalga oshiradigan o‘ta mas’uliyatli vazifalari bilan O‘zbekiston aloqa tarixida muhim o‘rin tutadi. Bu haqdagi ma’lumotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida “Alova tarixi muzeyi”ga tashrif buyurdik. Muzeyning ikkinchi qavatida eksponatlar orasida mavzuga oid materiallar juda ko‘p, hatto teleminora maketi ham joylashtirilgan. Navbatdagi sahifamizda mazkur tarixiy ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Poytaxtimiz Toshkent shahrida ikkita teleminora mavjudligi barchaga ma’lum. Ulardan biri, ya’ni dastlabki televizion markazi bo‘lgan teleminoraning qurilishi 1956-yil 6-noyabrdan amalga oshirila boshlangan. Natijada balandligi 180 metr bo‘lgan televizion minora bunyod etilgan va o‘z atrofida, 60–70 km masofadagi hududda ishonchli qabul qilinuvchi radiusda, 5 kVt quvvatga ega TTR-5/2,5 teleko‘rsatuvlar uzatkichi hamda TTR-5/2, shuningdek, 4 kVt quvvatga ega UKV ChM bir dasturli radioeshittirish uzatkichi ham o‘rnatilgan.

yuk_10_10_2013

O‘sha davrda N-180 metrli teleminora markazidan uzatiladigan studiyalar majmuasi O‘zbekiston Radiotranslyatsiya tarmoqlari direktsiyasi (O‘zRTTD) balansida bo‘lib, uni dastlab B. I. Loginov boshqargan. O‘zRTTD qoshida televideniyeni rivojlantirish guruhi tashkil etilgan bo‘lib, unga D. P. Filonenko rahbarlik qilgan. Mazkur guruh tomonidan Toshkent televizion ko‘rsatuvlari efirini qabul qilish hududlarini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan.

Shu tariqa, Respublika bo‘yicha quyidagi yangi Radiotelevizion stansiyalarining o‘rni aniqlangan va qurila boshlangan: 1959-yilda Toshkentdan 210 km uzoqlikda Farg‘ona vodiysi uchun Andijan shahrida 180 metrlik minoraga ega «Andijan» RTS, 25 metrlik balandlikka ega «Qo‘ytosh» RTS, 1959-yilda Cho‘ponota punktida Qo‘ytosh–Samarqand «Strela-1M» apparaturasi o‘rnatilgan.

1960-yilda Buxoro va Navoiy viloyatini O‘zbekiston televideniyesi namoyishi bilan ta’minlovchi «Langar» RTS qurilgan. 1963–1965 yillarda 60–110 metrlik «Qo‘ytosh», «Langar», «Cho‘ponota», «Odamtosh», «Jarqo‘rg‘on» RTS, 1964-yilda N-130 metrlik Nukus RTS telemachtasi o‘rnatildi. 1965-yilda Toshkent televizion minorasi orqali uzatilgan 5 kVt quvvatga ega, uchta TV dasturlari namoyish etila boshlandi. 1970-yilga kelib esa Respublika TV dasturlari rangli namoyish etila boshlandi.

O‘tgan asr yetmishinchi yillarida jahonda fan va texnikaning jadal rivojlanib borishi bilan mazkur sohada ham katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Toshkent shahrida yanada olis masofalarga teleko‘rsatuvlarni uzata oladigan, yana-da baland va katta quvvatga ega teleminora qurilishiga ehtiyoj sizila boshladi. Shu tariqa, 1985-yil 15-yanvarda ishga tushurildi. Hozirgi davrda ham poytaxtimizning istalgan tomonidan qaralganda ko‘rinib turuvchi mazkur eng baland, diqqatga sazovor inshoot — Toshkent radiotelevizion uzatish markazi ish boshlaganiga o‘ttiz yilga yaqinlashmoqda.

yuk_10_10_2013_1

Тeleminora O‘zbekistonda me’moriy va shaharsozlik sohasining eng yosh va eng baland yodgorligi hisoblanadi. Toshkent shahrining salobatli, ko‘rkam inshooti — Toshkent teleminorasining qurilishi 1978-yilda arxitektorlar Yu. L. Semashko, N. G. Terziyev-Tsarukov va muhandislar E. P. Morozov, M. D. Musheyev loyihalari asosida boshlangan. Qurilish yetti yil mobaynida Leningrad Po‘lat-kontsruksiyalar boshqarmasi (Glavstalkontsruksiya) Balandlikda qurilish va MU-25 trestlari mutaxassislari hamda o‘ttizdan ortiq qurilish-montaj, ishga tushirish, sozlash tashkilotlari tomonidan olib borildi va 1985-yil yanvar oyiga kelib yakunlandi.

Toshkent teleminorasi N-375m» (rasmiy hujjatlarda u aynan mana shunday ataladi) obyekti ishga tushirilishi paytida Toshkent teleminorasi balandligi bo‘yicha jahondagi shunday inshootlar orasida to‘rtinchi o‘rinda bo‘lgan. Bugungi kunda esa teleminoramiz dunyo bo‘ylab, faxriy o‘rinlardan birini egallaydi va dunyoning mashhur minoralari Jahon federatsiyasi ro‘yxatiga kiradi. Balandligi 375 metr bo‘lgan inshootimiz Markaziy Osiyoda eng baland minoralardan biri hisoblanadi. Balandligidan tashqari, minorani ajoyib me’moriy, muhandislik va badiiy yechimlari bilan ajratib turadi.

Ma’lumki, minora yuqori seysmik faol hududda qurilgan. Ajoyib muhandislik yechimlari metallda to‘rsimon va qalin metall konstruksiyalardan murakkab me’moriy kompozitsiyasini bajarishga imkon bergan. Minora gorizontal sharnir bog‘lamlar: markaziy asos, to‘rsimon karkasi va uch oyoqlar birlashtirilgan — uch konstruktiv qismlardan tashkil topgan. Antenna va liftlar markaziy asosi 220 metr balandlikdagi to‘rsimon silindrik karkasning asosi hisoblanadi. O‘z navbatida, yuz metrli uch qiya oyoqlar asosi ichiga o‘rnatilgan, unda antennalar qismi, lift shaxtalari, texnologik, xizmat ko‘rsatish va xizmat ko‘rsatuvchilar xonalari bilan mahkamlangan va 32 metr aylanali tayanch plitasidan markaziy poydevorda turadi. Uchta qiya oyoqlari har biri 15 metr aylana bo‘lgan alohida turuvchi poydevorlarga mahkamlangan. Minoralar poydevorlari egiluvchan bog‘lamlar — texnik bino ustunlari va devorlari o‘rnatilgan temirbeton bog‘lamlar bilan birlashtirilgan.

To‘rsimon karkasi va uch oyoqlari o‘rtasida 94,5 metr balandlikda ikki tomonidan karkasi hamda aylana belbog‘i sharnirlar bilan mahkamlangan radial bog‘lamlar o‘rnatilgan. Mana shunday usulda bajarilgan ajoyib me’moriy — muhandislik yechimi shamol va seysmik ta’sir ko‘rsatilganda minoraning konstruktiv qismi birgalikda ish bajarishga qodir, minoraning o‘zi umumiy holatda buzilishlarsiz egiluvchanlik energiyasini to‘ldirish va yo‘qotish yuqori zahiralariga ega. Shu bilan birga, sharnirli bog‘lamlar gorizontal kuchlarni yanada mustahkam tashqi konstruktiv qismlariga uzatadi, ammo tekis va to‘rsimon qismlari quyosh nuridan turlicha qiziganida o‘zaro siljishlarga to‘sqinlik qilmaydi. Konstruktiv yechimning ushbu ustunligi qurilish hududi 9 ballik seysmik faollikka ega bo‘lganida, ayniqsa, muhim hisoblanadi.

O‘zbekistonda hech bir yodgorlik Toshkent teleminorasi kabi balandlikka ega emas va bunchalik «navqiron» hisoblanmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan teleminoraga O‘zbekiston davlati me’moriy va shaharsozligi yodgorligi mavqeini berishga qaror qilingan. O‘zbekistonda o‘nlab yillar kutib turmasdan shahrimiz timsoli bo‘lib qolgan Toshkent teleminorasini O‘zbekiston me’moriy va shaharsozligi yodgorligi deb tan olinishi barchani quvontiradi.

Ko‘pchilik teleminora faqatgina texnik vazifaga ega deb o‘ylaydi. Aslida, minora majmuasi ko‘p tomonlama ahamiyatga molik, loyihalashtirish va qurilish davridan minora majmuasining ikki tomonlama — texnik va manzarali — ko‘ngilochar ahamiyati ko‘zda tutilgan. Uchinchi vazifasi — meteorologlar ehtiyojlari uchun xonalar taqdim etilgan. Minorada meteorologik stansiya joylashtirilgan. Minoraning atrofida esa, turli balandliklarda harorat va shamol tezligini aniqlovchi asboblar o‘rnatilgan. Ular ham antennalarga o‘xshab ketadi va ma’lum texnik vazifalarni bajaradi.

Ziyoratga keluvchilarning tashriflari texnik binoning va lift atrofidagi xonalarning radiotelevizion uzatish markazi ishiga xalaqit qilmaydigan qilib, funksional ajratib joylashtirilishi minora majmuasi ikki tomonlama xizmat qilishiga imkon berdi. Minora liftidan chiqish atrof maydonning ichki devorlarini bezatish me’moriy naqshlar bilan va yarim qimmatbaho toshlardan foydalanib, turli rangli ohaktoshlar bilan bezatilgan. Devorlarni bezatish grafikasi kompozitsiyasi sharq motivlarini qo‘llab amalga oshirilgan. Uchta yuqori tezlikdagi liftlar Shveytsariyaning «Shindler» firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan, ikkita lift tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatadi, bittasi esa texnik xizmatlar uchun mo‘ljallangan. Shunday qilib, uning asosiy qiziqarli tomoni ma’lum vaqt davomida restoranga tashrif buyuruvchilar bilan birgalikda, minora atrofida aylanib chiqish istagida kelganlarga xizmat qiladi.

Teleminoramizda 100 kishiga mo‘ljallangan ikkita zalida («Zangori» va «Qizil») restoran mavjudligi ko‘pchilikka ma’lum. 100 metrdan ortiq balandlikdagi shinam «Koinot» restorani 45 daqiqa mobaynida minora atrofida aylanib, qush parvozi balandligidan Toshkentning ko‘rinishini tomosha qilib, huzurlanish imkonini beradi. Toshkent teleminorasini faxr bilan Toshkendagi «Yettinchi osmon» deb ataydilar!

Jahondagi barcha baland minoralarining asosiy faoliyati tomosha — dam olish xizmatini ko‘rsatish, xususan, turizm, sayohatlar, restoran va hatto attraksionlar bo‘lib qolgan. Teleminora xodimlarining birinchi va asosiy vazifasi — bu turli quvvatlarga ega televideniya uzatish qurilmalari, shu jumladan, turli kanallar, tijorat kanallari, ko‘plab uzatish qurilmalariga ega radioeshittirishlar kanallariga ega Toshkent radiotelevizion uzatish markazining (RTUM) ishini ta’minlashdan iborat. Teleminorada ko‘plab ijarachilarning radiotexnik uskunalari (bular harakatdagi va Mobil aloqa vositalari operatorlari), o‘rnatilgan.

1999-yilda Toshkent teleminorasi radioteleuskunalarini modernizatsiyalashtirish loyihasi doirasida tender o‘tkazildi, uning g‘olibi — Yaponiyaning «Itochu» kompaniyasi — O‘zbekiston televideniyasi 1 va 2-kanallari ko‘rsatuvlarini sifatli tarqatish uchun Toshkent teleminorasiga ikkita «Toshiba» uzatish qurilmalarini yetkazib berdi. Loyihada butun majmua uskunalarini almashtirish ham ko‘zda tutilgan. «Itochu» korporatsiyasi bilan kelishuv imzolangan. Shunday qilib, barcha uzatish qurilmalari almashtiriladi, bu tele va radioeshittirishlar sifatini ancha oshiradi, qamrab olish hududini kengaytiradi, texnikaga xizmat ko‘rsatish va foydalanishga mehnat kuchi sarflashni kamaytiradi. Toshkent teleminorasi kabi bunday murakab texnik obyektning yuqori malakali texnik xodimlarsiz to‘laqonli faoliyat yuritishi mumkin emasligi albatta tushunarli. Hozirgi kungacha teleminorada rekontsruksiya ishlari olib borilib to‘la hajmda tugallangan. Restoranning «Qizil» zali qayta jihozlanib, minora atrofi ham yanada go‘zallashtirildi. Bo‘zsuvning manzarali qirg‘og‘ida 4,5 gektar maydonda madaniy dam olish zonasi barpo qilingan.

Bugungi kunda Toshkent teleminorasi bir qator eng muhim vazifalarni amalga oshiradi. Qurilayotgan obyektlar Direksiyasi tomonidan teleminora hududi atrofida bir qator qurilish ishlari amalga oshirildi, jumladan, ko‘rkam kirish majmuasi bunyod etildi. Bu esa unga tashrif buyuruvchi hamda mehmonlar uchun yuqori darajada servis xizmatlarini ko‘rsatish imkonini berdi. Teleradiouzatish uskunalarining rekonstruksiya qilinishi Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyati aholisi uchun ishonchli teleko‘rsatuv hamda radioeshittirish dasturlarini qabul qilishni ta’minlaydi. Bundan tashqari, teleminora qo‘shni davlatlar teleko‘rsatuv va radioeshittirish dasturlarini qabul qiladi hamda tarqatadi.

Toshkent teleminorasi o‘zining noyob konstruksiyasiga asosan boshqa vazirlik va tashkilotlar, korxonalar o‘rtasida radioaloqani ta’minlash vazifasini ham o‘taydi. Hozirgi kunda teleminorada turli kompaniyalarning, jumladan, telekommunikatsiya hamda mobil telefon aloqasi operatorlari radiouskunalari joylashtirilgan. Shuningdek, teleminorada O‘zbekiston gidrometeorologiya markazi kompleks stansiyalari ham o‘rnatilgan. Toshkent teleminorasiga raqamli TV uzatish uskunasining o‘rnatilishi bilan O‘zbekiston Respublikasida raqamli televizion uzatishni tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish, telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahrida raqamli televizion uzatish sinov hududining qurilishini amalga oshirildi.

2008-yil iyul oyida 375 metrlik Toshkent teleminorasida Yaponiyaning «NEC» firmasi 42 TVK raqamli televizion uzatish uskunasini o‘rnatish bo‘yicha montaj ishlari yakunlandi. Montaj va sozlash ishlari Toshkent radio-telivi-zion uzatish markazi (RTUM) mutaxassislari hamda Yaponiyaning «NEC» firmasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. 2008-yil 1-sentabr kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi uchun MPEG-4 formatidagi raqamli teleuzatish namoyish etila boshlandi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, O‘zbekistonda analoglidan raqamli televideniyaga o‘tish 2015-yilgacha muddatga mo‘ljallangan. Toshkent teleminorasi — Sharqning eng baland go‘zali, mazkur o‘tish jarayonini amalga oshirishga tayyor. Toshkent teleminorasida Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi (RRTM) DUK faoliyat olib boradi. Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzuridagi davlat unitar korxonasi bo‘lib, Toshkent shahri, respublikamiz viloyatlari va Qoraqalpog‘ston Respublikasida joylashgan filiallari — Radio va televideniye uzatish markazlarini, shu bilan bir qatorda, «Aloqa RTV» va «Aloqachi–Chorva–Naslchilik» sho‘’ba korxonalarini o‘z ichiga olgan yirik tashkilotdir. Markaz tomonidan butun Respublika hududida teleradiodasturlarini tarqatish tarmog‘i tashkil etilgan.

RRTM DUK tarkibida mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi. RRTM DUK Respublika ijtimoiy hayotida muhim o‘rin egallaydi. Markaz O‘zbekiston Respublikasi teleradiouzatish tizimlarini rivojlantirishda ishtirok etadi va maqsadli davlat dasturlarini amalga oshiradi. RRTM DUK yer usti va sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlaridan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasi hududida radio va televideniye dasturlarini tarqatish faoliyatini amalga oshiradi. RRTM DUK O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi tijorat televideniyelarining radio va televideniye dasturlarini tarqatish, shuningdek, xorijiy radiostansiyalarining radio dasturlarini retranslyatsiya xizmatini ko‘rsatuvchi davlat korxonasi hisoblanadi.

RRTM DUK, zamon talablaridan kelib chiqqan holda, davlatning moliyaviy ko‘magida, jahon standarti talablariga mos keluvchi zamonaviy texnik vositalar bilan qayta jihozlangan. Bu esa xizmatlar sifatini doimo yaxshilab borish va Respublika aholisining zamonaviy darajadagi teleradiouzatish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish imkonini beradi. «O‘zbekiston Respublikasida raqamli teleuzatishni tatbiq etish konsepsiyasi»ni amalga oshirish doirasida RRTM DUK O‘zbekiston Respublikasida raqamli teleuzatishni tizimini joriy etish ishlarini olib boradi. RRTM DUK qisqa to‘lqinda ishlovchi yuqori quvvatli uzatkichlar orqali chet el kompaniyalari uchun radiodasturlarni uchinchi davlatlarga uzatish xizmatini ko‘rsatadi. RRTM DUK O‘zbekistonning bir qator mintaqalarida o‘zining kabel televideniyesi tarmoqlariga ega. Shu bilan birga, Respublika aholisining to‘lovli televideniyega o‘sib borayotgan talabini qondirish uchun mavjud kabel televideniyesi tarmoqlarini rivojlantirish va yangi tarmoqlarni tashkil etishn ishlarini davom ettirilmoqda.

RRTM DUK tomonidan beqiyos inshoot — Toshkent teleminorasining 110 metr balandligida joylashgan «KOINOT» restorani va teleminoraga ekskurtsiya xizmatlarini ko‘rsatadi. RRTM DUK aloqa qurilmalarini o‘rnatish uchun machta va minoralardagi maydonchalarni ijaraga beradi. Respublikamizning deyarli barcha yirik va bir qator kichik shaharlarida elektraloqani tashkil etish uchun zarur bo‘lgan metal qurilmalarining mavjudligi Markazning ustunligini ta’minlaydi.

Bugungi kunda, O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining moliyaviy ko‘magi va bevosita rahbarligi ostida, RRTM DUK tomonidan Toshkent, Buxoro, Samarqand, Nukus, Urganch, Andijon va Qarshi shaharlarida raqamli televideniye tajribaviy hududlari tashkil etilgan. Toshkent teleminorasida mamlakatimiz va qo‘shni mamlakatlar aholisi kundalik hayotida muhim o‘rin tutib kelayotgan radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi faoliyat yuritadi.

Тоshkent teleminorasi juda zamonaviy va texnik jihatdan mustahkam va mukammal, go‘zal qiyofaga ega, salobatini ko‘rib, zavqlanamiz. Toshkent teleminorasini va uning baland koshonalari vositasida butun Toshkentu azim shahrimiz jamolini tamosha qilishga oshiqqanlar mazkur maskanga tashrif buyuradilar. Minora o‘z zimmasidagi kundalik katta ahamiyatga molik vazifalarini amalga oshirarkan, nafaqat mamlakatimiz, balki qo‘shni davlatlar ijtimoiy hayotida ham muhim o‘rin tutadi.

Maqola «Aloqa tarixi muzeyi» va infoCOM.UZ jurnali tomonidan hamkorlikdagi loyiha asosida tayyorlandi.

Orphus system