Bibliografik rеsurslar yaratishda nashriyotlar elеktron katalogidan foydalanish

bibl_10_10_2013

Hаr qanday axborot-kutubxona muassasasini avtomatlashtirish, ya’ni unga avtomatlashtirilgan axborot kutubxona tizimini joriy qilish axborot-kutubxona muassasasi elektron katalogini shakllantirish bilan bog‘liqdir. Axborot-kutubxona fondi to‘g‘risidagi bibliografik ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tizim elektron katalogi ma’lumotlar bazasiga kiritish murakkab, serxarajat va uzoq davom etadigan jarayon hisoblanadi.

Faraz qilaylik, fondda 50 000 nomdagi o‘quv adabiyotlari saqlanadi. Bunday hajmga ega axborot-kutubxona muassasasini to‘liq avtomatlashtirish uchun 50 000 nomdagi barcha o‘quv adabiyotlari avtomatlashtirilgan kutubxonaning elektron katalogiga kiritilishi kerak.

Har bir o‘quv adabiyotidan o‘rtacha 40–120ta metama’lumot avtomatlashtirilgan tizim katalogiga kiritilishini va bu bibliografik yozuvlarning barchasiga kataloglashtirilayotgan hujjatning annotatsiyasi ham kiritilishini hisobga olsak, bir kitob elektron bibliografik tavsifini yaratish uchun o‘rtacha 20–25 daqiqa vaqt sarflanishi aniq bo‘ladi.

Demak, 50 000 nomdagi o‘quv adabiyotlarini avtomatlashtirilgan tizimning elektron katalogiga kiritish uchun 50 000 х 20 / 60 = 16 666 soat vaqt ketishini hisoblab topish mumkin. Bu bir kataloglashtiruvchi har kuni 8 soatdan ishlaganda 2083 ish kunini tashkil qiladi. O‘zbekistondagi 61ta oliy ta’lim muassasasining har birida bu ishning takrorlanishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, axborot-kutubxona muassasasini avtomatlashtirishning asosi bo‘lgan elekt-ron katalog bazasini shakllantirishga qanchalik ko‘p vaqt va mablag‘ sarflanishini tushunib yetamiz.

Kataloglashtirishdagi bu xarajatlarni kamaytirish yo‘llaridan biri bu elektron kataloglashtirishda nashriyotlar elektron katalogini yaratish va kataloglashtirishning korporativ usulidan foydalanishdir. O‘zbekistonda 100dan ortiq nashr ishi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar mavjud, ammo shu paytgacha ularda chop etilayotgan kitoblarning elektron katalogi yaratilgan emas. Nashriyotlar yig‘ma elektron katalogini (YEK) yaratish va korporativ kataloglashtirishda bu kataloglardagi bibliografik ma’lumotlardan foydalanish yuqorida ko‘tarilgan muammo yechimlaridan biri bo‘ladi. Nashriyotlar yig‘ma elektron katalogidan foydalanib kataloglashtirish algoritmini ko‘rib chiqamiz.

bibl_10_10_2013_1

Nashriyotlar yig‘ma elektron katalogidan foydalanib, kataloglashtirish algoritmi.

Nashriyotlarning yig‘ma elektron katalogini yaratish texnologiyasini KARMAT-U tizimi misolida ko‘rib chiqaylik. Dastlab KARMAT-U tizimining Konstruktoridan foydalanib nashriyotlar yig‘ma elektron katalogi uchun maxsus ish varaqasini yaratamiz. Yig‘ma elektron katalog uchun «Nashriyotlar yig‘ma elektron katalogi» nomi bilan yangi ma’lumotlar bazasini yaratamiz. Har bir nashriyot uchun alohida «login» va «parol» beriladi. Intranet/Internet tarmoq-lari orqali nashriyot xodimi KARMAT-U dasturini ishga tushiradi. Masalan, http://karmat.vocedu.uz. Elektron katalog tugmasini bosib, ochilgan maydon va maydonostilarni ketma-ket to‘ldiramiz.

bibl_10_10_2013_2

Tizim interfeysidagi «Qo‘shish» tugmasini bosish orqali kataloglashtirilayotgan kitobni asosiy bibliografik tavsif elementlari KARMAT-U tizimining elektron katalog bazasiga kiritiladi. Shunday usul bilan nashriyotlar rejasiga kiritilgan kitoblarning elektron katalog bazasi shakllantiriladi.

KARMAT-U tizimidan foydalanayotgan axborot-resurs markazining fondni butlash bilan shug‘ullanadigan xodimi o‘ziga berilgan «parol» va «login» bilan tizimga kiradi va nashriyotlarning yig‘ma elektron katalogi bazasidan o‘ziga kerakli kitobni bibliografik tavsif elementlari bo‘yicha qidiradi. Topilgan bibliografik yozuvni o‘zining ma’lumotlar bazasiga ko‘chirib o‘tkazadi. Buning uchun topilgan bibliografik yozuvning chap tomonidagi kvadratchaga belgi qo‘yib «eksport» tugmasini bosadi. Bu yerda shuni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerakki, bibliografik yozuv ko‘chirilayotganda «Ishchi sahifa» menyusida «Kataloglashtirish» so‘zi turishi kerak.

bibl_10_10_2013_3

«Import» tugmasi bosilgach, ekranda nashriyotlar yig‘ma elektron katalogidan fondni butlovchining ma’lumotlar bazasiga tanlangan bibliografik yozuvni ko‘chirib olish imkoniyatini beruvchi interfeys ochiladi.

bibl_10_10_2013_4

Ochilgan darchadagi «Import» tugmasi bosilganda nashriyotlarning yig‘ma elektron katalogidagi bibliografik yozuv fondni butlovchining ma’lumotlar bazasiga ko‘chib o‘tadi. Fondni butlovchining avtomatlashtirilgan ish o‘rnida nashriyotlarning elektron katalogidan olingan bibliografik yozuvga qo‘shimchalar: kitobga berilgan inventar raqam, sotib olingan nusxalar soni, kitob qaysi bo‘limga berilganligi va boshqa ma’lumotlar kiritiladi.

Fondni butlash bo‘limida dastlabki ishlovdan o‘tkazilgan adabiyotlar «Kataloglashtiruvchi»ning avtomatlashtirilgan ish o‘rnidagi ma’lumotlar bazasiga ko‘chirib o‘tkaziladi va bu yerda kitobga ishlov berish jarayoni davom etadi. Shunday qilib, biz taklif qilayotgan tartibda ish tashkil qilinganda kitobning dastlabki bibliografik tavsifi nashriyotda bir marta yaratiladi va undan Respublikamizning 12 000dan ortiq axborot-kutubxona muassasasi foydalanishi mumkin. Demak, biz taklif etgan usulda kataloglashtirish jarayoni tashkil etilganda kataloglashtirishga ketayotgan vaqt tejaladi, xatoliklarning oldi olinadi, kutubxonalarda bir ishni bir necha bor takrorlashga yo‘l qo‘yilmaydi, xarajatlar keskin qisqaradi. Natijada, axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatish samarasi va madaniyati ortadi.

Orphus system