ICTExpo-2013 axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi ish boshladi

823

25 sentabr kuni poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazma markazida hamda Jizzax shahrida Infocom-2013 AKT haftaligi doirasida ICTExpo-2013 axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi ish boshladi.

Ko‘rgazmada 150 dan ziyod xalqaro va mahalliy axborot texnologiyalari bozorining yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilari, kompyuter texnikasini yig‘uvchi korxonalar, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar, IT-kompaniyalar dillerlari, provayderlar, telekommunikatsiya uskunalarini yetkazib beruvchilar, vazirliklar, idoralar, bank, ta’lim va boshqa muassasalar 400 ga yaqin axborot texnologiyalari sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, zamonaviy texnologiya va ishlanmalar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi stendlarini tashkil etadilar.

Ko‘rgazmaning bir vaqtning o‘zida ikki shaharda tarmoqli tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad hudularda ham turmush tarzining barcha jabhasida axborot texnologiyalaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotganini namoyish qilish, aholini sohadagi so‘nggi yutuqlar bilan tanishtirish va ishlab chiqaruvchilar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashishdan iborat.

ICTExpo ko‘rgazmasi xalqaro IT sohasi, tadbirkorlik doiralari va ilm-fan hamjamiyati tomonidan yuqori baholanmoqda. Mazkur ko‘rgazma davlat hokimiyati organlari, bank, ta’lim, tibbiyot sohasi, tadbirkorlik, ilm-fan va ishbilarmonlik doiralari o‘rtasidagi samarali hamkorlikka xizmat qiladi. Aytish mumkinki, mazkur ko‘rgazma axborot texnologiyalari sohasida eng zamonaviy yutuqlar namoyish etiladigan nufuzli maydon, aloqa va axborotlashtirish mutaxassislari uchrashadigan, fikr almashadigan ahamiyatli tadbirdir.

Bu yilgi Haftalikning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, ko‘rgazmada “Elektron hukumat” yo‘nalishi bo‘yicha texnologiya va xizmatlarni namoyish qilishga ham alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etayotgan muassasalar elektron hukumatni joriy qilishda qo‘llanilayotgan istiqbolli loyihalarini namoyish etmoqdalar. Ko‘rgazma davlat organlari va muassasalariga yagona davlat ma’lumotlar bazasini yaratish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga interaktiv xizmatlar ko‘rsatishda samarali usullardan boxabar bo‘lish, elektron hukumat tizimini joriy qilish bo‘yicha aniq takliflar bilan tanishish, rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirishda zarur bilim va malaka olishga, hamkorlarni tanlash imkoniyatini beradi.

Shuningdek, ko‘rgazma stendlarida “TelMax Elektroniks”, “Olive Telecom” va boshqa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning import o‘rnini bosuvchi telekommunikatsiya mahsulotlari tashrif buyuruvchilarda qiziqish uyg‘otmoqda.

Ko‘rgazma doirasida Milliy ko‘rgazma markazida «Biznes jarayonlarini avtomatlashtirishning zamonaviy yechimi” mavzuidagi seminar, “O‘zbekistonda internet provayding va Milliy kontentning rivoji” mavzuidagi davra suhbati hamda xalqaro axborot texnologiyalari sohasining yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi.

Bir qator xilma-xil loyihalarni, seminar va davra suhbatlarini, shu bilan birgalikda, turli aksiya va tanlovlarni o‘z ichiga olganligi bilan ham ko‘rgazma dasturi keng qamrovlidir. “Uzinfocom” markazi hamda “Unicon” ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikda “PassportID statusi va elektron raqamli imzoni bepul qo‘lga kiritish” aksiyasi o‘tkazildi. Oddiy yo‘l bilan mazkur qulayliklarga ega bo‘lish uchun bir necha kun sarflansa, ko‘rgazma chog‘ida esa aholiga uni darhol, bir necha daqiqadayoq qo‘lga kiritish imkoniyati yaratib berildi.

27 sentyabrga qadar davom etadigan ko‘rgazmaga 35 ming nafar kishining kelishi kutilmoqda. ICTExpo 2013 ko‘rgazmasi AKT sohasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish va mustahkam tijorat aloqalarini bog‘lashda yangi imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi. Ko‘rgazma nihoyasida tashkiliy qo‘mita tomonidan stend va bo‘limlari eng yaxshi deb topilgan g‘oliblar mukofotlanadi.

Manba

Orphus system