Biz – sog‘lom axborot muhiti tarafdorimiz!

mit_24_09_2013

24-sentabr kuni “Turkiston” saroyida “InfoCOM – 2013” – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida yoshlar o‘rtasida «MIT.uz» milliy internet-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 22-yilligiga bag‘ishlangan mazkur milliy internet-tanlov “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan qator vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida shu yilning 1-martidan 1-avgustigacha davom etdi. Tadbir yoshlarni globallashuv sharoitida axborot xurujlaridan himoya qilish, ularning zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasini oshirish, amalga oshirilayotgan islohotlarni internet tarmog‘i orqali keng yoritish hamda targ‘ib etishda yoshlar ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida axborot sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar barcha sohalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va yanada rivojlantirish imkonini bermoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 27-iyundagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi qabul qilinishi mamlakatimiz axborot resurslari, tizim va tarmoqlarini jadal ravnaq toptirishga xizmat qilayotir.

«MIT.uz» milliy internet-tanlovi mamlakatimiz axborot resurslari va servislarini yaratish hamda rivojlantirish, yoshlar uchun mo‘ljallangan, shuningdek, axborot madaniyatini shakllantirishga ko‘maklashadigan sifatli internet-loyihalarni ommalashtirish, xavfsiz internet makonini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, yosh veb-dizaynerlar hamda dasturchilarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, internetda yoshlar segmentini yanada kengaytirish va rivojlantirishga qaratilgan.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan bu borada qator tadbirlar o‘tkazildi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida videokonferensiya shaklida o‘tgan milliy internet-tanlov taqdimotida mamlakatimizning barcha hududidan yosh dasturchilar, veb-dizaynerlar va internet-saytlar mualliflari ishtirok etdi. Vatanimiz mustaqilligining 22-yilligiga bag‘ishlangan yoshlar festivallari doirasida “Biz – sog‘lom axborot muhiti tarafdorimiz!” shiori ostida milliy internet-tanlovni targ‘ib qilish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ming nafardan ortiq yigit-qiz qatnashdi. UZ domeni veb-resurslaridan tashqari xorijiy domenlarda joylashtirilgan saytlar ham namoyish etildi.

Tanlovga ijodiy ishlar bilan bir qatorda 225 internet-sayt, 700 ariza – fotosuratlar, videoroliklar va fotokolleksiyalar ham taqdim etildi. Shunisi e’tiborliki, tanlov qatnashchilarining 70 foizi talabalardir. Taqdim etilgan saytlarning 60 foizdan ortig‘i shu yil ishga tushirilgan.

Tanlovga kelib tushgan jami 1002 ijodiy ishning eng yaxshilari to‘qqizta asosiy va beshta qo‘shimcha nominatsiya bo‘yicha tanlab olindi. Xususan, “O‘zbekistonning boy madaniyati, san’ati, tarixi va mustaqillik g‘oyasini aks ettiradigan eng yaxshi sayt”, “Mahalla, qishloq va shaharning eng yaxshi fotosurati”, “O‘zbek mumtoz she’riyati va adabiyotini targ‘ib qiluvchi va yoshlar ishtirokida tayyorlangan eng yaxshi rolik”, “O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini aks ettiruvchi eng yaxshi sayt”, “Eng yaxshi yangiliklar sayti”, “Foydalanuvchilar fikri bo‘yicha eng yaxshi sayt” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha uchtadan sovrindor aniqlandi.

– Mamlakatimizda biz, yoshlar uchun har tomonlama keng imkoniyatlar yaratilgan, – deydi Daryo.uz yangiliklar internet-loyihasi rahbari F.Fayzullayev. – O‘zbekistonda veb-sayt tashkil qilish, OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish, uning internet-jurnalistika sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘yish qisqa muddatlarda amalga oshirilmoqda. Biz “Eng yaxshi yangiliklar sayti” nominatsiyasida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik va bu mamlakatimizda internet-jurnalistika hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasidir.

Tadbir doirasida tanlov ishtirokchilari va g‘oliblarining yetmishdan ortiq fotosuratlari, shuningdek, yosh dasturchilarning eng yaxshi veb-ishlanmalari va dasturiy ta’minoti ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi.

Milliy internet-tanlovning g‘olib va sovrindorlariga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Manba

Orphus system