Mamlakatimiz dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiqaruvchilarini rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qilindi

O‘zbekiston Prezidenti 20 sentabrda o‘zbekistonlik dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish, shuningdek, ularning ichki va tashqi bozordagi faoliyatini yanada kuchaytirish maqsadida o‘zbekistonlik dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarni rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjat axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uchun xalqaro standartlarga mos dasturiy ta’minot vositalarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, sifatli, raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish yuzasidan O‘zbekiston ishlab chiquvchilarini rag‘batlantirishni kuchaytirish maqsadida qabul qilingan.

Qarorga asosan, O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan software.uz internet-portalida joylashtirilgan dasturiy mahsulotlar va ishlab chiquvchilarning milliy katalogi negizida elektron shaklda, onlayn rejimda yuritiladigan O‘zbekiston Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reyestri tuziladi. Reyestr to‘g‘risidagi Nizom esa ikki muddat ichida ishlab chiqiladi.

Ushbu Reyestrni yuritishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari qatorida istiqbolli loyihalarni hamda innovatsion kompyuter texnologiyalarini yaratish bilan mashg‘ul bo‘lgan iste’dodli yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshli bo‘lgan, sifatli milliy dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishni rag‘batlantirish va boshqalar belgilangan.

Qarorga asosan, Reyestrga kiritilgan dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiquvchilar 2017 yilning 1 yanvariga qadar muddatda barcha turdagi soliqlar hamda Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l fondiga, byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologiya hujjatlari, dasturiy ta’minot vositalariga boj to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilinadi.

Qarorda nazarda tutilgan soliq imtiyozlari berilishi munosabati bilan bo‘shaydigan mablag‘lar Reyestrga kiritilgan dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilari (yuridik shaxslar)ning xodimlarini rag‘batlantirish, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlashga yo‘naltiriladi. Agar ularning o‘zlari ishlab chiqargan dasturiy ta’minot vositalarini eksport qilish hajmi ular sotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) umumiy hajmining kamida 50 foizini tashkil etsa, soliq imtiyozlari muddati yana 2 yilga uzaytiriladi.

Bundan tashqari, Qaror bilan o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, Reyestrga kiritilgan dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilari (yuridik shaxslar) dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar hamda xizmatlarni Internet tarmog‘ining onlayn do‘konlari orqali eksport shartnomasi mavjud bo‘lmasdan xorijiy valyutaga eksport qilish huquqiga egadirlar.

Manba

Orphus system