Sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishda AKTning o‘rni

Jahon tamaddunlariga guvoh, me’moriy obidalari, qadamjolari, betakror tabiati, buyuk qadriyatlar va an’analari bilan sayyohlar e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelgan yurtimizda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqa. Mazkur jarayonda yuksak madaniyatimiz, go‘zal va obod go‘shalarimiz, yurtimiz nomini dunyoga tanitishda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilayotgani ahamiyatlidir.

ccitt_20_09_2013

Davlatimiz rahbarining “Xorazm viloyatida 2013-2015 yillarda sayyohlik sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ochiq osmon ostidagi muzey, deya e’tirof etilgan Xorazm zaminida turizm sanoati rivojida navbatdagi qadam bo‘ldi. Qarorga muvofiq, viloyat sayyohlik infratuzilmasida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Bugun har bir sayyoh o‘zi yo‘l olgan mamlakatga borishdan avval internet orqali u diyorning o‘ziga xosliklari to‘g‘risida qiziqib ko‘radi. Bugungi tilda aytadigan bo‘lsak, u mamlakatga avvalo “on-layn sayohat” uyushtiradi. Multimedia texnologiyalaridan foydalangan holda, “UZ” Milliy hududida tashkil etilgan www.vizitkhorezm.uz veb-sayti internet foydalanuvchilariga viloyatning buguni va o‘tmishi, qadimiy obidalari hamda an’analari to‘g‘risida ma’lumotlar bilan birga, rang-barang suratlar, 3D tasvirlar orqali yorqin tasavvurga ega bo‘lishlariga yordam beradi. Saytdan viloyatda joylashgan 30 dan ziyod tarixiy obidalarning 3D shaklidagi panoramalari, muzey, restoran hamda mehmonxonalar to‘g‘risida ma’lumotlar, diqqatga sazovor joylarning suratlari, xarita va yo‘nalishlari, sayohatni tashkil qilish to‘g‘risida ma’lumot va foydali manbalarning elektron manzillari o‘rin olgan. Bular o‘z navbatida, tashrif buyurayotgan mehmonlarni ovoragarchiliklardan saqlaydi, unumli dam olishlariga ko‘maklashadi.

Sayyohlarning maqsadli dam olishlarini tashkil qilish maqsadida “O‘zbektelekom” AK loyihasi asosida 2014 yilgacha “dolzarb aloqa liniyasi” rejimida turizm sohasiga taalluqli qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatuvchi yagona aloqa markazi tashkil etilmoqda. Mazkur aloqa markazi Xorazmga tashrif buyurayotgan mehmonlarga sayyohlik sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, hududdagi diqqatga sazovor joylar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi yangi manba bo‘lib xizmat qiladi.

Mahalliy dasturiy ta’minot yaratuvchilari tomonidan Xiva shahridagi 62 ta ob’ektning 3D shaklidagi tasviri yaratilib, 48 tasi internet tarmog‘idagi Google Earth va boshqa ommabop virtual sayohat tizimlariga joylashtirildi. Shuningdek, Google elektron xaritalariga Xorazm viloyati to‘g‘risida ma’lumot beruvchi 258 dona surat hamda ular to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirildi. Barcha internet foydalanuvchilari hudud to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishib, kompyuter yoki boshqa mobil aloqa vositalari orqali shaharlar bo‘ylab sayohat qilishlari mumkin. Shuningdek, Android va iOS platformalarida ishlovchi, sayyohlik sohasiga bag‘ishlangan mobil ilovalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ilovalarni internet tarmog‘iga joylashtirish rejalashtirilgan.

Xorijiy sayyohlar ertaknamo vohaga tashrif buyurar ekan, shaharlarimizning tinch va osuda bag‘rida bir zumga g‘arq bo‘lib, ming yillik tarixga guvoh minoralar-u, obidalar bilan suhbatga chog‘lanadi, suratga tushib, shu daqiqalar ichida ijtimoiy tarmoqlar yordamida sayohatni yaqinlari bilan baham ko‘rishga kirishadi. Bunda mobil moslamalar, yo‘l ko‘rsatuvchi zamonaviy texnik imkoniyatlar, ayniqsa asqotadi. Viloyatdagi sayyohlik markazlarida mehmonlarga global tarmoqqa ulangan, tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylarning manzili to‘g‘risida ma’lumot beruvchi, xarita va chizmalar orqali yo‘l ko‘rsatuvchi mobil moslamalarga mo‘ljallangan maxsus dasturiy ta’minot o‘rnatilgan planshetlarni ijaraga berish yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, Ichanqal’a yodgorlik majmuasining Axborot markaziga mana shunday imkoniyatga ega 50 dona planshetdan foydalanilmoqda. Shuningdek, Ichan qal’a majmuasi, Urganch shahridagi xalqaro aeroport hamda temiryo‘l vokzalida o‘rnatilgan axborot kiosklari vohaga tashrif buyurayotgan sayyohlarga Xorazm viloyatining ko‘p yillik madaniyati, sayyohlik sohasida mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot bermoqda.

ccitt_20_09_2013_1

O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan mobil aloqa-axborot almashinish uskunalariga mo‘ljallangan dasturiy ta’minotlarni, veb-saytlardagi ma’lumotlarni jahonning turli tillariga tarjima qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Sayyohlarga axborot kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasining muhim bo‘g‘ini hisoblangan internet tizimidan samarali foydalanish imkonini yaratish maqsadida “Uzbektelekom” AKning viloyat bo‘limi tomonidan Urganch xalqaro aeroportida, temiryo‘l vokzalida, Xiva shahridagi Ichanqal’a tarixiy majmuasida Wi-Fi hududlarini tashkil qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan axborot texnologiyalarining sifatli faoliyati hududdagi AKT infratuzilmasi bilan chambarchas bog‘liq. Viloyatda axborot-kommunikatsiya sohasida xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, aholiga yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkonini yaratish uchun 2304 ta, xususan, Xiva hamda Urganch shaharlarida 400 ta keng polosali telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan portlar o‘rnatildi. FTTx texnologiyasi asosida viloyat miqyosida 7.2 km, Xiva shahrida 4.6 km optik tolali aloqa liniyasi yotqizildi. Shaharda CDMA-450 simsiz aloqa bazasi o‘rnatilib, mavjud aloqa bazasi zamonaviylashtirildi.

Manba

Orphus system