Оyinai jahondan zangori ekrangacha. Mamlakatimiz tеlеvidеniyеsi tarixidan

Ko‘plab xalqlar qadimiy ertaklari, afsonayu, rivoyatlarida olamning istalgan burchagini bir zumda namoyon qila oladigan oyinai jahon, likobchalar haqida bayon etilgan. O‘tmish ajdodlarimiz o‘sha davrlardayoq o‘zlaridan juda olis masofalarni ko‘rish, safarga otlanib, ko‘p vaqt xayollab ketgan qadrdonlari taqdiri nima kechganligini bilish imkoniyatlari haqida orzu qilgan bo‘lsalar ajabmas. Mazkur xayolot dunyosidagi orzu fan va texnika taraqqiyoti tufayli haqiqatga aylandi. Taraqqiyotdagi bu olamshumul yangiligi XX asr boshlarida amalga oshirildi.

Mana yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida insoniyat televizor tamosha qilib kelmoqda. Televizor hozirda hech kimni hayratga solmaydi, shunchaki oddiy holatga aylangan. Aslida, u davr mo‘’jizasi edi. Jurnalimizning o‘tgan sonlaridagi mamlakatimizda aloqa tarixiga oid materiallarni yoritishda davom etamiz. Mazkur sahifamiz televideniye tarixiga bag‘ishlanadi.

Shu maqsadda yana “Aloqa tarixi” muzeyi eksponatlarini tamosha qilamiz va tarix zarvaraqlarida bitilgan ma’lumotlarga ko‘z yugurtiramiz.

Ma’lumki, o‘tgan asr boshlarida, aniqrog‘i, 1907-yilda Peterburg texnologiya instituti professori B. L. Rozing «elektr teleskopi» bilan juda ham qiziqib, tasvirni ekran orqali ko‘rinish tamoyillarini o‘zlashtirdi. 1911-yilda olim elektron nurli trubka ekraniga ko‘chmas panjara ko‘rinishini tushirishga erishdi. Keyinchalik televideniye sohasining rivojlanishi Toshkent shahri bilan bog‘liq bo‘ldi. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillari arafasida Toshkent shahrida aholi endigina simyog‘ochlarga o‘rnatilgan radiokarnaylarga oddiy holatdek ko‘nika boshlagan davr edi.

Hali biror xonadonda zamona mo‘jizasi — radio ham mavjud emasdi. Kutilmaganda xalq saroylaridan birida — «Radio ko‘rsatadi» mavzusida ma’ruza e’lon qilinadi. Zal — talabalar, hunarmandlar va ishchi-xodimlar bilan to‘liq edi. Radio qanday ishlashi haqida ko‘pchilik xabardor emasdi. Agar odamlar radiodan taralayotgan ovozga endigina ishona boshlagan bo‘lsalar, «radio ko‘rsatishi» mumkinligini tasavvur ham qila olmaganliklarini tushunish qiyin emasdi. Ma’ruzani yosh muhandis Boris Grabovskiy o‘qidi. U holat go‘yo ertakka o‘xshardi. Grabovskiy juda ajoyib qurilma «telefot»ni yaratgan va u masofadan turib, tasvirni namoyish etishga qodir edi.

Grabovskiyning gaplariga ishonish qiyin edi. 1925-yilda «telefot»ni rossiyalik taniqli olim Boris Lvovich Rozingga namoyish etdi, buni ko‘rgan olim, o‘z ko‘zlariga ishonmasdi. Uning oldida mexanik tizimlarga o‘xshamas, hozirgi kunlarda ham zangori ekranlariga tamoshabinni jalb etuvchi haqiqiy elektron televizor turardi. Biroq unga oddiy ustaxonalarda ishlab chiqarishning iloji bo‘lmagan elektron-nurli trubka zarur edi.

Yosh olimga u faoliyat yuritadigan dorilfununda barcha laboratoriyalar eshigi keng ochildi. Rossiyaning «Svetlana» zavodida harakatdagi tasvirlar namoyish etiladigan dastlabki elektron-nurli trubkalar ishlab chiqarila boshladi. 1928-yil 26-iyul kuni soat 12:00 da birinchi rasmiy televizion seans namoyish etildi: komissiya a’zolari «telefot» ekranida harakatlanayotgan tasvirni ko‘rdilar.

Shundan keyin dastlabki telereportaj namoyish etilgan. Apparaturalarni chorrahaga yaqin «Xiva» kinoteatri yoniga o‘rnatganlar. Ikki tomonga tramvay harakati va o‘tib borayotgan yo‘lovchilar «telefot»ning kichik ekranida namoyish etildi. Shunday qilib, Toshkent televideniyesi — jahonda birinchi bo‘lib o‘zini ko‘rsatdi va ekranda harakatli tasvir namoyish etildi. Biroq 1950-yilgacha jahondagi o‘zgarishlar televideniye taraqqiyotini ortga surdi. Faqat tinchlik hukm sura boshlagan davrlarga kelibgina xonadonlarda «KVN-49» televizori paydo bo‘ldi.

KVN-49 televizori juda kamdan-kam xonadonlarda bo‘lgani sababli ko‘pchilik qo‘ni-qo‘shnilar televizorga ega bo‘lgan xonadonda to‘planib, ko‘rsatuvlarni tamosha qilganlar. Keyinchalik ekran oldida katta linza qo‘yiladigan bo‘lib, u tasvirga biroz zangori tus berardi. Toshkent telemarkazining muntazam ko‘rsatuvlar bera boshlashi 1956-yilning noyabr oyiga to‘g‘ri keldi. Uch yildan so‘ng esa toshkentliklar studiyadan tashqaridagi ko‘rsatuvlar — bayram tadbirlari, sport musobaqalaridan reportajlar tamosha qila boshladilar.

oy_18_09_2013

Birinchi KVN-49 televizori

Keyinchalik davr bilan hamnafas holda rus olimi B. L. Rozing tomonidan taklif etilgan televideniyaning mexanik tizimi o‘rniga elektron-nurli tizim qo‘llanila boshlandi. Tasvirni qabul qilishga mo‘ljallangan trubkalar keyinchalik kineskop deb nomlandi. Elektron-nurli televideniya elektron-nurli trubka konstruksiyasi vositasida yaratildi. 1930-yillar boshida zaryadlar to‘plangan televizion elektron-nurli trubka S. I. Katayev tomonidan taklif etildi va u elektron televideniyaning rivojlanishiga asos bo‘lib xizmat qildi.

Olimlar P. V. Timofeyev va P. V. Shmakovlar tomonidan elektron televideniyaning kelgusi rivojida katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Keyinchalik bu sohada izlanishlar olib borilganligi sababli sanoat televizion priyomniklarining namunalari paydo bo‘ldi. Televizion tarmoqda jadal rivojlanish asosan o‘tgan asrning 50-yillaridan so‘ng amalga oshirildi.

oy_18_09_2013_2   oy_18_09_2013_3

Televideniya dastlabki oq-qora va rangli sozlash jadvali

Dastlabki rangli televideniya tajribalari 1960-yil yanvar oyida boshlangan. Shu bilan bir vaqtda, tajribaviy rangli televizor turlarini yaratish ustida izlanishlar olib borilgan. 1980-yillarda rangli teleko‘rsatuvlarni tamosha qilib, huzurlanish barchaga nasib eta boshladi.

Aloqa muzeyida B. P. Grabovskiyga bag‘ishlangan kitob mavjud. Muzeyga birinchi seriya sifatida chiqarila boshlangan televizion priyomnikning KVN-49 rusumi (1949-yil namunasi) qo‘yilgan. Ma’lumki, televizor modellari 1930-yillardanoq ko‘pgina davlatlarda ishlab chiqarila boshlangan, lekin ularni seriyali ishlab chiqarish ishlari yo‘lga qo‘yilmagandi. 1920-yillarda «Rekord» rusumli ovoz kuchaytirgich taqdim etilgandi. Eksponatga qo‘yilgan ovoz kuchaytirgich haqiqiy. Stendda 1950–1960 yillarda ishlatilgan ovoz kuchaytirgichlar ham mavjud.

oy_18_09_2013_1

Televizor «Neva D» 1963-yil

Muzeyda maishiy xizmat uchun foydalanilgan radiopriyomniklar, plastinkali radiolalar, magnitofonlar, 1950–1980 yillarda ishlab chiqarilgan televizorlar qo‘yilgan. Shuningdek, eksponat sifatida, «Kamalak» QK tomonidan analogli televideniye uskunasi (televizor), Toshkent teleminorasi tomonidan berilgan raqamli televideniye uskunasi ham qo‘yilgan. Eksponatlar orasidagi raqamli televideniyedagi dasturlarni qabul qilish tyuneri Teltmax Elektroniks kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Hozirgi davrda televizor nafaqat xonadonlarimiz fayziga-fayz qo‘shib turuvchi, balki kundalik turmushimizning eng muhim ajralmas qismiga aylangan buyumdir. Televideniya rivojlanishi bilan insonlarning suv va havo kabi zarur hayotiy ehtiyoji muloqot manbai yanada to‘liqroq ta’minlandi.

U tamoshabinga axborot, bilim olish, shu bilan birga, miriqib hordiq chiqarish imkonini beradi. Hozirda «oyinai jahon» iborasidan «zangori ekran» tushunchasigacha bo‘lgan tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan mazkur aloqa turi — televideniyasiz hayotimizni tasavvur ham eta olmaymiz. «Televideniyaning vatani — Toshkent» — degan iborani eshitganimizda esa ko‘nglimizda faxr tuyg‘usi jo‘sh uradi.

Aloqa tarixi sohasiga berilayotgan keyingi maqolamiz shahrimiz ko‘rki bo‘lgan Toshkent teleminorasiga bag‘ishlanadi. Maqola infoCOM.UZ jurnali va Aloqa tarixi muzeyi xodimlarining hamkorlikdagi loyihalari asosida tayyorlandi.

Orphus system