Aloqa, axborotlashtirish sohasi xodimlari taqdirlandilar
28.08.2013
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
28 avgust kuni Aloqa tarixi muzeyida Davlatimiz mustaqilligining 22 yilligi munosabati bilan aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan xodimlardan bir guruhini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan, fidoyi xodimlarga «Mohir aloqachi» unvoni, «O‘z kasbining ustasi» belgisi va faxriy yorliqlar topshirildi.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, davlatimiz tomonidan axborot va telekommunikatsiya sohasiga qaratilgan katta e’tibor, qabul qilinayotgan qator qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlar, maqsadli dasturlar sohani zamon talablariga muvofiq rivojlantirishda, yuqori natijalarga erishishda, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalarini joriy qilishni yanada takomillashtirishda zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbirda jamiyatni axborotlashtirish, aholiga sifatli aloqa va pochta xizmatlarini ko‘rsatishda jonbozlik ko‘rsatgan aloqachilarning hissasi alohida e’tirof etildi. So‘zga chiqqan taqdirlanganlar ularga ko‘rsatilgan e’tiborni kelgusidagi samarali faoliyatlariga bildirilgan katta ishonch sifatida qabul qilishlarini aytishdi.
Taqdirlanganlar ro‘yxati “Xabar” gazetasining 2013 yil 30 avgustdagi 35-sonida chop etiladi.