Ucell tashqi internet-kanalini 20%ga kengaytirganini ma’lum qiladi

Ucell mobil operatori tashqi internet-kanalini 20%ga kengaytirgani haqida ma’lum qiladi. Bu mobil Internet tezligi va sifatini ancha oshiradi, butunjahon internet tarmog’idan foydalanish barqarorligi ko‘rsatkichlarini yaxshilaydi. Endi USB-modem, planshet va telefon orqali Internetdan foydalanish yanada qulay bo‘ladi, web-saytlar sahifalari yanada tezroq yuklanadi.

«Yangi hammabop tariflar taqdim etilmoqda, megabaytlar narxlari arzonlashmoqda – bularning bari so‘nggi paytda mobil Internetning ommabopligi shiddat bilan oshib borayotganiga ta’sir qiladi.Tashqi internet-kanalning kengaytirilishi, shubhasiz, tezlik barqarorligi va sifatning bir necha karra oshishiga olib keladi, Internetda sevimli sahifalarni yanada tezroq kuzatish, qiziqarli filmlar tomosha qilish, zavqli o‘yinlarni onlayn holatda o‘ynash imkonini beradi, degan umiddamiz. Biz sifatli xizmat taqdim etish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solyapmiz”, — deydi Ucell kompaniyasining korporativ aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Umida Ziyamova.

Shuni qayd etib o‘tish joizki, tashqi internet-kanalni kengaytirish rejasi haqida O‘zbekistonda HSPA+ texnologiyasini ishga tushirishga bag‘ishlangan matbuot anjumanida e’lon qilingandi. Eslatib o‘tamiz, ushbu texnologiya Ucell tarmog‘ida ma’lumotlarni uzatish tezligini 42 Mbit/s gacha oshirishga imkon yaratadi, bu o‘z navbatida mobil internet foydalanuvchilarning barcha dolzarb ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi. Ushbu texnologiya Toshkentning 42ta nuqtasi va Samarqandning 7ta nuqtasida ishga tushirildi, tez kunlarda mamlakatning barcha yirik viloyatlar markazlarida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system