Qarshi Zo‘r-Zo‘r UCG 2013 e-sport bo‘yicha O‘zbekiston chempionatini qabul qiladi

24-25 avgustda Qarshida Zo‘r-Zo‘r UCG 2013 e-sport bo‘yicha O‘zbekiston Chempionatining IV hududiy bosqichi bo‘lib o‘tadi. Turnirda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan bo‘lgan kiber-sportchilar ishtirok etishlari mumkin.

“Mamlakatimizning janubiy hududlaridan bo‘lgan geymerlar doimo o‘ta yuqori tayyorgarlik darajasini ko‘rsatib keladilar, – dedi Chempionat tashkiliy qo‘mitasining rahbari Aleksandr Suchkov. – Joriy yilning bahorida “Kelajak ovozi” YOTM va “Bilayn” ko‘magida o’tkazilgan “Biz yagona jamoa – biz yagona oila” yoshlar aksiyasi doirasida respublika birinchiligida Denovlik Rustam Karimov FIFA 12 o‘yini bo‘yicha kumush sovrindorga aylangan. Qashaqadaryo va Surxondaryolik geymerlar bu safar ham chempionat g‘oliblari qatorida bo‘lishiga ishonaman”.

24 avgust kuni Qarshidagi Shuxrat.uz klubida DotA AllStars jamoa o‘yini bo‘yicha turnir bo‘lib o‘tadi. 25 avgustda esa Toshkent axborot texnologiyalari universitetining mahalliy filialida FIFA 13 bo‘yicha musobaqa hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.

Zo‘r-Zo‘r Uzbekistan Cyber Games 2013 kompyuter o‘yinlari bo‘yicha milliy birinchilik O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi ko‘magida “Kelajak ovozi” Yoshlar tashabbuslari markazi va infoCOM.UZ jurnali tomonidan o‘tkazilmoqda. “Bilayn” birinchilikning Bosh homiysi bo‘ldi. Chempionatning hududiy saralash turnirlari Buxoro, Urganch, Samarqand, Qarshi, Farg‘ona va Toshkentda o‘tkazilmoqda.

Oxirgi ikki yil davomida “Kelajak Ovozi” YOTM va “Bilayn” ko‘magi ostida mamlakatimizda e-sport yanada rivojlanib, xalqaro arenada jiddiy sakrashga erishdi. Janubiy Koreyada Osiyo Olimpiya kengashi homiyligi ostida o‘tkazilgan AIMAG 2013 IV Osiyo o‘yinlarida, e-sport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi oltin va kumush medallarini qo‘lga kiritib, II umumjamoa o‘rinni egalladi.

FIFA 13 sport simulyatori bo‘yicha Zo‘r-Zo‘r UCG 2013 O‘zbekiston chempionatining g‘olibi joriy yil noyabrda Kunshan (Xitoy) da bo‘lib o‘tadigan WCG 2013 Jahon chempionatining Grand-finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system