Infokommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona muassasalari hamkorligini yanada takomillashtirish masalalari

bib_20_08_2013

20-avgust kuni Respublika axborot-kutubxona markazining anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan “Infokommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona muassasalari hamkorligini yanada takomillashtirish masalalari” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

bib_20_08_2013_1

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “2011-2015 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlarini sifatli rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1487 sonli qaroriga muvofiq, mamlakatimizdagi axborot-kutubxona muassasalari zimmasiga axborot-kutubxona xizmatlari sifatini oshirish, aholining, ayniqsa, yoshlarning bilim va axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish asosida qanoatlantirish vazifalari qo‘yilgan. Matbuot-anjumanida ta’kidlanganidek, axborot-kutubxonalarda kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini integratsiyalash, axborotni to‘plash, unga ishlov berish, elektron kutubxonalar tashkil etish, ta’lim muassasalarida va hududlarda kitobxonlarga masofadan turib xizmat ko‘rsatishning tezligi va sifatini oshirish bugungi kun talabidir.

bib_20_08_2013_2

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining butun dunyoda keng tarqalgan yo‘nalishlaridan biri bu — virtual xizmat ko‘rsatish usulidir. Virtual kutubxona foydalanuvchiga kerakli adabiyot yoki ma’lumotni kutubxona hududiga kelmasdan Internet tarmog‘i orqali olish imkoniyatini yaratadi. Tarmoqdagi elektron kitoblar o‘quv jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etishda va ta’lim sifatini yaxshilashda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Kutubxonalarga bir yilda o‘rta hisobda 1,6 mln.dan ortiq tashriflar kuzatiladi. Kitob berilishining soni 4,6 mln nusxaga yetadi. Aytib utish joiz, yurtimizdagi 14ta AKM’larning adabiyotlar fondi 5 mlnga yaqin nusxani tashkil etadi. Bir yilda har bir AKM’ning fondi o‘rta hisobda 12 ming nusxaga ko‘payadi. Joriy yilda AKM’lardagi doimiy kitobxonlar soni 371 255 ming nafarga yetgan. 2013-yil birinchi yarim yilligi mobaynida AKM’larga 837 160 nafar kitobxon murojaat qilgan bo‘lib, ularga 2 497 764 nusxadagi kitob berilgan.

bib_20_08_2013_3

Jami AKM’larda kitobxonlar zallari va bo‘linmalardagi, ish joyparida o‘rnatilgan kompyuterlarni birlashtiruvchi avtomatlashtirilgan lokal kompyuter tarmoqlari o‘tkazilgan. Ushbu kompyuterlar orqali Internet va «ZiyoNET» tarmog‘iga ulanish imkoniyatlari mavjud. AKM mutaxassislari tomonidan joriy yilning I yarmi davomida 1 935ta hujjatdan hajmi 39Gb iborat bo‘lgan to‘la matnli elektron resurslar shakllantirildi. 2013-yilning I yarim yilligida 2 289ta raqamlashtirilgan adabiyotlar ARM’larga taqdim etildi.

bib_20_08_2013_4

Respublika axborot-kutubxona markazi negizida faoliyat yuritib kelayotgan Ilmiy-texnik adabiyotlar elektron kutubxonasi foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishning yuqorida aytilgan qulay yo‘nalishlarini qo‘llayotgan muassasalardan biridir. Ushbu elektron kutubxona Internet tarmog‘iga joylashtirilgan dastur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri an’anaviy kitoblarni to‘la matnli elektron shaklga o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Hozirgi kunga kelib, tizim bazasida 36 818 mingdan ziyod to‘la matnli elektron nashrlar joy olgan. Ushbu dastur orqali masofadan xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Qulaylik jihati ham shundaki, foydalanuvchilar o‘zlariga zarur adabiyotlarni istalgan joydan turib, Internet tarmog‘i orqali izlab topishi mumkin. 2013-yil 1 yarim yilligi davomida Ilmiy-texnik adabiyotlar elektron kutubxonasi tomonidan 2000ga yaqin nashr elektron ko‘rinishga o‘tkazilib, to‘la matnli elektron resurslar shakllantirildi.

bib_20_08_2013_5

Hozirgi kunda mazkur elektron kutubxona respublikadagi viloyat axborot-kutubxona markazlar(AKM)ining axborot resurslarini jamlab, korporativ tarmoq yaratish ustida ish olib borilmoqda. Buning uchun viloyat kutubxonapar fondida saqlanib kelinayotgan noyob, nodir adabiyotlarni raqamlashtirgan holda onlayn kutubxona barpo qilish maqsadida texnik loyiha ishlab chiqildi. Loyihaga ko‘ra joriy yil mobaynida barcha AKM’lar o‘zaro va markaz bilan optik tolali tarmoq orqali ulanadi, zarur texnik uskunalar, dasturlar bilan ta’minlanadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etilayotgan mazkur korporativ tarmoq respublika AKM’laridagi qimmatli manbalarni virtual to‘plash va ulardan samarali foydalanishga keng yo‘l ochadi. Bu esa, ayni paytda, noyob tarixiy, adabiy-madaniy merosimizdan uzoq yillar davomida asrab-avaylab foydalanish, ularni kelajak avlodga beziyon yetkazish imkonini beradi.

Orphus system