Huquqiy eksperiment jarayoni davom etmoqda
07.08.2013
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Dilbar Holiqova.

Bugungi kunda Buxoro va Samarqand viloyatlarida «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi normalarining sinovi bo‘yicha huquqiy eksperiment asosiy bosqichda o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 1-dekabr kunigacha davom etadigan mazkur bosqich mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda boshqa axborotdan foydalanuvchilar faoliyati eksperimentdagi qonun loyihasi normalari talablariga muvofiq tashkil etishga, hokimiyat, boshqaruv tuzilmalari faoliyati ochiqligini ta’minlashning qonun loyihasida nazarda tutilgan shakllari va usullariga ishlov berish, shu jumladan, ushbu tuzilmalar tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasidagi vazifalarni amalga oshirish masalalari hamda jamoatchilik uchun qiziqarli bo‘lgan boshqa masalalar bo‘yicha intervyu, matbuot-anjumanlari, brifinglar o‘tkazish, shuningdek, qonun loyihasi normalarining samaradorligi bo‘yicha kompleks baholar olishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 20-martdagi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi sinovi bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish to‘g‘risida»gi F-3987-sonli Farmoyishi ijrosini ta’minlash, huquqiy eksperiment jarayonini puxta, belgilangan talablar darajasida o‘tkazish, unda deputatlar ishtirokini kuchaytirish maqsadida o‘tgan davr mobay-nida viloyat hokimlarining bir necha qaror va farmoyishlari qabul qilindi.

O‘tkazilayotgan huquqiy eksperiment subyektlari faoliyatining ochiqligini qonun loyihasida belgilangan qator usullar bilan ta’minlanmoqda. Viloyatlarda eksperiment o‘tkazish subyektlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotlar muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida chop etilmoqda va efirda uzatilmoqda. Masalan, faoliyat ko‘rsatayotgan mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari viloyat televideniyelarida «Ochiq muloqot» ko‘rsatuvida chiqishlari efirga muntazam ravishda uzatilmoqda. Rahbarlar ommaviy axborot vositalari ishtirokida matbuot-anjumanlari, brifinglar o‘tkazmoqdalar. Huquqiy eksperiment jarayoni boshlangandan buyon mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilayotgan matbuot-anjumanlari soni ikki–uch baravarga ko‘paydi. Matbuot-anjumanlarining samaradorligini oshirish, keng ommaga yanada tushunarli qilib yetkazish maqsadida turli usul va vositalardan ham foydalanilayapti. Masalan, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining bir qator vakillariga davra suhbatlari turkumi tashkil etilmoqda, unda bevosita slayd, ko‘rgazmalardan foydalanilayapti, press-reliz, shuningdek, tarqatma materiallar tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, huquqiy eksperiment o‘tkazilayotgan viloyatlarda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-turlar tashkil etilishi mo‘ljallanmoqda. Mazkur tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad jurnalistlar bilan viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan yirik sanoat, qishloq xo‘jalik, servis korxonalari, ayniqsa, yangitdan tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalariga sayohat qilish, sohalarda erishilgayotgan muvaffaqiyatlar bilan nafat respublikamiz aholisi, balki xorijiy davlatlarni ham keng tanishtirishdan iboratdir.

Darhaqiqat, Buxoro va Samarqand viloyatlarida shu kunga qadar ommaviy axborot vositalari tomonidan huquqiy eksperimentning mazmun-mohiyati, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining, amalga oshirilayotgan islohotlar siyosatining ochiqligini ta’minlash, davlat organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor etish, ommaviy axborot vositalarining chinakam erkinligi va mustaqilligini ta’minlash borasida 200dan ortiq materiallar berildi. Bu borada huquqiy eksperiment o‘tkazilayotgan viloyatlardagi ommaviy axborot vositalari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari bilan hamkorligi huquqiy eksperiment samaradorligini ta’minlash, uni amalga oshirish jarayoni to‘g‘risida fuqarolarga to‘laqonli va o‘z vaqtida axborot yetkazish, qonun loyihasi normalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha yuridik hamda jismoniy shaxslarning taklif-mulohazalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda Buxoro viloyatida aholining keng qatlamiga viloyat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hamda ma’naviy-ma’rifiy hayotiga oid muhim xabar va yangiliklar yetkazayotgan ommaviy axborot vositalari soni 41tani tashkil etib, shundan 36tasi bosma, 5tasi elektron OAV’dir. 1994-yilda esa ularning soni atigi 17tani tashkil etgan. Xuddi shunday Samarqand viloyatida mazkur ko‘rsatkich bugungi kunda 59tani tashkil etib, shundan 54tasi bosma, 5tasi elektron OAV’dir. 1994-yilda esa ularning soni 21tani tashkil etgan. Albatta ayni chog‘da faoliyat ko‘rsatayotgan OAV bundan 20 yil avval mavjud bo‘lgan OAV’lari bilan faqatgina son jihatidan farqlanmaydi, balki uning moddiy texnika bazasi zamon talablari va standartlariga mosligi, jurnalistlarning professional mahorati aynan global axborot makonida professional raqobatga sobitqadamligi bilan ham ajralib turadi.

Huquqiy eksperiment o‘tkazish subyektlari faoliyatining ochiqligi, shuningdek, axborotni maxsus ajratilgan binolarga va joylarga joylashtirish, axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali taqdim etish, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning, jumladan, OAV vakillari eksperiment o‘tkazish subyektlarining kollegial organlari majlislariga kiritilishini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning, ommaviy axborot vositalarining so‘rovlari asosida og‘zaki va yozma shaklda axborot taqdim etish orqali ham amalga oshirilmoqda.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni tez, sifatli hamda ishonchli tarzda taqdim etishning samarali vositalaridan biri rasmiy veb-saytlar hisoblanadi. Ularda axborotlar «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi talablariga muvofiq joylashtirilishi va muntazam yangilanib borilishi ommaviy axborot vositalari xodimlari va fuqarolarga katta qulayliklar yaratadi. Bu ayni paytda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlarining mas’uliyatini yanada oshirishni taqozo etadi.

Shuning uchun eksperiment o‘tkazilayotgan hududlarda mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlarini qonun loyihasida belgilangan me’yorlar asosida takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Ularga qabul qilingan qarorlar hamda boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarni joylashtirish, har bir ma’lumotning kiritilgan va yangilangan sanalarini aniq ko‘rsatish, fuqarolar murojaatlari va axborotdan foydalanuvchilarning so‘rovlarini rasmiy veb-sayt orqali qabul qilish hamda javob berish, kollegial yig‘ilishlar haqida ishonchli ma’lumotlar joylashtirib borish eng muhim vazifalardan hisoblanadi.

Shu o‘rinda, huquqiy eksperimentni amalga oshirish doirasida aholini, jamoatchilikni, fuqarolik jamiyati institutlarini eksperimentning vazifalari, maqsadlari, tartibi va borishi haqida muntazam ravishda xabardor qilib borish, jurnalistlar tomonidan eksperiment o‘tkazilayotgan subyektlarning rahbarlariga bevosita savollar yo‘llash, Ishchi komissiyasi a’zolari, ekspertlar va boshqalarning tezkor ravishda, axborot sohasida o‘zaro hamkorlik qilishi imkoniyatini beruvchi maxsus (www.legalexperiment.uz) internet-sayti tashkil etildi.

Shuningdek, mazkur veb-sayt orqali Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi huquqiy eksperiment subyektlari o‘z faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha qonun loyihasida belgilangan usullarni hayotga tatbiq etish yuzasidan olib borilayotgan ishlari haqida elektron ko‘rinishda har oy va choraklarda hisobot taqdim etish tizimi yaratildi. Mazkur tizim nafaqat eksperiment subyektlari, balki barcha axborotdan foydalanuvchilar uchun ham juda qulay va oson. Chunki veb-saytga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash usullarni amalga oshirish bo‘yicha hisobotni elektron shaklda to‘ldirib, jo‘natish bilan birga, unda eksperiment subyektlari tomonidan har haftada joylashtiriladigan axborot va xabarlar veb-saytda ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatimizdagi va xorijiy davlatlardagi har bir ommaviy axborot vositalariga avtomatik tarzda etib boradi.

Shunday ekan, bu ishga huquqiy eksperimentning subyekti va ishtirokchisi jiddiy yondashishi kerak. Chunki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini OAV’da keng yoritish, ular ishining shaffofligini ta’minlash, fuqarolarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, olib borilayotgan tashqi va ichki siyosat haqida xabardorligini oshirish bo‘yicha OAV’ning mas’uliyatini yanada kuchaytirish, davlat organlari faoliyati haqidagi xolis va haqqoniy axborotlarni aholining turli qatlamlariga yetkazish jarayonida jurnalist mas’uliyati va uning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish muhimdir.

Demak, xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, huquqiy eksperiment Buxoro va Samarqand viloyatlari ommaviy axborot vositalarini jiddiy sinovdan o‘tkazmoqda. Boisi, inson qachon o‘zi ishlayotgan soha, yashayotgan hudud, uning rivojlanishi holati va istiqboli uchun rejalashtirilgan ishlar ahamiyati haqida keng ma’lumotga ega bo‘lsa, islohotlarning turmush farovonligini oshirishga qaratilganligini tushunsa, mazkur jarayonlarda faol ishtirok etish, kerak bo‘lsa, o‘z hissasini qo‘-shishga intiladi. Huquqiy tajribaning samarali o‘tishi, qonun loyihasining hayotiy ahamiyatini o‘rganish uchun fuqarolarning dunyoqarashini kengaytirish hamda faolligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari ham OAV oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi. Buxoro va Samarqand viloyatlarida «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi normalarining sinovi bo‘yicha huquqiy eksperiment, birinchi navbatda, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari manfaatlariga xizmat qiladi. Ular tomonidan yuborilayotgan so‘rovlar asosida mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimli ravishda o‘z faoliyatini tahlil qilib, baholab boradi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq