Baxtiyor Yuldashev, “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi Marketing, shartnomalar va innovatsiya xizmati boshlig‘i
31.07.2013
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

crrt_31_07_2013

Vazifalar mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining tegishli qarorlari bilan Korxona oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan va bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» davlat unitar korxonasining ish faoliyati va tashkiliy tuzulmasi qaytadan o‘rganib chiqilib, yanada takomillashtirildi. Natijada korxona tarkibida Sifatni boshqarish va metrologiya xizmati, Axborot xavfsizligi va texnologiyalari xizmati, Investitsiya loyihalari va kapital qurilish xizmati, Energiya resurslarini boshqarish xizmati kabi bir qator yangi bo‘linma va xizmatlar paydo bo‘ldi. Yangi bo‘linmalar va ular faoliyatining muvofiqlashtirilganligi korxona maqsadi va vazifalarini yanada sifatli amalga oshirishga sharoit yaratadi.

crrt_31_07_2013_1

Shu bilan birga, tarkibiy bo‘linmalar tuzilmalari yangi talablarga mos holda tubdan qayta ishlab chiqildi hamda hududiy radioteleuzatish markazlari Nizomlari yangitdan tasdiqlandi. Korxona va uning hududiy bo‘linmalari oldida turgan dolzarb vazifalar qaytadan belgilab olindi. Ilmiy-texnikaviy rivojlanish ko‘p sohalarda, shu jumladan, televideniye sohasida ham yangi yutuqlarga olib keladi. Analog tizimidagi televideniyening o‘rniga yuqori sifatli raqamli televideniye tizimi kirib kelmoqda. Respublikamizda bu yo‘nalishdagi ishlar 2008-yildan boshlangan va bevosita O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi rahbarligi ostida amalga oshirilmoqda.

2008–2010 yillar davrida Toshkent, Buxoro, Cho‘ponota, Nukus, Urganch, Andijon va Odamtosh radiotelevizion stansiyalarida ilk bor raqamli teleuzatkichlar o‘rnatilib, ishga tushirildi. 2012-yil mobaynida raqamli tele-uzatkichlar Qo‘qon, Vaxshivor, Guliston va Langar radiotelevizion stansiyalarda o‘rnatilib, ishga tushirildi. Hozirgi kunda 12ta teledasturdan iborat birinchi ijtimoiy raqamli televizion paketda uzatilayotgan teledasturlar bilan respublika aholisining qamrov darajasi 42 foizdan oshdi. 2013-yilning rejasida Qo‘ytosh, Angren, Bekobod, Pitnak va So‘x radiotelevizion stansiyalarida raqamli teleuzatkichlarni o‘rnatish va ishga tushirish, shuningdek, Toshkent shahrida eksperimental ravishda DVB-T2 formatdagi raqamli teleuzatkichni o‘rnatish rejalashtirilgan. Hozirga kelib, Angren, Pitnak, So‘x radiotelevizion stansiyalarida raqamli teleuzatkichlar o‘rnatilib, test rejimida ishga tushirildi. Shu bilan birga, Toshkent teleminorasida DVB-T2 standartidagi uzatkich test rejimida ishlamoqda.

crrt_31_07_2013_2

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik jihatdan o‘tish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida»gi 2012-yil 17-apreldagi PQ-1741 sonli Qarori respublikada raqamli televideniye tarmog‘ini rivojlantirishning huquqiy asosini yaratib bergan muhim hujjatlardan biridir. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan Davlat dasturida raqamli televideniyega o‘tish ikki bosqichda amalga oshiriladi.

1-bosqich. 2012–2015 yillar. «O‘zbekiston Respublikasida yerusti raqamli teleeshittirish tarmog‘ini rivojalantirish» loyihasi doirasida viloyatlar markazlari va yirik aholi punktlarida 66tadan ortiq turli, asosan yuqori quvvatli, raqamli televideniye uzatkichlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

2-bosqich. 2016–2017 yillar. «O‘zbekiston Respublikasining uzoq va borish qiyin aholi punktlarida raqamli teleeshittirish tarmog‘ini rivojlantirish» loyihasi doirasida 300dan ortiq uzoq va borish qiyin aholi punktlariga raqamli televideniye kanallari paketini yo‘ldoshli aloqa kanallari orqali yetkazib berish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda bu loyihalarni amalga oshirishga doir texnik hisob-kitob asoslari, loyiha smeta hujjatlari va texnik inshootlar hamda xonalar tayyorlash ishlari boshlab yuborildi.

Korxonada doimiy ravishda xizmatlar hajmini va xo‘jalik hisobidagi faoliyatdan olinadigan daromadlarni oshirish ishlari olib borilmoqda. Ularning 2013-yil yarim yillikdagi hajmi 2012-yilning yarim yilligiga nisbatan 12,6 foizga ko‘paydi. Bunday o‘sishning asosiy omillari teledasturlarni uzatish xizmatlari va boshqa qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish hajmining oshishidir. Energiya resurslari xarajatlari va oylik ish haqi miqdorlarini oshganligini inobatga olgan holda, ishlab chiqilgan teleradiouzatish xizmatlarining tarif Preyskuranti Moliya vazirligi tomonidan deklaratsiya qilindi 2013-yil 1-iyuldan boshlab teleradiodasturlarni uzatish tariflari 8,6 foizga oshirildi va rasmiy ravishda e’lon qilindi. Bu esa o‘z o‘rinda korxonaning moliyaviy faoliyatini yanada sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.

Korxonaning moliyaviy faoliyatini sog‘lomlashtirish maqsadida joriy ishlab chiqarish xarajatlarini moliyalashtirish va xo‘jalik shartnomalarini rasmiylashtirish markazlashtirildi, korxonaning hududiy bo‘linma-larning asosiy ishlab chiqarish xarajatlarini (ish haqi, soliq va majburiy ajratmalar, obyektlarni qo‘riqlash va hokazo) rejaga muvofiq moliyalashtirish yangi tizimi yaratildi, mablag‘lar tanqisligi masalasi ma’lum darajada bartaraf etildi.

Har bir korxonaning muvaffaqiyatli faoliyatining asosi — bu mutaxassislardir. Ularning mahorati, o‘z kasbiga ustaligi va amaliy tajribasi oldiga qo‘yilgan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarilishining omilidir. Mazkur omilning muhimligini tushungan holda korxonada ishlab chiqilgan rejaga muvofiq tizimli ravishda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, korxona hisobidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetida shartnoma asosida bakalavriat va magistratura bosqichlarida 19 nafar talaba tahsil olmoqda.

Kadrlar tayyorlashning muhim omili — ustoz-shogird tizimini ishlab chiqarish jarayonida keng qo‘llanishidir. Aloqa sohasida, jumladan, korxonada ko‘p yillardan beri ishlab kelayotgan tajribali mutaxassislarning yoniga yosh mutaxassislarni birlashtirilgani katta samara bermoqda. Ular bo‘lajak ish joylariga o‘rganmoqdalar, bir yo‘la tajribali mutaxassislardan bilim va ko‘nikmalarni olmoqda. Shuningdek, joylarda korxonaning tajribali mutaxassislari kuchi bilan yosh kadrlarni yangi texnologiyalar va zamonaviy uskunalarda ishlash ko‘nikmalariga o‘rgatish ishlari ham olib borilmoqda. Rahbar xodim va mutaxassislarning malakasini oshirish barcha daraja va yo‘nalishlarni qamrab bormoqda. O‘tgan hisobot davrida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining O‘quv-texnik markazi negizida hududiy radioteleuzatish markazlari direktorlari, bosh muhandislari, bosh hisobchi hamda iqtisodchilari uchun alohida-alohida malaka oshirish kurslari tashkil etildi va o‘qitildi. Birinchi yarim yillikda 85 nafar rahbar va mutaxassis xodimlarning ishlab chiqarishdan ajralgan holda malakasi oshirildi.

Toshkent teleminorasi nafaqat respublikamiz, balki butun Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan noyob obyektdir. «RRTM» DUK Buyuk minoralar xalqaro federatsiyasiga a’zo. Toshkent teleminorasining kuzatuv maydonchasiga chiqib, yuqori balandlikdan ko‘rinadigan poytaxtimiz chiroyi va so‘lim manzaralaridan bahramand bo‘lish ishtiyoqida keluvchi mehmonlar kundan-kunga ko‘paymoqda. Ekskursiya xizmati xodimlari tashrif buyuruv-chilarga teleminora tarixi va uning bugungi kuni haqida qiziqarli va to‘liq ma’lumot berishga harakat qilmoqdalar. Mehmonlar safini faqat poytaxt aholisi emas, balki respublikamizning barcha mintaqalaridan tashrif buyuruvchilar borligi quvonchilidir. Toshkent teleminorasiga xorijiy mamlakatlardan sayyohlar ham tez-tez kelmoqdalar. Bunday qiziqish ekskursiya xizmati sifatini doimiy oshirishga va teleminora nufuzini saqlashga undaydi.

Korxonada ko‘p yil mehnat qilib, nafaqaga chiqqan faxriylarimiz alohida hurmat va e’tiborda. Umumxalq bayramlari — Navro‘z, Xotira va qadrlash kuni, Mustaqillik bayrami kunlari — korxona tomonidan barcha xodimlar kabi ularga ham moddiy yordam ko‘rsatiladi, uylariga borib, xabar olinadi. Insonning ma’naviyati uning dunyoqarashini, atrofdagilarga munosabatini belgilaydi. Korxonada tizimli ravishda mutaxassislarni ma’naviy dunyosini boyitish va ular orasida ma’rifiy ishlar olib borilmoqda. Rejaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida taniqli ijodkorlar, madaniyat faollari va san’at arboblari taklif qilingan holda, muhim sanalarga bag‘ishlangan mehnat jamoasining yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda. Bunday yig‘ilishlarda xodimlarning o‘zlari ham ma’ruzalar bilan chiqmoqdalar. Yig‘ilish mavzusi bo‘yicha erkin fikr almashinuvi yig‘ilganlarning bilimlarini kengaytirishga, ularni qiziqtiruvchi savollarga javob berishga imkon yaratadi. Madaniyat arboblari — taniqli yozuvchi va san’atkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish ham yaxshi an’anaga aylangan. O‘zbekistonning har bir fuqarosi va respublikamizning mehmonlari televizor orqali ko‘rsatuv tomosha qilganda yoki radio orqali eshittirish tinglaganda, yuqori tog‘liq yoki qiyin iqlim sharoitidagi radiotelevizion stansiyalarda uskunalarni beto‘xtov ishlashini ta’minlayotgan korxona mutaxassislari ishi mahsulidan bahramand bo‘layotgani bizga kuch bag‘ishlaydi.

Imkoniyatdan foydalanib, aloqa va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasining barcha mutaxassislari va jurnalxonlarga salomatlik, ishlariga rivoj va omad tilayman.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq