Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish jarayoni hamda 2013 yilning 1 – yarim yilligi mobaynidagi ishlar sarhisob qilindi

Joriy yilning 19 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining 2013 yilning 1 – yarim yilligi mobaynida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar sarhisobiga bag‘ishlangan navbatdagi Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Qo‘mitaning rahbar va mas’ul xodimlari, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi aksiyadorlik kompaniyalari, korxonalar va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.

Hay’at yig‘ilishida ta’kidlanganidek, joriy yilning 1 – yarim yilligi davomida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya tizimida faolit ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan 1815,3 mlrd. so‘mlik (2012 yilning shu davriga nisbatan 24,% ga yuqori) xizmat ko‘rsatilgan. Jumladan, aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar miqdori 1168,5 mlrd. so‘mni (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 24,8%) tashkil qildi.

Loyihalarga asosan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga o‘zlashtirilgan mablag‘ reja 152 foizga bajarildi.

2013 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, ma’lumot uzatish, jumladan, aholiga internet tarmog‘iga ulanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik sub’ektlari soni 924 taga, internetdan jamoa bo‘lib foydalanish punktlari (internet kafe) 1035 taga yetgan.

2013 yilning boshiga nisbatan xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish bo‘yicha umumiy tezlik 11 %ga oshgan va 8,7 Gbit/s.ni tashkil qildi.

O‘tgan davrda keng polosali telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘rnatilgan portlar soni 459 739 taga yetgan bo‘lsa, foydalanilayotgan portlar miqdori 133,8 foizga oshdi. Bu ko‘rsatkichlarning o‘sgani aholiga keng polosali ko‘p tarmoqli telekommunikatsiya xizmatlari (IPTV, videotelefoniya, yuqori tezlikdagi nternet, ma’lumotlar uzatish, HDTV kanallarini ko‘rish va hokazi)dan foydalanish imkonini berdi.

Operator va provayderlarga Internet-xizmatlari uchun belgilangan tarif yil boshiga nisbatan 14,1 foizga kamaytirilgan.

Magistral, hududiy va mahalliy tarmoqlarni zahiralash, kengaytirish, shuningdek, abonent tarmoqlarini FTTx arxitekturasi asosida modernizatsiya qilish maqsadida joriy yil oxirigacha qurilishi rejalashtirilgan 2000 km.li liniyaning 1 028 km.dan ortig‘iga optik aloqa tarmoqlari qurildi.

Raqamli televideniyega bosqichma-bosqich o‘tish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasida mazkur xizmatdan foydalanuvchi aholi miqdori 43,5 % ga yetgan.
UZ milliy domenlar tizimida ro‘yxatdan o‘tgan domenlar soni 16,6 mingdan oshdi.

Interaktiv davlat xizmatlari ma’lumotlar reyestridan 197 turdagi xizmatlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, davlat organlari tomonidan veb-saytlar orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 617 tani tashkil qildi.

Elektron hujjat aylanishi va yagona himoyalangan elektron pochta xizmatiga 127 ta davlat organi, joylardagi tegishli hukumat muassasalari va 194 ta tuman va shahar hokimiyatlari ulandi.
Mazkur davrda sertifikatlangan, ro‘yxatga olingan va foydalanilayotgan elektron raqamli imzolar miqdori 291,4 ming nafarga yetdi.

Joriy yilda “Ye-XAT” himoyalangan elektron pochta tizimida ayirboshlangan elektron xatlarning umumiy soni 136 035 tani tashkil etdi, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning 2-yarim yillik ko‘rsatkichidan 2,8 barobar yuqori.

Software.uz — dasturchilar va dasturiy mahsulotlar milliy katalogida 80 dan ziyod dasturchilar, 40 dan ortiq dastur ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, milliy katalogdagi dasturchilar va dasturiy mahsulotlar soni 1500 tani tashkil etdi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi va mahalliy davlat boshqaruvi organlari xodimlarining kompyuter savodxonligini aniqlash bo‘yicha shu kunga qadar 26,2 ming nafar kishi imtihondan o‘tkazildi.
Hay’at yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasining 2013 yilgi iqtisodiy dasturning yo‘nalishlari va eng muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishi bo‘yicha o‘tkazilgan majlisida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar alohida muhokama qilindi. Tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar rahbarlari, mas’ul xodimlarga quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalari yuklatildi:
— sohaga doir samarali standart va xalqaro tajribani o‘rganish, axborotlashtirish va iqtisodiyotning rivojlanish ko‘rsatkichini aniqlashning tizimli mezonlarini ishlab chiqish va tizimli monitoringni yo‘lga qo‘yish;
— 2013-2020 yillarda O‘zbekistonning informatsion-kommunikatsiya tizimini kompleks rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturiga muvofiq loyihalarni amalga oshirish, jumladan, davlat va aholi o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni “yagona oyna” tizimi orqali mustahkamlash, “Elektron hukumat” axborot tizimi va ma’lumotlar tizimini rivojlantirish doirasida muayyan loyihalarni amalga oshirish;
-davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish, muddatini qisqartirishga erishish, shuningdek, barcha davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning yagona standartlarini ishlab chiqish;
— FTTx texnologiyasiga asoslangan keng polosali optik aloqa tarmoqlarini yanada rivojlantirish;
— Hududlarda, xususan, qishloq joylarida EV-DO texnologiyasida ishlovchi CDMA-450 rusumidagi mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish;
-Toshkent va Jizzax viloyatlari hududlarida qo‘shimcha 2 ta raqamli televideniye uzatkichlarini o‘rnatish va mazkur xizmatdan foydalanuvchi aholi miqdorini 45 % ga yetkazish.

Yig‘ilishda hududiy boshqarmalarning faoliyati tanqidiy o‘rganib chiqilib, mas’ul rahbarlarga viloyat hokimiyatlari huzuridagi Kompyuterlashtirish markazlarining faoliyatini o‘rganib, samarali tashkil qilish, keng polosali internet tarmog‘iga ulanish bo‘yicha loyihalarni tatbiq etish, axborot texnologiyalari yordamida aholi va davlat o‘rtasidagi o‘zaro interaktiv aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Hay’at yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli xulosa va takliflar qabul qilindi.

Orphus system