Telefon va telefon aloqasining rivojlanish tarixi

tel_1_07_2013

Таrix g‘ildiraklari o‘zi bilan kecha, bugun, ertaga tushunchalari va ularning mazmun-mohiyatini jamlab, ilgari aylanib boraveradi. Ba’zan bizga vaqt juda tez odimlab ketayotgandek, rejalashtirgan ishlarimizni amalga oshirishga ulgurish imkonini bermayotgandek tuyuladi. Aslida, ana shu kecha, bugun, ertaga deb nomlagan kunlarimizning har biri tariximz sahifasini boyitadi, inson hayotini umid bilan ilgari odimlashga undaydi.

Ayrim voqea va hodisalar esa tarix zarvaraqlarida o‘chmas iz qoldiradi. Ular haqidagi ma’lumotlar tarixiy yodgorlik va obidalar, kitoblar hamda muzeylarda kelajak avlodlar uchun saqlanadi. Aloqa sohasining rivojlanish tarixida bo‘lib o‘tgan shunday yorqin xotiralar Toshkent shahridagi Aloqa tarixi muzeyi zallaridan o‘rin olgan. Demak, avvalgi sonlardagi mavzuimizni davomi sifatida muzey eksponatlarini o‘rganish uchun muzey zallarini tomosha qilamiz.

XIX asrning so‘nggi yillarida simli telegrafning takomillashib, rivojlanishi bilan telefon ham ixtiro etildi. 60-yillarda I. F. Reys telefon apparatini loyihalashtirdi va u tezda amaliyotda qo‘llanila boshladi. Keyinchalik telefon rivoji amerikalik ixtirochilar I. Grey (1835–1901) va A. G. Bell (1847–1922)lar nomi bilan bog‘liq bo‘ldi. Bell uzatuvchi va qabul qiluvchi elektromagnit telefonini taqdim etganda unga katta qiziqish bilan qarab «Bell telefon kom-paniyasi»ning tashkil etilishiga ko‘maklashdilar. Natijada u yirik konsernga aylanib ketdi.

1878-yilda D. E. Yuz o‘zi a’zo bo‘lgan London qirollik jamiyatiga mikrofon ixtiro etganligini ma’lum qildi. Yuz sifatsiz elektr ulanishlarni tadqiq eta turib, bunday ulanishda, telefonda shovqin eshitilishini aniqladi. Turli materiallardan tayyorlangan ulanishlarni tekshirib, presslangan ko‘mirdan foydalanilganda katta samara berilishini aniqladi. Yuz mazkur natijalarga tayanib, 1877-yilda mikrofon deb nomlangan telefon uzatkichni taqdim etdi. «Bell kompaniyasi» Yuzning yangi ixtirosini o‘zining dastlabki apparatida mavjud bo‘lmagan detal sifatida ishlab chiqara boshladi. Telefonning takomillashuvi ustida (V. Simens, Ader, Gover, Shteker, Dolbir va boshqa) ko‘plab ixtirochilar mehnat qildilar. Edison boshqa turdagi telefon apparatini loyihalashtirdi (1878). U ilk bor telefon apparati sxemasiga induksion katushka va presslangan ko‘mir qurumili mikrofonni kiritdi va uzoq masofalarga ovozni uzatishni ta’minladi.

Bellning ixtirosi telefoniya asrini boshlab berdi. «Telefoniya» atamasi ancha keng ma’noga ega bo‘lib, telefon aloqasining barcha ilmiy-texnik jihatlarini qamrab oldi. 1876-yildan keyin telefon aloqasi abonentlar sonining va tarmoq bo‘yicha uzatiladigan axborot hajmining o‘sib borishi bilan eng ommabop aloqa vositasiga aylandi. Telefon aloqasining bunday ahamiyati uning boshqa texnika vositalariga nisbatan shaxsiy muloqot o‘rnatishni samarali ta’minlashi bo‘lib hisoblanadi. Mazkur aloqa vositasi orqali: telefon xabari bir vaqtda ma’no-mazmunli axborot (matn)ni uzatadi, xabar bilan birga, gapirayotgan odamning individual belgilari va emotsional bo‘yoqlari bilan yetkaza oladi.

O‘tgan 125 yil mobaynida telefoniya Bell taklif etgan qo‘shni binodagi shaxslar bilan muloqot qilishga asoslangan oddiy elektromagnit telefondan videotelefonga va hozirgi global telefon aloqasi tarmog‘iga aylangunga qadar, katta yo‘lni bosib o‘tdi. Keyinchalik Bellning ixtirosi keng qo‘llanila olmasligi ma’lum bo‘ldi. Shu sababli ham, 1878-yilda Nyu-Xeyven (AQSH) shahrida abonentlarga xizmat qiluvchi dastlabki telefon stansiyasidan foydalanila boshladi. Ke-yinchalik telefon aloqasida muloqot zonasini kengaytirib borish zarurati tug‘ila boshladi. Shu tariqa, telefon tarmog‘ida ko‘p bosqichli struktura konsepsiyasi yuzaga keldi. Telefon tarmog‘i masshtabi kengligi va murakkabligidan qat’iy nazar, uch guruhga birlashtirish mumkin bo‘lgan elementlardan tashkil etiladi:
• abonent terminallari (odatda — telefon apparati);
• aloqa liniyasi (abonentlik va birlashtiruvchi liniyalar);
• kommutatsiya markazi va telefon stansiyalari.

Тelefon stansiyalarining rivojlanishi
Dastlabki telefon stansiyasi 1877-yilda AQSH’da, venger muhandisi T. Pushkash (1845–1893) loyihasi asosida qurilgan. 1879-yilda telefon stansiyasi Parijda, 1881-yilda Berlinda, keyinroq Peterburg, Moskva, Odessa, Riga va Varshavada qurilgan. Telefon aloqasining keyingi rivoji uchun P. M. Golubitskiyning 1885-yildagi markaziy batareyadan elektr quvvat oluvchi telefon stansiyasi sxemasi muhim o‘rin tutdi. P. M. Golubitskiy yuqori darajada sezgir telefon ixtiro etdi va telefon apparatni yaratdi. Uning ishlash tamoyili hozirgi zamonaviy apparatlarda ham saqlanib qoldi. 1883-yilda olim ko‘mir kukuni bilan mikrofon yaratadi.

tel_1_07_2013_1

1887-yilda rus olimlari tomonidan «o‘zi ishlaydigan markaziy kommutator» — avtomatik telefon stansiyasi (ATS) ga asos solindi. U zamonaviy mazmundagi ATS’larga o‘xshamasa ham, stansiyada kommutatsiyalarni birlashtirish vazifasini telefonist shaxs yordamisiz amalga oshirardi va abonentlarning o‘zlari tomonidan boshqarilardi.

Shu tariqa, jahon bo‘ylab rivojlana boshlagan telefon aloqasi mamlakatimizga ham kirib keldi. XIX asrda iqtisodning sezilarli darajada o‘sishi, shaharlarda sanoat, bank-moliyaviy tashkilotlari, tijorat korxonalari faoliyat ko‘rsata boshlashi o‘lkada shahar va shaharlararo telefon aloqasining asta-sekin rivojlanishiga asos bo‘ldi.

1887-yilda Toshkent pochta-telegraf idorasi o‘rtasida telefon aloqasi tashkil etildi. 1891-yil iyulda Toshkent telefon tarmog‘ini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi va 1891-yilda Toshkent shahrida umumiy foydalanish imkoniyatlarini beruvchi telefon tarmog‘i tashkil etildi.

tel_1_07_2013_2

Shu tufayli, 1901-yilga kelib, Toshkentda telefon aloqasi xizmatidan foydalanuvchilar soni 55 nafarga yetdi.

1904-yil 7-sentabrda 200 raqamli «Simens va Galske» tizimidagi birinchi qo‘l bilan boshqariladigan telefon stansiyasini foydalanishga qabul qilish bo‘yicha kerakli hujjatlar imzolandi. 1904-yilga kelib, Toshkent shahrida birinchi davlat telefon stansiyasi ishga tushirildi. Toshkent shahridan keyin shunday telefon stansiya Samarqand shah-rida qurildi. 1907-yilda esa telefon tarmog‘ida va telefon apparatlarda bo‘layotgan nosozliklarni bartaraf etish uchun Toshkent shahrida shaxsiy telefon ustaxonasi ochildi. 1895-yilda Xiva shahrida birinchi xususiy telefon stansiyasi ishga tushirildi. Ushbu qo‘l bilan boshqariladigan stansiya 20 raqamli bo‘lib, shved firmasi «Eriksson» tomonidan ishlab chiqilgan edi. 1917-yilga kelib, Xiva shahrida 100ga yaqin telefon raqamlaridan foydalanish imkoniyati ochildi.

1901-yilda xususiy tadbirkorlarga shahar birinchi telefon stansiyalarini qurish, ishga tushirish va ekspluatatsiya qilish huquqini berish haqidagi farmoyish imzolandi. Natijada Toshkent shahar telefon tarmog‘idagi abonentlar soni o‘sib, shaharning eski qismiga ham o‘rnatildi. Shuningdek, telefon-avtomat: Temiryo‘l vokzali, Toshkent Tovar stansiyasi va boshqa joylarga qo‘yildi.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida, O‘zbekistonda aloqa sohasining jadal rivojlanishiga erishildi. Telefon tarmoqlarida ham abonentlarga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilandi. Telefon aloqasining texnik ko‘rsatkichlari: texnik sabablarga ko‘ra to‘xtash koeffitsiyenti, aloqa tizimida bo‘layotgan uzilishlar kamaydi hamda aloqa vositalari bilan ta’minlangan shahar va tuman markazlarini Toshkent shahri bilan uzluksiz aloqa qila olish imkoniyatlariga erishildi. Toshkentda aholining zich joylashganligini inobatga olgan holda, telefon aloqasi tarmog‘ini 10 000 raqamgacha kengaytirish qarori qabul qilindi va Toshkent ATS’ni to‘liq o‘zini-o‘zi boshqarish hisobiga o‘tkazish taklifi berildi. Asta-sekin Toshkentda abonentlar va telefon-avtomatlar soni ko‘payib bordi hamda shaharni telefon aloqasi bilan ta’minlash maqsadida qo‘shimcha telefon stansiyasi qurildi.

tel_1_07_2013_3

Shu bilan bir qatorda, shaharlararo telefon aloqasini rivojlantirishga ham e’tibor qaratila boshlandi. Respublikadagi 17ta shaharlararo telefon stansiyasi, 70ta so‘zlashuv punktlari foydalanishga qabul qilindi. 1935-yilda Shaharlararo telefon stansiyasi Markaziy Telegraf tasarrufidan chiqarilib, unga mustaqil korxona maqomi berildi.

Telefoniya taraqqiyoti
XX asrning 70-yillaridan telefoniya rivojida katta o‘zgarishlar yuzaga keldi. Telefoniyaning asosini yangi texnologiyalar tashkil eta boshladi:
• elektron texnologiya telefoniyaning barcha apparat vositalarini elektron elementlar va texnologik bazaga o‘tishiga imkon berdi;
• barcha turdagi axborotni yagona raqamli shaklda bera oladigan raqamli texnologiya, shuningdek, uzatish va kommutatsiya tizimi;
• ATS’ni boshqarishda foydalanila boshlangan kompyuter texnologiyasi yordamida kompyuter terminallarining yaratilishi, abonentga yagona terminal orqali barcha turdagi axborotni olish imkoniyatini berdi.

Telefoniyaning kompyuterlashtirilishi kompyuter-telefon integratsiyasi (Computer Telephone Integration — CTI) deb atalib, turli tarmoqlarni, uzatish tizimi, kommutatsiya, terminal qurilmalarini boshqarish ishlarini birlashtirish imkonini berdi. Telefoniya tarixining ikkinchi bosqichida katta o‘zgarishlar bo‘lib, shu bilan birga, ayniqsa, keyingi o‘n yilliklarda yuqori sur’atda o‘sish ko‘rsatkichlari namoyon bo‘ldi. Mujassamlangan xizmatlar tizimi va tarmog‘i (ISDN — Integrated Services Digital Network) paydo bo‘ldi. Telefoniyaning Mobil aloqa tarmog‘i, abonentni simsiz ulash kabi ilovalari muvaffaqiyatli taraqqiy etmoqda. Kompyuter-telefon integratsiyasi yo‘nalishi barcha funksiyalarga ega dasturiy-apparat platformasini — intellektual tarmoq serveri yagona tizimining yaratilishiga sabab bo‘ldi. Multimediyali ilovalar (videokonferensiyalarni uzatish va boshqalar), paketli kommutatsiya tarmog‘i bo‘yicha nutqni uzatadigan IP-telefoniya texnologiyasi ham tez sur’atlarda rivojlana boshladi.

tel_1_07_2013_4

Telefoniya mazmunining (yangi texnologiyalar, xizmatlarni taqdim etishning yangi xususiyatlari va imkoniyatlarining) o‘zgarishiga foydalanuvchilarning munosabatlari ham o‘zgarib bormoqda. Bugungi kunda sifatli aloqasiz hech bir ishni amalga oshirib bo‘lmay qoldi, shu boisdan, foydalanuvchilar keng turdagi xizmatlarning sifatli bo‘lishini ham talab etmoqdalar. Bu talabning qondirilishi telefoniya tizimidagi raqobatbardoshlik ko‘rsatkichiga aylangan. Telefoniyaga yangi texnologiyalarning joriy etilishi nafaqat uning mazmunini, balki insonlar o‘rtasida muloqotdagi rolini ham o‘zgartirdi. Shu sababdan telefoniya inson hayotida muhim o‘rin egallay boshladi.

tel_1_07_2013_5

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishganidan so‘ng iqtisodiy sohalar va aholining telefon aloqasi xizmatlariga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini to‘liq hamda sifatli ta’minlanishida ushbu sohalardagi rivojlanish va ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi va katta ahamiyat kasb eta boshladi.

Maqola infoCOM.UZ jurnali va «Aloqa tarixi muzeyi» xodimlarining hamkorlikdagi loyihalari asosida tayyorlandi.

Orphus system