Dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishga doir qonunchilik bazasini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari
26.06.2013
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Dilbar Holiqova.

dast_26_06_2013

Respublikamizda izchil tarzda davom etayotgan keng qamrovli islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish, zamonaviy axborot jamiyatini shakllantirishdan iboratdir. Shu o‘rinda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, xususan, mahalliy dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirish borasida hozirgacha ko‘rilgan chora-tadbirlar, yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida ta’kidlash joiz, ya’ni, bu borada erishilayotgan yutuqlarda, eng avvalo, sohani tartibga soluvchi mukammal qonunchilik bazasi yaratilganligi asosiy zamin bo‘lmoqda.

«Aloqa to‘g‘risida», «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida», «Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida», «Axborotlashtirish to‘g‘risida», «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi qator qonunlar axborotlashtirish sohasini tartibga soluvchi mukammal huquqiy hujjatlar hisoblanadi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish g‘oyalari «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish konsepsiyasi»da o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unda jumladan, «…siyosiy modernizatsiya jarayonlarida tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan davlat va jamiyat qurilishi tizimida keng foydalanish lozim», — deya alohida ta’kidlangan. Konsepsiyadagi ushbu vazifalarning yechimini topishda dasturiy mahsulotlar milliy industriyasini kompleks rivojlantirish alohida ahamiyatga egadir. Zero, yurtimizda mahalliy dasturchilar tomonidan yaratilayotgan mahsulotlar ko‘lami yil sayin kengayib, bu yo‘nalishda taniqli ishlab chiqaruvchi firmalarning mahsulotlarini distributsiya va joriy qilish, xorijiy analoglar bilan raqobat qila oladigan mahalliy dasturiy mahsulotlar yaratilayotgan bo‘lsada, milliy softver sohasini rivojlantirishda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjud.

Misol uchun, offshor tizimida dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyatini tartibga solish talab etiladi. Shuningdek, dasturiy mahsulotlar ta’minoti bozori va uning eksport salohiyatini oshirish, milliy axborot makoni xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan dasturiy mahsulotlar yaratilishining o‘zi yetarli emas. Fikrimizcha, shu boisdan mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish doirasida dasturiy ta’minot industriyasini rivojlantirishning strategik maqsadlariga erishish uchun quyidagi vazifalarni bajarish lozim bo‘ladi:
• axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) milliy sohasini modernizatsiyalash — mamlakatni dasturiy ta’minot va IT-xizmatlarini ishlab chiqarish xalqaro markaziga aylantirish;
• texnologik mustaqillik va axborot xavfsizligi sohasida mamlakat milliy xavfsizligini ta’minlash;
• iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va ijtimoiy hayotda axborot texnologiyasidan foydalanish darajasini ko‘tarish;
• AKT’ga davlat tuzilmalari tomonidan yo‘naltirilgan xarajatlarni optimallashtirish hamda moliyaviy oqimni milliy bozorga yo‘naltirish;
• zamonaviy AKT sohasida fundamental va amaliy fanlarni rivojlantirish hamda tarmoqda innovatsiyani keng tatbiq etish uchun zamin yaratish;
• moddiy mahsulot ishlab chiqarishni jadallashtirish hisobiga iqtisodiyotning zamonaviy tarmoqlarini yanada rivojlantirish, valyuta tushumlari ko‘payishining yangi manbaini yaratish va import o‘rnini bosuvchi milliy mahsulotlar ishlab chiqarish siyosatini amalga oshirishni faollashtirish.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, xorijiy davlatlar, xususan, rivojlanayotgan dasturiy ta’minot bozorlariga ega bo‘lgan mamlakatlar tajribasining tahlili milliy softver bozori rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatayotgan salbiy tendensiyalar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bunda, birinchi o‘rinda, dasturiy ta’minot sohasida kuchli xorijiy kompaniyalar monopoliyalari mavjudligini qayd etish lozim. Masalan, Microsoft, Oracle, Adobe va boshqa kompaniyalarni shular jumlasiga kiritish mumkin. Xuddi shunday holat Google, Gmail, Yandex kabi global internet-serverlardagi axborotdan ko‘proq foydalanilayotganligida kuzatilmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlardan professional kadrlarning chiqib ketishi tendensiyasi mavjudligi ham ularda dasturiy ta’minot bozorining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ayni shu jihatlar hisobga olinib, ko‘pgina mamlakatlarda IT sohasini tartibga soluvchi qonunchilik faol isloh etilmoqda. Xususan, Koreya Respublikasida «Softver industriyasini rivojlantirish to‘g‘risida»gi Qonun, Ukrainada esa «Dasturiy mahsulotlar industriyasini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha iqtisodiy eksperiment to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan.

dast_26_06_2013_1

Mamlakatimizda ham dasturiy ta’minot industriyasini rivojlantirish, dasturiy mahsulotlarni barcha sohalarga keng joriy qilish hamda ushbu segmentga investitsiyalarni jalb qilish orqali axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha qulay muhitni shakllantirish maqsadida ushbu sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali muayyan vazifalarni hal etishga e’tibor qaratilmoqda. Bular axborotlashtirish, idoralararo integratsiyalashgan axborot tizimlari, axborot-resurslari va ma’lumotlar bazalarini shakllantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, idoraviy axborot-resurslari va ma’lumotlar bazalarini shakllantirish, tatbiq etish va rivojlantirish, yuridik va jismoniy shaxslarga interaktiv davlat xizmatlarini, milliy axborot tizimi doirasida integratsiyalashadigan axborot tizimlari komplekslarini o‘z vaqtida joriy qilish, davlat boshqaruvining samaradorligi va yuridik hamda jismoniy shaxslarga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatining oshirilishini ta’minlovchi «elektron hukumat» tizimini shakllantirish, bu yo‘nalishda ish o‘rinlarini yaratish sohasidagi muammolarning innovatsion yechimlarini topish, axborot xavfsizligi, axborot-kommunikatsiya infratuzilmasining uzluksiz ishlashini ta’minlash, dasturchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish kabi vazifalardir.

Bu borada Prezidentimizning 2012-yil 21-martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori talablarini bajarish muhim ahamiyat kasb etishini alohida e’tirof etish darkor. Mazkur qaror, avvalo, davlat organlarida maxsus dasturiy mahsulotlardan foydalanishni qat’iy belgilovchi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishni talab etadi. Qaror ijrosini ta’minlash doirasida milliy dasturchilar hamda davlat organlaridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni rag‘batlantirish choralari yanada takomillashtirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, davlat hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatida faqat litsenziyalangan dasturiy mahsulotlardan, jumladan, mahalliy yoki ochiq kodli dasturiy mahsulotlardan foydalanilishini kengaytirish muhim yo‘nalishlardan biri sanaladi. Bu esa hududlarda axborot texnologiyalarini yanada rivojlantirish, ichki bozorda milliy dasturiy mahsulotlar hajmini ko‘paytirish, AKT sohasiga yosh va istiqbolli mutaxassislarni jalb etish imkonini beradi.

Ushbu qarorda belgilangan zamonaviy axborot va telekommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish samaradorligini oshirish maqsadida sifatli, raqobatbardosh milliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish rivojini samarali rag‘batlantirish, mahalliy dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchilarni, dasturiy mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish, dasturiy mahsulotlarni tashqi bozorga olib chiqish, shuningdek, ularning raqobatbardoshligini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va ularning amaliyoti nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori ijrosini ta’minlashda Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-yanvardagi «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun davlat buyurtmasini shakllantirish va moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni va Vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo‘linmalarining shtatdagi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi Namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori muhim omil bo‘lishi shubhasiz. Binobarin, unda davlat buyurtmasi idoralararo integratsiyalashgan axborot tizimlari, axborot-resurslari va ma’lumotlar bazalari, idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan va erishilgan ko‘rsatkichlarni har chorakda aniqlashtirgan hamda davlat buyurtmasining manzilli qismini yangilagan holda har yillik asosda shakllantirilishi belgilangan.

Shuningdek, mazkur faoliyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan softver industriyasi hamda uning eksport potensialini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maqsadli dasturni shakllantirishga qaratilgan qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan muayyan ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatimizda litsenziyalangan dasturiy mahsulotlardan foydalanishga erishish, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishni kengaytirish hamda undan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq