TATU yosh mutaxassis-magistrlarni mustaqil hayotga kuzatdi

IMG_1401

«Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ga asosan Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 1999-2000 o‘quv yilidan boshlab magistratura bo‘limi ochildi. O‘tgan o‘n bir ichida universitetda 1628dan ortiq malakali kadrlar tayyorlanib, magistr darajasiga ega bo‘ldilar.

Magistr — bu keng ilmga ega bo‘lgan zamonaviy axborot texnologiyalari bilan hamnafas, ilmiy tadqiqot ishlariga tayyor bo‘lgan mutaxassisdir. Universitetda magistrlarga bilim berish borasida yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash asosiy maqsad qilib olingan.

Har o‘quv yilida magistrlarga diplom topshirish marosimi universitetda tantanali ravishda bayramona ruhda o‘tkaziladi. Ushbu marosimga hurmatli mehmonlar, ustozlar va ota-onalar bilan birga, barcha xohlovchilar taklif etiladilar. Shu kuni hamma xursand. Magistrlar bilan bir qatorda, ustozlar va ota-onalar ham o‘zgacha his-hayajonlarini yashira olmaydilar.

Ushbu yil ham biz an’anani davom ettirgan holda, qadrli magistrlarga diplom topshirish va ularni kelajak sari mustaqil hayotga kuzatish marosimiga yig‘ildik. 2013-yilda 15ta mutaxassislik bo‘yicha 202 nafar magistrlarimiz dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilib, “Magistr” unvoniga ega bo‘lishdi.

Universitetning 5ta fakultetida magistratura mavjud. Iqtisod va boshqaruv fakutetida 2ta mutaxassislik: “Menejment (tarmoqlar bo‘yicha)” va “Iqtisodiyot” mutaxasisliklarida o‘tgan yillar davomida 219 nafar magistr bitirgan bo‘lsa, bu yilgi bitiruvchi magistrlar soni 12tadir.

IMG_1416

Axborot texnologiyalari fakultetida bu yil 85 nafar magistr 6ta mutaxassislik: “Kompyuter tizimlari va ularning dasturiy ta’minoti”, “Axborot multimediya tizimlari”, “Amaliy informatika”, “Axborot xavfsizligi”, “Kriptografiya va kriptotahlil” va “Axborot tizimlari” bo‘yicha tamomlashdi.

Radiotexnika, radioaloqa va teleradioeshittirish fakultetida 3ta mutaxassislik: “Radiotexnik qurilmalar va aloqa vositalari” va “Mobil aloqa tizimlari” “Raqamli televideniye va radioeshittirish” bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi, shu kungacha 228 nafar magistr fakultetni tamomlagan bo‘lsa, ushbu yilda fakultetni 46 nafar magistr tugatmoqda.

Telekommunikatsiya texnologiyalari fakultetida 1ta mutaxassislik : “Axborot uzatish qurilmalari va tizimlari” buyicha magistrlar tayyorlanadi, shu kungacha fakultetni 473 nafar magistr tugatgan bo‘lsa, bu o‘quv yilida 41 nafar magistr tugatmoqda.

Kasbiy ta’lim fakultetini esa 3ta mutaxassislik: “Axborot va multimediya texnologiyalari”, “Axborot va kutubxonashunoslik” va “Hujjatshunoslik va arxivshunoslik” bo‘yicha 18 nafar magistr tugatmoqda.

Universitetda magistrlarni bilim olishlari va ilmiy faoliyat olib borishlari uchun hamma imkoniyatlar yaratilgan. Bugungi kunda katta fondga ega bo‘lgan axborot resurs markazi, virtual laboratoriya ishlari va ma’ruza matnlari bilan boyitilgan elektron kutubxona magistrlar xizmatida. Bundan tashqari, internet tizimidan keng foydalanish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bizning magistrlarimiz xorijiy mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalarida ham malakalarini oshirib kelmoqdalar.

Bu yilgi bitiruvchilarning Magistrlik dissertatsiyalari yuqori darajada tayyorlanganligi Davlat attestatsiyasi Komissiyasi tomonidan alohida ta’kidlab o‘tadi, ayniqsa, 20ga yaqin magistrlik dissertatsiyalarining chet tillarida himoya qilinganligi e’tiborga sazovordir.

TATU magistraturasi mutaxassislar tayyorlashda respublika hududida joylashgan xorijiy kompaniyalar, firmalar va banklarning filiallari bilan hamkorlik qiladi. Bular qatoriga O‘zbekistan respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda “O‘zbektelekom”, “Bilayn”, “East telekom” va boshqa bir qator kompaniya va tashkilotlar kiradi.

Kelajakda yanada yuqori malakali magistrlar tayyorlash maqsadida xorijiy mamlakatlar universitetlari professorlarini, jumladan, Hindiston, Malayziya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa davlatlardan taklif etish rejalashtirilgan. TATU Magistr bitiruvchilari kelgusida respublikamiz aloqa va axborotlashtirish sohasining yanada rivojlanishi uchun o‘z ulushlarini qo‘shadilar, deb umid bildiramiz.

Omad yor bo‘lsin sizlarga, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 2013-yil bitiruvchi aziz magistrlari!

Orphus system