Vasilina Daniyarova: « Zo‘r – Zo‘r STAR menga o‘z yo‘limni topishimga yordam berdi»
29.05.2013
Rukn: Mobil aloqa.
Muallif: .

Zo‘r – Zo‘r STAR musiqiy televizion loyihasi uchun tanlab olingan 11 nafar ishtirokchining har biri o‘z taqdiri, o‘z yo‘liga ega. Ammo, shubhasiz, ularni bir narsa birlashtirib turadi – 11 nafar ishtirokchining hammasi tanlov doirasida o‘tgan har bir kunini alohida iliqlik va minnatdorchilik bilan eslaydi.

zor1_29_05_2013

Hozircha ishtirokchilardan qay biri finalgacha yetib borishi va loyihaning asosiy mukofotlarini kim yutib olishini bilmaymiz. Har qanday holatda ham ularning har biri ko‘p narsalarga ega bo‘lgani aniq: bebaho tajriba va ulkan auditoriyaning muhabbati.

Bugun biz loyihaning eng yorqin ishtirokchilaridan biri – Vasilina Daniyarova haqida hikoya qilamiz. Uning o‘zi ham bajonidil biz bilan suhbatlashishga, aniqrog‘i “Loyiha menga o‘z yo‘limni topishimga yordam berdi” deb nomlanuvchi voqeani gapirib berishga rozi bo‘ldi.

zor1_29_05_2013_1

Kasting — u hozirgiday esimda. Men bor iqtidorimni ishga solishga va saralash komissiyasiga yoqishga harakat qildim. Eng ajoyibi esa, buni har bir turda uddalay oldim. Birinchi turni juda aniq eslayman. Endigina mashinadan tushib, dugonamni kutish uchun to‘xtagandim, keyin dahshatga tushdim… Yuzlab, balki undan ham ko‘pdir, yigit-qizlar navbat kutib turishardi. Yoshlar juda ko‘p edi! Bir-ikki daqiqadan keyin yonimga bir qiz keldi, o‘zini Zo‘r – Zo‘r STAR loyihasining matbuot markazi vakili sifatida tanishtirib, bir nechta savollarni berdi. Meni suratga olishdi. O‘zimni g‘alati sezardim: hozirgina keldim-u, hali kuylaganim ham yo‘q, meni esa darrov fotosuratga olishyapti. Xuddi shu kuni o‘sha fotosuratni Zurzurstar.uz saytida ko‘rdim. Bu juda yoqimli edi. Aytganday, fotosuratda cho‘ntagimda mening sevimli pushtirang telefonim ham ko‘rinib turibdi. U saralash turi jarayonida yana bir necha kun yonimda bo‘ldi, loyiha boshlanganidan keyin esa, uni ancha vaqt ko‘rmadim.

Menga 99-raqamli beyj berishganida, bu ikkita to‘qqiz raqami menga omad keltirarmikan, deb o‘yladim. Haqiqatan ham shunday bo‘ldi!

zor1_29_05_2013_2

Kastingning barcha bosqichlarida men o‘z repertuarimni puxta o‘ylardim. Qo‘shiqlarni tanlaganda, qandaydir bir voqeadan so‘zlovchi kompozitsiyalarni ma’qul ko‘rardim. Turdan-turga o‘tar ekanman, saralash komissiyasining tavsiyalariga quloq solardim. Shu tarzda, men turli tillardagi kompozitsiyalarni ijro etdim.

Loyihadagi dastlabki kunlarimda hammasi noodatiy edi. Kundalik mashg‘ulotlar, repetitsiyalar. Ammo bunday izolyatsiyada ham o‘zimni juda qulay his qildim. Men mutlaqo ijodiy muhitda edim, o‘zimni musiqaga bag‘ishladim, hech narsaga chalg‘imadim. Tashqi olam bilan aloqamiz yo‘qligiga, mobil telefonlardan foydalanish va Internetga chiqishga ruxsat bo‘lmaganiga to‘xtaladigan bo‘lsam – bu menga biror bir noqulaylik tug‘dirmadi.

Jahon xitlariga bag‘ishlangan birinchi hisobot konserti men uchun eng hayajonli damlarga aylandi (o‘shanda “Adajio” kompozitsiyasini tayyorlagandim). Uzoq repetitsiyalar, kompozitsiya mualliflari singdirgan chuqur ma’noni yetkazish va, albatta, hay’at a’zolari oldidagi birinchi chiqishim meni hayajonlanishga majbur etdi!

zor1_29_05_2013_3

Menimcha, opera haftaligi doirasidagi konsert eng esda qoladigan va ajoyib shou bo‘ldi. Men “Sevilyalik sartarosh” operasidagi Rozina kavatinasini ijro etdim. Bu shunchalik menga yaqin ediki, uzoq vaqt mobaynida o‘zimni birinchi marta juda ishonchli va qulay his qildim! Ushbu qaynoq ispan ayolining obrazi, (men ispanka emas, sharq qizi bo‘lsam ham), buning ustiga injiq, o‘jar va noziktabiat qahramon menga ozgina bo‘lsa ham yaqin edi. Bu menman! Obrazga kirishim juda oson bo‘ldi. Ana shu sahna chiqishimni eng yaxshisi deb hisoblayman!

Afsonaviy “Bolalar” guruhining ijodiga bag‘ishlangan konsert esa hissiyotlarim bo‘yicha eng g‘aroyibi bo‘ldi. Men hayotimda ilk bor haqiqiy to‘y libosini kiydim. G‘alati his-tuyg‘ular: kelin bor-u, kuyov yo‘q! Afsuski, yigitim aynan shu konsertga kelolmagandi, ammo menga guldasta, to‘y guldastasini berib yuboribdi! Yaqinda to‘yimiz bo‘lishi kerak. agar u konsertga kelganida, yaxshiroq chiqqan bo‘lardim. Zalda o‘tirgan yaqinlaringning qo‘llab-quvvatlashi ham juda kerakli narsa…

zor1_29_05_2013_4

Zo‘r – Zo‘r STAR menga katta tajriba berdi. Loyihadan chiqib ketish nominatsiyasiga bir necha bor tushganim, hech kimga sir emas. Tanlov davomida hech narsaga qaramasdan, sahnaga chiqish va kuylashga o‘rgandim, buni juda qadrlayman. Bunday paytda qalbingda nima yuz berishidan qat’i nazar bor iqtidoringni ishga solib kuylash kerak… Artist artist bo‘lishga majbur, u ojizlik qilolmaydi. Qanotlarni keng yoygan holda har doim yuqoriga intilish zarur. Ammo pastga tushishni ham bilish lozim. Chunki qulashlarsiz parvozning o‘zi ham bo‘lmaydi. Men bir necha bor quladim, ammo parvoz ham qildim. Bu qiyin bo‘lsa ham, o‘zimdan ixlosim qaytmasligiga harakat qildim. Odamning o‘zidan ixlosi qaytishi – eng yomoni. Opera haftaligi tufayli bu yuz bermadi.

Zo‘r – Zo‘r STAR loyihasidagi hayotim davomida ko‘plab qimmatli maslahatlar va saboqlarni oldim. Menga ayniqsa ruhshunoslik bo‘yicha mashg‘ulotlar yordam berdi va esimda qoldi. Sabina tufayli o‘zimga tashqaridan nazar tashladim. Men oilada yagona farzandman, shuning uchun biroz erkatoyman. Nimanidir istasam, shu narsa meniki bo‘lishiga o‘rganganman! Loyihada ana shu bolalarcha injiqlikni qo‘llashga uringan paytlarim ham bo‘ldi. Bu men uchun zararli edi. Men nafaqat shou-biznes, balki hayotning o‘zi ham mas’uliyatni va kattalarga xos xatti-harakatni nazarda tutishini tushundim. Buning uchun Sabinadan juda minnatdorman.

Menga raqslar, milliy raqslar bilan shug‘ullanish juda yoqdi. Yaxshi tanlangan musiqa, jo‘shqin sharq ohanglari ostida bizni raqsga tushishga o‘rgatishardi: qachon va qaysi paytda qo‘llarni ko‘tarish, ularni qanday tushirish kerak. Umuman olganda esa, men bolaligimdan nafaqat kuylashni, balki raqsga tushishni ham yaxshi ko‘raman. Kichkina paytimda bolalar raqs studiyasiga qatnaganman, undan ham kichkinaroq paytimda esa birorta lyukni o‘tkazib yubormasdim. Uni sahna deb tasavvur qilib, ustiga chiqardim, shu tarzda birinchi mini-konsertlarni berganman!

zor1_29_05_2013_5

Mashg‘ulotlar va repetitsiyalardan tashqari ish jadvalimizga ko‘ngilochar dastur ham kiritilgandi. Bizni hordiq chiqarish uchun qiziqarli joylarga olib chiqishardi. Bolaligimdan oilam bilan har 9-mayni nishonlaymiz: gullar qo‘yamiz, faxriylar bilan suhbatlashamiz, bayram konsertlarida qatnashamiz. Bu yil ham bundan mustasno bo‘lmadi. Bu ajoyib!

Zo‘r – Zo‘r STAR loyihasini tark etgandan so‘ng menga ko‘plab fikr-mulohazalarni bildirishdi. Meni ularning geografiyasi hayron qoldirdi! Tanlovni Rossiyada ham, Amerikada ham, boshqa joylardayam kuzatib borishayotganini aytishim mumkin.

zor1_29_05_2013_6

Odatda, hamma qo‘llab-quvvatlayapti, men uchun muxlislik qilishgan ekan. Shu fikr-mulohazalarga qaraganda, hammasidan ham ularni opera haftaligi qoyil qoldirgan. Hamma bir ovozdan estrada qo‘shiqlarini kuylamasligim kerakligini, men opera partiyalarini ijro etish uchun yaralganimni ta’kidlamoqda. Bilasizmi, Zo‘r – Zo‘r STAR loyihasida qatnashishdan oldin, estradami yoki operami, xonanda bo‘la olishimga shubham bor edi. Loyihadan keyin shuncha fikr-mulohazalarni oldimki, opera – bu meniki ekanini uzil-kesil tushundim. Loyiha menga o‘z yo‘limni topishimga yordam berdi. Endi men ishonch bilan oldinga harakatlanishim, barcha shubha-gumonlarni chetga surib qo‘yib, o‘z ustimda ishlashim mumkin.

Batafsil ma’lumot www.zurzurstar.uz saytida.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O‘zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo‘ling
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq