Feruza Jumayeva Zo‘r-Zo‘r STAR loyihasi haqida

Iste’dodli va iqtidorli tanlov ishtirokchisi Feruza Jumayeva loyihani birinchi tark etdi, ammo shunga qaramasdan, Zo‘r-Zo‘r STARloyihasida qatnashish imkonini bergani uchun o‘z taqdiridan minnatdor, chunki bu yerda u yangi do‘stlarni orttirdi va boy tajribaga ega bo‘ldi. Feruza biz bilan loyiha haqidagi o‘z fikrlarini bajonidil o‘rtoqlashdi.

Kasting to‘g‘risida
Ilk bor kastingga kelganimda, undan o‘tmasligimga ishonchim komil edi. Meni qandaydir bir qo‘rquv, tushunarsiz vag‘ima chulg‘ab olgandi, natijada Aida Vedishchevaning “Pomogi mne” qo‘shig‘i so‘zlarini unutib qo‘ydim. Hozirgiday esimda, qora odmi ko‘ylakda edim. Menga hech nima fikrimni jamlashga yordam bermayotgandi. Keyin shunchaki har qanday qiyin vaziyatdan chiqib keta olish qobiliyatimga ishondim, chunki har doim shunday vaziyatlarga tushib yuraman, so‘ngra esa ulardan qandaydir chiqish yo‘llarini izlashimga va bu holatdan chiqib ketishimga to‘g‘ri keladi. Tabiatan “kurashuvchi” insonman, shuning uchun yuzaga kelgan vaziyatdan mustaqil ravishda chiqishga o‘rganganman. Shunchaki men saralash komissiyasi a’zolariga ularni hayratda qoldirmoqchi bo‘lganimni aytdim, ammo vazifani uddalay olmadim. Ularni mening oddiyligim jalb etgan bo‘lsa kerak. Ular o‘rtada yuzaga kelgan ishkallikka e’tibor qilishmadi, ammo men komissiya a’zolari buni qabul qilishini bilardim.

zor_28_05_2013

Hisobot konsertlaridagi sahna chiqishlari to‘g‘risida
Menga o‘zimning hamma chiqishlarim yoqdi, chunki ularda 100 foiz o‘zimni ko‘rsatishga harakat qildim. Ha, albatta, konsertdan “oldin” yoki konsert “jarayonida” degan holatlar bo‘ldi, ular meni izdan chiqarganiga qaramasdan, har bir muvaffaqiyatsizlik meni faqat toblantirdi, xolos. Bu yoqmasligi mumkin, deb o‘ylamayman. Masalan, uchinchi hisobot konsertida men yig‘lagandim, shu bois sahnaga bo‘shashib qolgan tovush paylari bilan chiqdim. Albatta, bunday holatda kuylashning imkoni yo‘q. Men notalarga tushmayotganimni tushunardim, ammo shunga qaramasdan jilmayishdan to‘xtamadim, axir hozir his qilib turgan narsani tomoshabinlarning hech biriga yetkazolmaysan-ku. Odamlarga nominatsiya haqida gapirish oson, lekin men hozir oilam, yaqinlarim nimalarni boshidan kechirishini anglardim. Konsertga Navoiydan meni ko‘rish uchun opam kelgandi. Ammo xursandchilik o‘rniga uni tashvishli holatda solib qo‘yishimga to‘g‘ri keldi. Unga qarab turib, o‘zimdan xafa bo‘lib ketdim, ko‘z-yoshlarimni zo‘rg‘a ushlab turardim. Ammo boshqa tomondan bu navbatdagi umr bosqichi ekanini, undan munosib o‘tish va qimmatli bo‘lgan tajribani chiqarib olish kerakligini tushunardim.

Zo‘r-Zo‘r STAR loyihasidagi mashg‘ulotlar haqida
Men hamma darslarni juda yaxshi ko‘rardim, ularning har biri men uchun yangi kashfiyot edi. Buni hali o‘sha paytda anglamagandim, chunki men uchun yangi moslashuv davri boshlangandi. U paytda men hech narsani uddalay olmayotganday bo‘lib tuyulardi. Ko‘p xato qilayotganimni sezardim, keyin loyihadan ketganimdan so‘ng hammasini tahlil qila boshladim va juda ko‘p yangi narsalarni, mikrofonni qanday qilib to‘g‘ri ushlash, kuylash, tomoshabinlarga qanday qarash kerakligigacha o‘rganganimni tushundim, umuman boshqa odamga aylanganimni angladim.

zor_28_05_2013_1

Zo‘r-Zo‘r STAR loyihasida tashqi olamdan uzib qo‘yish to‘g‘risida
Bizni tashqi olam bilan bog‘lovchi aloqa vositalaridan to‘liq uzib qo‘yishganiga xotirjam qarayman. Men hayotda ham, qalbimda ham – yolg‘izlikni yoqtiradigan insonman. Universitetda tanlovda g‘olib chiqdim va bir yilga Amerikaga o‘qishga jo‘nab ketdim. U yerda hammasiga moslashishni o‘rgandim. Masalan, mening do‘stim bor, demak, uning borligidan xursand bo‘laman va oiladan olishim kerak bo‘lganini olaman. Yonimda opam o‘tiribdimi, demak bularni undan olaman. Ya’ni men odamlarni bir-biri bilan almashtira olaman, shu bois menda yo‘qotish hissi yo‘q. Hayotning har bir daqiqasidan lazzatlanib yashash kerak, bu mening shiorim, shuning uchun loyihadagi qoida menga zarracha ta’sir qilgani yo‘q.

Zo‘r-Zo‘r STAR loyihasidagi esda qolgan lahzalar
Loyihadagi uchinchi konsert men uchun eng yorqin lahzalardan biri bo‘ldi, unda men “Sahro” guruhi bilan birga sahnada kuyladim, raqsga tushdim. Ular otashnafas yigitlar, har doim bir-birlarini yaxshi to‘ldirib turishadi, shuning uchun ularning darajasiga mos kelishim kerak edi.

Loyihani tark etayotgan lahzalar men uchun eng ma’yus damlarga aylandi. Esimda, yig‘lab yubordim, atrofimda hamma ko‘nglimni ko‘tarishga urinardi. Biroq bu umidsizlik o‘ziga xos yangi emotsional o‘tish yo‘li ekan, shu tufayli inson yana yangi kuch-quvvat to‘play boshlarkan.

Zo‘r-Zo‘r STAR loyihasidagi do‘stlar to‘g‘risida
Menda hech qachon loyihadagi kabi do‘stlar bo‘lmagan: Yana, Shahlo, Roman, Oskar. Bir narsani aniq bilaman, ular xohlaydimi yoki yo‘qmi, ularni shunchaki qo‘yib yubormayman. Men ularda butun bir olamni, o‘zimning bir parchamni ko‘rdim, ya’ni qalban o‘zimga o‘xshaydigan insonlarni topdim.

zor_28_05_2013_2

Zo‘r-Zo‘r STAR loyihasidan keyingi hayot to‘g‘risida
Loyihani tark etganimdan so‘ng, do‘stlar meni qoyil qolib kutib olishdi, ular men bilan faxrlanardi. Dastlabki paytlarda o‘zimni jamiyatdan to‘liq chetga oldim, hamma tanishlarim meni depressiyaga tushib qolgan deb o‘ylashgan. Aslida esa, men uyquga to‘yib olayotgandim.
Tutingan onam dam olishim va kuchlarimni tiklashim kerakligini aytdi. Do‘stlarim yonimda qoldi, ular mendan shirin so‘zlarini ayamadi. Yaqinlarim men hammadan yaxshi ekanimni aytib, taskin berishdi. Bu shunday bo‘lmasa ham, bunday so‘zlarni eshitish menga yoqimli edi.

Zo‘r-Zo‘r STAR loyihasi nimalarni berdi
Loyiha menga qaytadan tug‘ilganlik hissini bergan bo‘lsa kerak, o‘zimni boshqa tomondan kashf etdim. O’zim bilan yangidan tanishdim. Yuz bergan voqealardan xulosa chiqarish – bu yangi darajaga ko‘tarilish imkoniyati.

Men taqdirga ishonaman, ammo har bir kishi o‘z maqsadiga o‘z yo‘li bilan erishadi, deb hisoblayman. Ya’ni, agar taqdirda xonanda bo‘lish yozilgan bo‘lsa, baribir bo‘lasan, lekin inson o‘z yo‘lini o‘zi belgilaydi. Umr bo‘yi taqdirga yozilganlaridan qochib yurish mumkin, ammo baribir u bilan to‘qnashishga to‘g‘ri keladi.

Batafsil ma’lumot www.zurzurstar.uz saytida.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system