“Uchinchi avlod-2013” dasturi doirasida talabalar “Bilayn” test sinovlaridan o‘tdilar
27.05.2013
Rukn: Mobil aloqa.
Muallif: .

Eng yirik aloqa operatori “Bilayn” (Unitel MCHJ va Buzton QK) “Uchinchi avlod” amaliyotlar dasturi doirasida ikkinchi saralash bosqichi o‘tkazilganligi haqida xabar beradi. Talabalar Toshkent axborot texnologiyalari universitetining (TATU) elektron kutubxona zalida test sinovlaridan o‘tdilar.

Saralash tanlovida TATU, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Moskva Davlat Universitetining Tokshentdagi filiali, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkentdagi Vestminster universiteti, Toshkent moliya instituti va Toshkent Davlat pedagogika universitetining 48 ta talabasi ishtirok etdi.

Test sinovlari on-line rejimida o‘tkazilib, o‘z ichiga mantiq, axborotni tahlil qilish, shuningdek matematik masalalarni olgan edi. www.test-beeline.com manzilidagi web-resurs o‘tgan yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, uning yordamida darhol saralash tanlovidan so‘ng test sinovlari natijalarini olish mumkin.

Mazkur voqeani sharhlar ekan, Unitelning Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati rahbari Oraz Abdurazakov quyidagilarni qayd qildi: “Yangi on-line test sinovidan o‘tkazish tizimi tufayli biz nafaqat kompaniyaning vaqtini hamda resurslarini tejaymiz, balki yana bir bor “Bilayn”ning zamonaviy, ochiq, vaqt bilan hamnafas telekom-operator mavqeini tasdiqlaymiz. Shunisi ahamiyatga molikki, ushbu ishlanma tabiat resurslarini saqlab qolishga yo‘naltirilgan “Eko-ofis” loyihasiga hissa qo‘shadi”.

Test sinovlari natijalari bo‘yicha yuqori ball to‘plagan 32 ta eng yaxshi talaba xodimlarni saralash bo‘ycha mutaxassislar hamda bo‘lajak rahbarlar bilan suhbatga taklif qilinadi, undan so‘ng esa “Uchinchi avlod 2013” dasturining ishtirokchilari aniqlanadi.

“Bilayn” “Uchinchi avlod” dasturini ilk bor to‘rt yil avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 15 iyuldagi PQ-916-son Qarori bilan tasdiqlangan, O‘rta muddatli istiqbolda innovatsion mahsulotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari kompleksini amalga oshirish doirasida ishga tushirgan. Loyihaning maqsadi kompaniyada amaliyot o‘tash va istiqbolda ishga qabul qilish, shuningdek alohida murakkab hisoblangan bo‘sh ish o‘rinlari uchun professional zaxirani shakllantirishdan iborat.

Batafsil ma’lumot www.beeline.uz saytida.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq