Munojat Yo‘lchiyeva Zo‘r-Zo‘r Star ishtirokchilarining chiqishi haqida

Yettinchi Zo‘r-Zo‘r Star-konsertning faxrli hay’at a’zoligiga O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva ham taklif etildi. U oldin ham kastingning saralash komissiyasi tarkibiga kirgandi. Endi esa unga yana bir mas’uliyatli vazifa – estradamiz bo‘lg‘usi yulduzlarining ijrosini baholash yuklatildi. Munojat Yo‘lchiyeva o‘zining professional fikr-mulohazalarini biz bilan bajonidil o‘rtoqlashdi.

— Ishtirokchilarning hammasi yaxshi vokal ko‘rsatkichlariga ega, ularda ommaga ko‘rsata oladigan iqtidor bor. Menga Ulug‘bekning ijrosi yoqdi, men unga vokal uchun 10 ball qo‘ydim, ammo uning aktyorlik mahorati biroz pand berdi. Roman ham munosib kuyladi, ammo o‘zini sahnada erkinroq tutolmadi, bu unga obrazga to‘liq kirishib ketishiga xalaqit berdi.

zor_16_05_2013

Oskar haqida shuni aytishim mumkinki, u keng diapazonga ega, biroq ba’zida u ovozini nazorat qilishi kerak. Agar musiqiy kompozitsiyani tanlashda va ijro etishda chegaraga amal qilinsa, unda ijro ham chiroyli chiqadi. Ovozni namoyish etish mumkin, ammo shu bilan birga uni butun qo‘shiq davomida kerakli tonallikda ushlab turishga harakat qilish ham zarur, bu esa juda qiyin, shu bois unga vokal uchun 9 ball qo‘ydim.

Qolgan yigit-qizlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning hammasi yomon kuylamaydi, ammo ularga a’lo darajada chiqish uchun ijroda nimadir yetishmayapti. Bugun boshqa ishtirokchilar orasidan Shahloni ajratib ko‘rsatishim mumkin. Unda yaxshi ovoz tembri bor, shuning uchun u yuqori ball olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu borada hay’at a’zolarining fikri bir yerdan chiqib, uni munosib baholashdi. Shahlo o‘zining sahna chiqishida ovozini ko‘rsata oldi, obrazga uyg‘unlik bilan kirishib ketdi. Loyiha ishtirokchilari kelgusida ham yanada yaxshiroq ijroga intilishlarini va mahoratlarini oshirib borishlarini tilab qolaman.

Zo‘r-Zo‘r Star hay’ati a’zolari yoshlarga haqiqatan ham yaxshi imkoniyat, ya’ni katta sahnada chiqish imkoniyatini berishdi. Albatta, ishtirokchilarning ko‘pchiligi sahnaga katta hayajon bilan chiqadi, buni yulduzlarning deyarli barchasi his qiladi, ammo hissiyotlarning bu junbushini ham shunday taqdim etish kerakki, u sahnada ijrochining foydasiga o‘ynasin.

Yoshlarga shunday ajoyib imkoniyatni in’om etgani uchun men Zo‘r-Zo‘r Star loyihasining tashkilotchilariga katta minnatdorchilik bildirishni istardim. Kelgusida yana shunday tadbirlar o‘tkazilishiga umid qilib qolaman.

Batafsil ma’lumot www.zurzurstar.uz saytida.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system