Janggohlardan omon chiqqan aloqachi
08.05.2013
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

svyaz_8_05_2013

Taqdir taqozosi bilan Reshetnikovlar oilasi olis Tambov viloyatidan serquyosh Toshkent shahriga ko‘chib kelishganida Mixail maktabning 5-sinfida o‘qirdi. O‘rta maktabni bitirib, oliy o‘quv yurtiga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda mash’um Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Ko‘plab yigitlar qatori Mixail Sergeyevich ham urushga safarbar etildi. Uni radistlar tayyorlash kursiga olishdi.

— 1942-yilning avgustigacha bizni aloqachilikka o‘rgatishdi, — deya xotirlaydi Mixail Reshetnikov, 90 yoshdan oshgan bo‘lishiga qaramay o‘sha davr voqealarini aniq-tiniq eslar ekan, — so‘ng frontga jo‘natildim. Kalinin frontida jangga kirdim. Bizning vazifamiz fashistlar yuborayotgan xabarlarni tutib olib, front shtabiga yetkazish edi. Vazifamiz o‘ta mas’uliyatli bo‘lib, biz to‘plagan xabarlar orqali ko‘plab vayrongarchiliklarning oldi olindi, minglab askarlarimizning joni saqlab qolindi. Rafiqam Taisa Mixaylovna bilan ham jang maydonlarida tanishganman. U ham aloqachi edi. Biz g‘alabani birgalikda, dilda quvonch bilan Germaniyaning Drezden shahrida kutib oldik.

svyaz_8_05_2013_1

Surat: Lutfillo Tursunov

Urushdan so‘ng bu ikki yosh taqdir yo‘llarini birlashtirishdi. Mixail Reshetnikov 1975-yilgacha harbiy xizmatni davom ettirdi. So‘ngra tajribali aloqachi Shaharlararo aloqa hududiy ishlab chiqarish birlashmasi (hozirgi “Telekommunikasiya transport tarmog‘i” filiali)da mehnat faoliyatini davom ettirdi. 20 yil davomida ikkinchi maxsus ishlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib xizmat qildi.

svyaz_8_05_2013_2

Surat: Lutfillo Tursunov

9-may – Xotira va Qadrlash kuni arafasida xonadoniga tashrif buyurganlar – “TTT” filiali rahbari Oqiljon Qurbonov, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Qahramon Sarimsoqov hamda biz – “Xabar” gazetasi muxbirlarini Mixail Reshetnikov xursandchilik bilan kutib oldi. Garchi urushda oyog‘idan yaralangan va hassada yurib bo‘lsa-da, bizni qaddini tik holda, harbiylarga xos tavoze bilan ichkariga taklif etdi. Korxonada olib borilayotgan o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan yangiliklar bilan qiziqdi. Bu ishlardan ko‘ngli to‘ldi chog‘i, yuzlariga tabassum yugurdi.

— Mixail Sergeyevich xonadoniga tez-tez kelib turamiz, — deydi Qahramon Sarimsoqov. — Har safar biror sovg‘a bilan mamnun qilishga harakat qilamiz. Bugun ko‘rib turganingizday, moddiy yordam hamda oziq-ovqat mahsulotlari olib keldik. Aslida Mixail Sergeyevich bularga muhtoj ham emas. Eng muhimi, bizning tashrifimiz, mehrimizdan ko‘ngli tog‘day ko‘tariladi.

Ha, keksalik shunday bir davrki, bir og‘iz shirin so‘z, bir chimdim mehr hamma narsadan aziz bo‘lib qoladi. Buni yaxshi tushungani uchun ham filial rahbarlari urush qatnashchisi, sobiq aloqachi M.Reshetnikovga katta e’tibor qaratishadi.

Orphus system
O‘zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo‘ling
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq