Hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning dolzarb vazifalari

O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi va Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi UZINFOCOM ko‘p yillardan buyon mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, uni turli sohalarga joriy etish hamda aholiga ko‘plab zamonaviy xizmatlarini amalga oshirib kelmoqda.

Markaz faoliyati bilan jurnalxonlarimizni yaqindan tanishtirish maqsadida Kompyuterlashtirish markazlariga ko‘maklashish guruh boshlig‘i Vahobjon Yaqubovga murojaat etdik. Mazkur suhbatimizni e’tiboringizga havola qilamiz.

— Kоmpyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish Markazi UZINFOCOM da amalga oshirilayotgan dolzarb vazifalar nimalardan iborat?
— Bugungi kunda axborot texnologiyalari jamiyat taraqqiyoti, ijtimoiy-siyosiy hayotini harakatga keltiruvchi qudratli kuchga aylanganligi hech kimga sir emas. Inson hayoti va faoliyatida kun sayin muhim o‘rin tutib borayotgan axborot texnologiyalarining rivojlanib borish jarayonlarini o‘rganish, uni jamiyatimizning barcha sohalariga joriy etish hamda mamlakatimiz aholisining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida» 2002-yil 30-maydagi PF-3080 sonli Farmoniga asosan Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi UZINFOCOM unitar korxonasi tashkil etilgan.

Markaz mamlakatimizda milliy axborotlashtirish tizimini shakllantirish masalalarini hal etish, zamonaviy axborot texnologiyalarini jamiyat hayoti, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarining barcha sohalari, jumladan, davlat organlari, korxona va tashkilotlarga joriy etish faoliyatida ularga zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishda ko‘mak berish masalalari bilan shug‘ullanadi.

Markazning asosiy vazifalaridan biri axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat boshqaruvi va biznes jarayonlariga joriy etish, xodimlarni soha bo‘yicha o‘qitish va malakasini oshirish, turli loyihalarni amalga oshirish hisoblanadi. Shu bilan birga, Kompyuterlashtirish markazlarining faoliyatlarini yanada takomillashtirish va rivojlantirish, hududlarda AKT’ni rivojlantirish va joriy etish jarayonlarini jadallashtirish Markaz oldiga turgan asosiy vazifalardan hisoblanadi.

— Маrkaz qanday loyihalarni amalga oshiradi?
— Маrkazning asosiy loyihalari sarasiga quyidagilar kiradi. Bular, Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining portali, server jihozlarini joylashtirish uchun texnologik maydoncha, UZINFOCOM ma’lumotlar markazi, Milliy jamoat axborot ta’lim tarmog‘i ZiyoNET, Kompyuter hodisalariga chora ko‘rish xizmati, milliy axborot-qidiruv tizimi, .UZ milliy domen zonasi ma’muriyati, indentifikatsiyalash tizimi, axborotni boshqarish servisi, SMS-platforma, ta’lim videoportali, o‘tkazilayotgan tanlov va grantlar bo‘yicha ma’lumot tanlov.uz, e-kommunal — kommunal xo‘jaligi va turar-joy fondi portali, Umail.uz — milliy elektron pochta, jamoat va shaxsiy bloglarni yaratish servisi, Fikr.uz — jamoat va shaxsiy bloglarni yaratish servisidan iborat.

— Interaktiv davlat xizmatlariga qanday xizmat turlari kiradi?
— Idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga idoralarning axborot tizimlari vositasida telekommunikatsiyalar tarmog‘i orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar interaktiv davlat xizmatlari deyiladi.

Agar 2007-yilda Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari, ya’ni davlat organlari tomonidan taqdim etilishi majburiy bo‘lgan interaktiv davlat xizmatlarining soni 49tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 197taga yetdi. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlangan Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari asosida 619ta interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatish belgilangan. Hozirgi kunda Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Tashqi ishlar vazirligi va bir qator vazirlik va idoralarning saytlari orqali foydalanuvchilarga keng ko‘lamdagi interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda va yaqin yillar ichida ularning soni va sifatini oshirish ko‘zda tutilgan.

— Kompyuterlashtirish markazlari faoliyatlari haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Ularning asosiy vazifalari nimalardan iborat va markaz tomonidan hududiy markazlarga qanday yordam ko‘rsatiladi?
— Hоzirgi kunda 14ta Kompyuterlashtirish markazlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Kompyuterlashtirish markazlari tomonidan hududlarda kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish maslalari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, aholiga konsalting, «Yagona oyna» kabi qulay aloqa xizmatlarini ko‘rsatish ishlari amalga oshiriladi.

Kompyuterlashtirish markazlari faoliyatlariga UZINFOCOM Markazi tomonidan normativ-metodik ko‘mak beriladi va ish faoliyatlarida yuzaga kelagan dolzarb masalalarga bag‘ishlangan turli tadbirlar o‘tkaziladi. Soha xodimlari uchun tashkil etiladigan seminarlar ham shular jumlasidandir. Masalan, 2013-yil 19-aprel kuni Aloqa tarixi muzeyida davra suhbati tarzida: «Hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish muammolari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 5-martdagi 64-son bayonini o‘z vaqtida bajarish» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu seminar O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda UZINFOCOM Markazi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari huzuridagi Kompyuterlashtirish markazlarining rahbarlari va mas’ul xodimlari uchun tashkil etildi.

Seminarda respublikamizning barcha hududlaridagi Kompyuterlashtirish markazlarining 25 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdilar. Seminarning asosiy maqsadi Kompyuterlashtirish markazlarining faoliyatlarini yanada takomillashtirish va rivojlantirish, hududlarda AKT’ni joriy etish jarayonlarini jadallashtirish hamda ushbu ishlarni amalga oshirishda Kompyuterlashtirish markazlarining o‘rni va ahamiyatini oshirishdan iborat. Seminar davomida Kompyuterlashtirish markazlarining mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro aloqadorligi, davlat interaktiv xizmatlarini joriy etish va taqdim etish, boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari bilan o‘zaro hamkorligi, Qo‘mita tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar to‘plami va ularni taqdim etish vositalari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, seminarda Kompyuterlashtirish markazlarining hozirgi kundagi holati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Hududlarda AKT’ni rivojlantirish hamda bunda Kompyuterlashtirish markazlarining o‘rni va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Seminar qatnashchilari «O‘zbekiston Respublikasi Hokimiyatlarining Yagona portali — www.hokimiyat.uz» loyihasi, jumladan, loyihani ishlab chiqish asoslari, loyihaning maqsad va vazifalari hamda loyihani rivojlantirish iistiqbollari bilan tanishdilar.

Seminar chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 5-martdagi 64-sonli bayoni bilan belgilangan topshiriq va vazifalarni o‘z vaqtida bajarishni ta’minlash va bunda Kompyuterlashtirish Markazlarining mas’uliyatini oshirish masalalari atroflicha tahlil etildi. Seminar davomida viloyatlarda AKT’ni joriy etish va rivojlantirish bilan bog‘liq muammo va kamchiliklar muhokama qilindi, Kompyuterlashtirish mar-kazlari faoliyatlarini rivojlantirish, ularning mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan o‘zaro hamkorligini oshirish, mahalliy axborot-resurslari va axborot tizimlarini rivojlantirish hamda joylarda davlat organlari tomonidan taqdim etilyotgan interaktiv davlat xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar muhokama qilingan mavzular bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar va o‘z tajribalari bilan o‘r-toqlashdilar.

— Joriy yilda qanday yangi loyihalarni amalga oshirdingiz va amalga oshirishni rejalashtirgansiz?
— O‘tgan yili e-kommunal — kommunal xo‘jaligi va turar-joy fondi portali ishga tushirilgandi. Mazkur xizmat turi aholiga o‘z uyidan turib, kommunal sohasidagi turli muammolarini hal etishga qulay imkoniyat taqdim etadi. Bugungi kunda portalni yanada takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Oldinga qo‘ygan dolzarb vazifala-rimizdan biri mamlakatimiz hududlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishdan iborat.

— Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat. Jurnalxonlar nomidan jamoangiz ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Suhbatdosh: Ma’rufa Azizova.

Orphus system