Telegraf ixtirochilari haqida

tele_2_05_2013

Jurnalimizning avvalgi sonlaridagi aloqaning rivojlanish tarixiga bag‘ishlangan mavzuini davom ettiramiz.

Aloqa muzeyiga tashrif buyurib, asosiy ko‘rgazmalar zalini tomosha qilar ekansiz, eksponatlar ichida telegraf hamda uning ixtirochilari tarixiga oid qiziqarli materiallar bilan tanishasiz. Hozirgi kunda yoshlarimiz telegraf va uning ishlash tamoyillari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lmasliklari tabiiy hol, sababi axborot texnologiyalari, ayniqsa, Internet rivojlanishi bilan kundalik hayotimizda telegrafga ko‘p ham murojaat etavermaymiz. Aslida, o‘zining ixtiro etilishi va xizmat turi sifatida rivojlanishi bilan telegraf ham ko‘p davrlar mobaynida aloqa vositalari qatorida muhim ahamiyatga molik bo‘lgan.

Elektr telegrafining tarixida muhandis Pavel Shilling, Boris Yakobi katta ishlarni amalga oshirgan, Semyuel Morze kabi buyuk ixtirochilarning nomlari yonma-yon turadi. Ularning har biri telegraf moslamasiga yangilik kiritgan va zamonaviy telegrafning qanday ko‘rinishga ega bo‘lishini aniqlab berganlar. Qadimda ham tovush va yorug‘lik xabar yetkazishning asosiy vositasi bo‘lib xizmat qilgan, lekin tovush bilan birga, optik yoki vizual aloqa majmui ham allaqachon mavjud edi. Kunduz kuni har xil usullar qo‘llanilib, ular semafor telegraf yaratilishiga asos bo‘lgan.

tele_2_05_2013_1

Semafor telegraf XVIII asr oxirlarida bir vaqtning o‘zida fransiyalik Klod Shapp va rus olimi Ivan Kulibin tomonidan ixtiro etilgan, biroq Kulibinning ixtirosi Peterburgdagi «Kunstkamera»ga topshirilgach qolib ketgan. Shu boisdan ham, Klod Shapp ixtirosini hayotga tatbiq etishda Kulibindan 2,5 yil ilgarilab ketishga muvaffaq bo‘lgan. Klod Shappning ixtirosi 1794-yilda Parij–Lill telegraf liniyasi qurilishida foydalanildi. Birinchi Parij–Lill semafor telegraf liniyasi uzunligi 225 kilometr edi. O‘sha davrda 225 kilometr naridagi xabarni 1 soat mobaynida eshitish katta voqea edi. XIX asrda Yevropa va AQSH’da ko‘plab semafor telegraflar qurilgan va elektrotexnika sohasida tajribalar tezkorlik bilan olib borilgan. 1799–1800 yillarda Alessandro Volta tomonidan yaratilgan batareyadan myunxenlik professor Zemmering foydalandi va 1809-yilda birinchi elektr telegrafni ixtiro etdi.

tele_2_05_2013_2

Ishonchli tok manbai yaratilishi bilan fan-texnika sohasida bir qancha yutuqlarga erishildi, ayniqsa, V. Petrov yaratgan elektr yo‘yi kashfiyoti elektr telegraf paydo bo‘lishiga turtki edi. Zemmering telegrafi boshqalarnikidan ko‘p farq qilardi, biroq Zemmering ixtirosi amaliyotga joriy etilmadi. Keyinchalik yangi yechim topildi, ya’ni xabar elektr tokli sim orqali yuboriladigan bo‘ldi. Ixtirochi Pavel Shilling buning uddasidan chiqdi. Keng qamrovli olim tajribali elektr texnigi emasdi, u shu sohaga qiziqqani uchun ham olamga mashhur bo‘lib ketdi. Shilling dunyoda birinchi elektr telegraf majmuining yaratuvchisiga aylandi. 1832-yilda Shilling tomonidan telegraf aloqasining yaratilishi telegrafiyaga asos soldi. Shilling yaratgan telegraf aloqa majmui Buyuk Britaniyada (1837-yil) va Olmoniyada foydalanilgan. So‘ngra B. Yakobi tomonidan elektr magnitli yozib oladigan (1839-yil) va harf bosadigan (1850-yil) telegraf moslamalarining, S. Morze tomonidan elektromexanik telegraf moslamasining (1844-yil) yaratilishi aloqaning rivojlanishiga zamin tayyorladi.

tele_2_05_2013_3

Shu o‘rinda, Morze telegraf apparatining yaratilishi tarixi ustida to‘xtalsak. Uzoq masofaga yetadigan ishonchli aloqa vositasiga qiziqish AQSH’da ham bo‘lgan. AQSH hukumati ming milyagacha cho‘zilgan foydali aloqa tizimi loyihasi uchun 30 ming dollarlik mukofot belgilagandi. Bu ko‘rik talabiga javob beradigan telegraf tizimi yaratildi. Uning muallifi taniqli rassom Semyuel Morze edi.

Semyuel Finli Morze amerikalik oddiy havaskor ixtirochi bo‘lgan. 1832-yil u chizgan bir qancha rasmlari bilan «Selli» kemasiga o‘tiradi. Fransiyadan AQSH’gacha bo‘lgan yo‘li bir oydan ziyodroq vaqtni olardi. Shu qisqa davr taniqli rassomning buyuk ixtirochiga aylanishi uchun kifoya bo‘ldi. Suhbatdoshlar Faradeyning «magnitdan uchqun olish» usuli haqida gaplashayotganlarida Morze uchqunlar joylashishini kod sifatida sim orqali xabar berishda foydalanish mumkin, degan fikrni o‘rtaga tashladi. Bu fikr uni shunchalik qamrab oldiki, elektr qoidalarini bilmasada, telegraf apparati chizmasini chiza boshladi. Telegraf muallifi hali simlar qanday ulanishi va o‘zi chizgan elementlarni qanday qo‘llashni yaxshi bilmasdi, biroq u o‘zining topilmasini aniq sezgandi: telegraf belgilari birin-ketin uzatilishi lozim. Morze o‘z ishida faqat bitta simdan foydalangan.

1837-yil sentabrda Morze Nyu-York universitetida o‘zining telegrafini ommaga ko‘rsatdi. Morzening qabul qiluvchi apparati asosini elektromagnit tashkil etgan, uning aylanma harakat qiluvchi qismiga yozadigan moslama o‘rnatilgan. Qabul qilayotganda yozadigan moslama harakatdagi qog‘ozga tiraladi va signal davomiyligiga qarab, uzun — qisqa belgi (—) tire va (.) nuqtani qoldiradi.

tele_2_05_2013_4

1843-yil Morze 30 ming dollarlik hukumat yordamini oladi va 40 milga cho‘zilgan telegraf liniya qurilishini boshlab yuboradi. Sim yotqizishda qilingan noto‘g‘ri harakat sal bo‘lmasa, butun ishni barbod etishi mumkin edi. Yo‘g‘on qo‘rg‘oshin kabeli chuqur qazilgan yerga yotqizilardi. Bir necha milgacha ish bajarilgach, ajratilgan mablag‘ning yarmi sarflanganligi ma’lum bo‘ldi. Shunda Morze havo liniyasi qurishga jazm etgan. Natijada 63 kilometrlik Baltimor–Vashington liniyasi muddatida qurildi (1844-yil) va havo orqali xabar yetkazish ishonchli ekanligi isbotlandi.
Axborotlarni telegraf kodi bilan uzatadigan asbob — telegraf kaliti bo‘lib, u Morze apparatining bir qismi hisoblanadi. Bunda xodim telegraf kaliti yordamida uzatiladigan axborotga mos holda tok zanjirini uzib-ulaydi, uzatish tezligi — oddiy telegraf kaliti bilan bir daqiqada 70–90ta belgi, yarim avtomatik telegraf kaliti bilan esa bir daqiqada 120–150ta belgi yuborishi mumkin.

Endi telegraf apparati haqida. Telegraf apparati nima va u haqda nimalarni bilamiz?

Telegraf apparati — bu uzatgich, qabul qilgich va tok manbaidan iborat, o‘z davrining ilm-fan yutug‘i sifatida yaratilgan juda muhim qurilma edi. Uzatgich uzatiladigan belgini shifrlaydi, parallel kod birikmasini ketma-ket shartli belgiga aylantiradi, elektr signallarini aloqa liniyasiga ketma-ket uzatadi. Qabul qilgich kod birikmasi elektr signallarini qabul qiladi, har qaysi signalning qutbliligini aniqlaydi, kod birikmasini qayta shifrlaydi va qabul qilingan belgini bosadi. Telegraf apparatiga axborotlarni avtomatik ravishda, uzatish va qabul qilish qurilmalarini ham o‘rnatish mumkin. XX asr o‘rtalarigacha elektr-mexanik tuzilishdagi telegraf apparati ishlatilgan.

Maqola infoCOM.UZ jurnali va Aloqa tarixi muzeyi bilan hamkorlikdagi loyiha asosida tayyorlandi.

Orphus system