EHA — ish tizimining zamonaviy usuli

O‘tgan yili Markaziy bankka kelgan va jo‘natilgan jami xat va ma’lumotlarning qariyb 70 foizi elektron ko‘rinishda qayta ishlandi. Bu kompyuter texnikasidan samarali foydalanish, elektron hujjat aylanishi tizimi joriy etilishini takomillashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar Vazirlar Mahkamasining “Respublikada qog‘ozni tejash va undan oqilona foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining amaliy tasdig‘idir.

Markaziy bank o‘z tabiatiga ko‘ra ratsional, bozor kon‘yunkturasiga tez moslashuvchan va progressivdir. Bosh muvofiqlashtiruvchi sifatida Markaziy bankka tizim faoliyati samaradorligini izchil oshirish, boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish, zamon bilan hamqadam borish xos xususiyatdir. Uning mamlakat iqtisodiyotidagi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonidagi ahamiyati, zimmasiga yuklanayotgan vazifalarning ko‘payib borishi Markaziy bankka keladigan va jo‘natiladigan xatlar, ma’lumot va hisobotlarning hajmi ham oshib borishiga olib kelmoqda. Muayyan qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan axborot hajmlarining o‘sishi, hujjatlarni oldingi davrdan nisbatan katta miqdorda qabul qilish, qayta ishlash va saqlashni toqoza eta boshladi. Bunday sharoitda qog‘oz hujjatlar bilan ishlash usuli eskirib qolgani va uni boshqacha, zamonaviy yo‘sinda tashkil etish zarurligi ayon bo‘ldi.

Ma’lumki, butun dunyoda markaziy banklarning boshqaruv faoliyati bir vaqtning o‘zida ham manba, ham natija hisoblangan hujjatlar yordamida amalga oshiriladi. Me’yoriy-huquqiy hujjatlarga asosan tashkilotda hujjat aylanishi uni qabul qilish yoki yaratishdan tortib, to uni ijrochilarga etkazish va ijro etilishi tugagunga, ya’ni foydalanishga topshirilishiga qadar bo‘lgan jarayonni qamrab oladi. Binobarin, Markaziy bankka kelib tushayotgan qog‘oz korrespondentsiyalarning asosiy qismi tijorat banklaridan kelayotgan xatlar, ma’lumotlar va hisobotlardan iborat. Ularning qog‘oz ko‘rinishida ishlanishi –ko‘rib chiqish, iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha umumlashtirish va tahlil etish sermashaqqat va xodimlar ish vaqtining asosiy qismini band etadi.

Hujjatlar aylanishining tashkiliy-boshqaruv, iqtisodiy samaradorligini ta’minlash, kundalik ish jarayonida hujjat yaratuvchi va undan foydalanuvchi mutaxassislarning mehnat unumdorligini oshirishning birdan bir yo‘li hujjatlar aylanishi boshqaruvi tizimini avtomatlashtirishda edi. Buning uchun mutaxassislar Markaziy bankning Integrallashgan axborot-tahliliy tizimi bazasida elektron hujjat aylanish tizimini joriy etdilar.

Elektron hujjat aylanish tizimi (EHA), ya’ni elektron ko‘rinishda taqdim etilgan hujjatlar bilan ishlashning yaxlit mexanizmi bo‘lib, hujjat yaratilishidan to bajarilgunga yoki jo‘natilishiga qadar bo‘lgan: qabul qilish, qayd etish, tarqatish, ijro nazorati, saqlash va takror foydalanish jarayonini o‘z ichiga oladi. Elektron hujjat aylanish tizimi hujjatlarni saqlab, ularning bank bo‘linmalarida aylanishi, bajarilishini kuzatib borish imkonini beradi. Ularga qaror ham, topshiriq ham, buyruq ham yozilmaydi. Uning haqqoniyligi va ijrosini ta‘minlash faqat elektron imzo bilan tasdiqlanadi.

Ta’kidlash o‘rinliki, Markaziy bank dastur yaratuvchilari tomonidan joriy etilgan tejamli va samarali bu tizim bugungi kunda muvaffaqiyatli ishlamoqda. Darrov ayta qolamiz EHA tizimi bank xodimlarining ish unumdorligini 25-50 foiz oshirdi, bir hujjatni qayta ishlashga sarflanadigan vaqtni esa 75 foizgacha qisqartirishga olib keldi. Binobarin, zamon shiddati bu tajribani barcha katta-kichik idora va tashkilotlarda qo‘llash, o‘rganish muhimligini ko‘rsatmoqda.

Avtomatlashtirilgan tizimlarni ishlab chiqish va joriy etish tartibiga binoan avvalo Markaziy bankning amaldagi ish yuritish tartibi, me’yoriy va uslubiy talablarning bajarilishi, hisobotlar turlari, davriyligi, tayyorlanish va taqdim qilish tartibi, yozishmalar bo‘yicha axborot oqimlarining yo‘nalishi, turlari batafsil o‘rganildi.

EHA tizimini amaliyotga joriy etilishi hujjatlar aylanishi uslubiga o‘zgartirishlar kiritdi. Natijada ma‘lumotlarni avtomatlashtirilgan tartibda qabul qilish va qayta ishlash, eng asosiysi, qaror qabul qilishda kutilgan maqsadga erishish uchun ko‘p qirrali tahlillar qilish unumdorligini oshirish; tarkibiy bo‘linmalarda ishni tashkil etish monitoringi va tahlilini amalga oshirish; hujjatlar bilan ishlash jarayonini (yaratish, kelishish, qayd qilish, ko‘rib chiqish va ijro etish) tezlashtirish; ijro intizomini yo‘lga qo‘yish va uning nazoratini osonlashtirish imkoniyatlari yaratildi.

EHA tizimi ijro intizomini tezlashtirish bilan bir qatorda, bank analitik mutaxassislari talablari bo‘yicha bank tizimi ma’lumotlar bazasi ma’lumotlari asosida shakllantirilgan hisobotlarni tizimda tarqatilishini ta’minlaydi. Bu esa mutaxassislarga Markaziy va tijorat banklari tarkibiy bo‘linmalari faoliyatini tahlil qilishda zarur bo‘lgan barcha axborotlarni bevosita tizimdan olish imkoniyatini berdi.

Markaziy bankning EHA tizimi barcha tijorat banklarining Bosh banklarida EHA tizimi uchun maxsus ajratilgan kompьyuter bilan bog‘landi va tijorat banklari bilan elektron hujjat almashuvi yo‘lga qo‘yildi. Bunda Markaziy bank departamentlaridan tijorat banklariga qisqa muddatda ijro etilishi lozim bo‘lgan topshiriqlarni jo‘natish va ularning ijrosini topshiriq beruvchi tomondan nazorat qilish uchun “Tezkor topshiriqlar bilan ishlash” dasturiy modulidan foydalaniladi.

Yuqori texnologiyali va progressiv EHA tizimi hujjatlarni barcha bosqichlardagi ijrosini nazorat qilish sifatini keskin oshirib, hujjatlarni tayyorlash muddatlarini prognozlash va boshqarishga sharoit yaratdi. Elektron hujjat aylanish tizimidan umumiy foydalanish ma’lumotlar omborxonasidan axborotlarni turkumlash va umumlashtirish imkonini berdi va tahlil qilish, hisobotlar tayyorlashni ancha engillashtirdi. Markaziy bankda qo‘llanilayotgan EHA tizimi boshqa shunday tizimlardan ma’lumotlar tirajlanishining oldini oluvchi umumiy elektron papkalardan foydalanish; ma’lumotlar bazasidan, boshqaruv tizimiga oid axborotni o‘z ichiga olgan hisobotlarni avtomatlashtirilgan tartibda hosil qilish va undan foydalanish ruxsat etilgan barcha mutaxassislar uchun bo‘linmalarning elektron papkalariga joylashtirib qo‘yish; rahbar xodimlarning xizmat safari chog‘ida (respublikaning qaysi erida bo‘lishidan qat‘i nazar), bank telekommunikatsiya tarmog‘i orqali hujjatlarni ko‘rib chiqish, ijrosini tashkil etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar kiritish va masofadan imzolash imkoniyatini beradi.

Ish uslubini keskin o‘zgartirgan va optimillashtirgan bu yangi tizim, shuningdek, hujjatlarni avtomatlashtirilgan ravishda qayd etishda hosil qilinadigan turli elektron jurnallardan foydalanish; rahbariyat topshiriqlari ijrosining holatlari, kelgan va jo‘natilgan hujjatlar, qayd qilingan sanasi bo‘yicha bajarilgan, bajarilish muddati o‘tgan, nazoratga olingan, nazorat muddati o‘tgan hujjatlar va ma’lum muddat oralig‘idagi kelgan va chiqqan hujjatlar bo‘yicha avtomatlashgan tarzda turli hisobotlarni shakllantirish kabi qator afzalliklari ega. EHA tizimi Markaziy bankning boshqa avtomatlashgan tizimlari bilan integrallashgan holda ishlaydi.

EHA tizimining joriy qilinishi hujjat bo‘yicha kelishish jarayonini tezlashtirdi, hujjatlarni izlab topish osonlashdi. Devonxona xodimlarining kelgan hujjatlarni qog‘oz shaklida har kuni tarqatishiga chek qo‘yildi, hujjatning yo‘qolib qolish holatlari oldi olindi, ijrochilari bir nechta bo‘lgan hujjatdan nusxa olib, uni ijrochilariga tarqatish zarurati yo‘qoldi. Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari, tasarrufidagi korxonalar va tijorat banklariga jo‘natiladigan hujjatlar xavfsizligi ta’minlangan holda tizim vositasida tez va aniq etkazilmoqda. Ayni bir hujjatni bir vaqtning o‘zida turli tarkibiy bo‘linmalar tomonidan ijro etilishi ta‘minlandi. Bular o‘z navbatida, ijro muddatlarini qisqartiradi, hujjatlarni chop etish va tarqatish harajatlarini kamaytirdi, ijrochilik intizomini nazorat qilishni osonlashtirdi.

Aytish joizki, ish yuritish madaniyatining ushbu zamonaviy shakli xodimlar ishini ancha engillashtirdi, hujjatlarning kollektiv tarzda tayyorlash jarayonida mutaxassislarning o‘z xonasida turib qatnashish, fikr bildirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Markaziy bankka kelayotgan qog‘oz shaklidagi hujjatlarning aksariyat qismi vazirliklar, idoralar va tijorat banklaridan kelayotgan hujjatlardir. Mazkur hujjatlar Markaziy bank Kotibiyatining “Devonxona” bo‘limi va Markaziy bank Apparatining “Nazorat” bo‘limida qayd etiladi va texnik vositalar yordamida elektron shaklga o‘tkazilib, Markaziy bankning EHA tizimiga kiritiladi. Bu jarayon mashaqqatli bo‘lib, tig‘iz paytlarda keladigan hujjatlar miqdori hamda ulardagi varaqlar soni juda ko‘pligi, ularni qisqa muddatda va sifatli qilib elektron shaklini olish va EHA tizimiga kiritish uchun ko‘p ishchi kuchi va texnik vositalar mavjudligi talab qilinadi. Ba‘zi idora va tashkilotlardan hujjatlarning hali-hamon qog‘oz shaklida kelishi ma‘lumotlarni operativ ishlashda xalaqit bermoqda.

Mamlakatimiz Prezidenti Vazirlar Mahkamasining 2012 yil yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning ustivor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida axborot-kommunikatsiya va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi chora-tadbirlar va loyihalarni jadal amalga oshirish tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlar ekan, “Biz qisqa vaqt mobaynida nafaqat axborot xizmatlari ko‘rsatishning ko‘plab turlari bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etishimiz, balki axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida yuksak darajaga erishgan ilg‘or mamlakatlar safiga qo‘shilishimiz darkor”, dedilar.

Bizningcha, barcha vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, xo‘jalik birlashmalarida yagona EHA tizimini joriy etilishi hamda idoralararo elektron hujjat almashinuvini to‘liq yo‘lga qo‘yilishi bu muammoni bartaraf etishning asosiy omili bo‘lib hisoblanadi.

Manba

Orphus system