Dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalarini huquqiy himoya qilishga taqdim etish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligida dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalarini huquqiy himoya qilish amalga oshiriladi. Muhofaza Agentlikda ro‘yxatdan o‘tish uchun talabnoma topshirish yo‘li bilan bajariladi. Agentlik tomonidan ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risida guvohnoma beriladi.

Mustaqillik yillari davomida dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 3 mingtadan ortiq talabnomalar kelib tushgan hamda bu yildan-yilga ortib bormoqda.

Hozirgi paytda axborot-kommunikasiya texnologiyalarining rivojlanishi har bir davlatning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Globallashuv asrida axborot-kommunikasiya texnologiyalariga tayanmaydigan soha faoliyatini tasavvur qilish qiyin. O‘zbekistonda telekommunikasiya sohasi shiddat bilan rivojlanmoqda hamda mamlakatning iqtisodiy salohiyatini oshirishda uning ahamiyati kuchli ekanligi namoyon bo‘lmoqda, uning vositasida korxonalarning ishlab chiqarish quvvati shiddat bilan oshirilmoqda, yangi-yangi texnika va texnologiyalar joriy qilinmoqda.

Bunda axborot-kommunikasiya sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan Davlatimiz Rahbarining qator farmon va qarorlari harakat uchun muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g’risida» 2012 yil 21 martdagi qarori hamda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etishni rivojlantirish Dasturiga muvofiq axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida strategik ustuvor yo‘nalishlar, shu jumladan mahalliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Axbrot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish, mahalliy dasturiy mahsulotlarni ko‘paytirish, milliy yosh dasturchilarni qo‘llab-quvatlash, imtiyoz va preferensiyalar berish maqsadida qonunchilik aktlari takomillashtirib borilmoqda. Ilgari dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalarini Agentlik tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov eng kam ish haqining 2,4 baravari miqdorida olinar edi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan bu stavka nol koeffisientga tenglashtirildi. Hozirgi paytda Intellektual mulk agentligiga dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o’tkazish uchun eng kam ish haqining 41 foizi miqdorida haq to‘lanadi, xolos, shuningdek talabnomalarni ko‘rib chiqish muddati 30 kundan ikki haftagacha qisqartilgan.

Orphus system