“Central Asia – fan, ta’lim, madaniyat va biznesda axborot-kutubxona resurslari” xalqaro konferensiyasi.

Joriy yil 22-26-aprel kunlari Toshkentda “Central Asia-2013 – fan, ta’lim, madaniyat va biznesda axborot-kutubxona resurslari” mavzuida 7-xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi

Ushbu tadbir arafasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida xalqaro konferensiyani tashkil etish masalalari va kutubxona faoliyatining hozirgi kundagi holati muhokama etildi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xo‘jayev yiliga ikki marta o‘tkaziladigan “Central Asia – fan, ta’lim, madaniyat va biznesda axborot-kutubxona resurslari” xalqaro konferensiyasi axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlarning turli sohalarda elektron axborot resurslarini rivojlantirish va qo‘llash bo‘yicha amaliy hamda samarali hamkorlik borasidagi faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashishini ta’kidladi.

Joriy yilda tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, boshqa qator idora hamda tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda.

Xalqaro konferensiya doirasida mamlakatimiz va xorij mutaxassislari O‘zbekistonda axborot-kutubxona faoliyatining qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazasini ko‘rib chiqadi, fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida axborot-kutubxona resurslarini rivojlantirishga doir ma’ruzalar o‘qiydi, soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish masalalarini muhokama etadi.

Matbuot anjumanida mamlakatimizda barcha axborot-kutubxona muassasalari uchun muvofiqlashtiruvchi hamda uslubiy markaz vazifasini bajaradigan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyatiga taalluqli axborot taqdim etildi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 20-martda qabul qilingan «Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi – axborot resurs markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda aholining intellektual, bilim olish, ta’lim, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy ehtiyojlarini har tomonlama ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlar va axborot resurs bazasi yaratilmoqda. Jumladan, 2013-yilning o‘tgan davrida kutubxona fondi 19,5 mingdan ziyod nusxaga ko‘paydi va ayni paytda 6,5 milliondan oshdi.

Elektron resurslarni tashkil etish va elektron kataloglarni to‘ldirishga doir ishlar davom etmoqda. Joriy yil boshidan buyon Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi xodimlari tomonidan kitobxonlar o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan uch mingdan ortiq kitobning elektron nusxalari yaratildi. Umuman, 380 ming elektron bibliografiya ma’lumoti, shuningdek, 314 mingdan ziyod nashrlarning elektron shakllari yaratildi.

Ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda kutubxonaning o‘qish zallarida turli mavzularga bag‘ishlangan va shaxsiy o‘n uchta ko‘rgazma, shuningdek, kutubxonaga kelgan yangi kitoblarning to‘rtta taqdimoti o‘tkazildi. O‘nlab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar – adabiy kechalar, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, tanlovlar bo‘lib o‘tdi. Manba: www.natlib.uz

Orphus system