«Mit.uz» milliy internet-tanlovi

mit_1_04_2013

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan «Mit.uz» milliy internet-tanlovining taqdimoti o‘tkazildi. O‘zbekiston milliy universitetida o‘tkazilgan tadbirda vazirlik va idoralar vakillari, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan qiziquvchi yoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdilar. Yoshlar harakati Markaziy kengashining raisi Bahodir G‘aniyev tadbir yig‘ilishini ochar ekan, respublikada Internetdan foydalanuvchilari soni 9,8 mln.dan oshib ketganligini ma’lum qildi. Ma’lumki, UZ domenida 16 mingga yaqin veb-sayt amal qiladi. Ulardan 200dan ortig‘i OAV sifatida qayd etilgan.

Hozirgi davrda O‘zbekistonimiz haqidagi qiziqarli va foydali axborotlarni taqdim etuvchi va shu bilan birga, global tarmoqni milliy kontent bilan to‘ldiruvchi resurslar sonini oshirish zarurati yuzaga keldi. Shu bois, tanlovning oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad — foydali va ijobiy veb-resurslarni ko‘paytirish hamda qo‘llab-quvvatlash, yoshlar uchun mo‘ljallangan ijobiy mazmundagi eng yaxshi internet resurslarni yaratish, ko‘paytirish, mavjudlarini aniqlash va rag‘batlantirish, veb-resurslarni yaratuvchilarining diqqat-e’tiborini internet texnologiyalaridan mas’uliyatli, axborot madaniyati talablari doirasida hamda xavfsiz foydalanish muammosini hal etish, internetning yoshlar uchun mo‘ljallangan segmentini kengaytirish va rivojlantirish etib belgilandi. Tanlov «Sog‘lom axborot muhiti sari» shiori ostida ish yuritadi.

Tanlov — 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iste’dodli o‘smir-yoshlar, bu sohada o‘zini namoyon etishni xohlaganlar uchun start maydoniga aylanadi. Tanlovning salohiyatli ishtirokchilari — veb-dizaynerlar, jurnalistlar, fotomuxbirlar, butunjahon tarmog‘idan foydalanuvchi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga qiziquvchilardan iborat bo‘ladi. Ular o‘z ishlanmalarini xohlagan tilda va istagan domenlarida taqdim etishlari mumkin.

Tanlovning asosiy yo‘nalishlari — yettita bo‘lib, ularda madaniyat, san’at va O‘zbekiston tarixiy meroslari, turizm, iqtisodiyot, mahalla, qishloq va shaharlar hayoti sohalarini qamrab olgan. «Obod turmush yili»ga bag‘ishlangan eng yaxshi veb-resurslar aniqlanadi. Saytlar yangiliklariga qiziquvchilarning ham o‘z yo‘nalishlari bor. Bundan tashqari, Tanlovda kompyuter ish stoli uchun videoroliklar, fotosuratlar, oboylar va boshqa elektron vositalar ham qabul qilinadi. Shuningdek, alohida sovrinlar taqdim etiladigan qo‘shimcha nominatsiyalar ham ta’sis etilgan.

Joriy yil 1-mart kuni e’lon qilingan mazkur loyiha ishlari nafaqat salohiyatli hakamlar hay’ati, balki global tarmoq foydalanuvchilarining ham hukmiga havola etiladi. Arizalar elektron shaklda www.mit.uz saytida qabul qilinadi.

Shunisi e’tiborga sazovorki, videokonferensiya formatida, real vaqtda o‘tkazilgan taqdimot davrida mintaqalar bilan aloqa qo‘llab-quvvatlandi. Taqdimotda bir vaqtning o‘zida mamlakatimizning 70ta oliy ta’lim muassasalari talaba va o‘qituvchilari «Ishtirok eta oldilar».

Tanlovda quyidagi asosiy nominatsiyalar e’lon qilindi:

mit_1_04_2013_1

O‘zbekistonning boy madaniyati va san’ati, tarixi hamda istiqlol g‘oyalari va ma’naviy qadriyatlari aks etgan eng yaxshi sayt

mit_1_04_2013_2

«Obod turmush yili» mazmuniga doir eng yaxshi sayt

mit_1_04_2013_3

Mahalla, qishloq va shaharlardagi farovon hayot aks etgan eng yaxshi sayt

mit_1_04_2013_4

Mahalla, qishloq va shaharlar aks etgan eng yaxshi fotosurat

mit_1_04_2013_5

Yoshlar ishtirokida o‘zbek mumtoz she’riyati va adabiyotini keng targ‘ib etgan eng yaxshi rolik

mit_1_04_2013_6

O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati aks etgan eng yaxshi sayt

mit_1_04_2013_7

O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati aks etgan eng yaxshi sayt

mit_1_04_2013_8

Eng yaxshi yangiliklar sayti

mit_1_04_2013_9

O‘zbekiston tabiati va tarixiy yodgorliklari aks etgan, kompyuter va boshqa elektron uskunalarga o‘rnatishga mo‘ljallangan internet-tarmog‘idagi eng yaxshi fotojamlanma.

Bundan tashqari, quyidagi qo‘shimcha nominatsiyalar ham berilgan:

mit_1_04_2013_10

Davlat tilidagi eng yaxshi sayt

mit_1_04_2013_11

Ikki tilda yaratilgan eng yaxshi sayt

mit_1_04_2013_12

Mobil aloqa vositalari uchun mo‘ljallangan eng yaxshi sayt yoki qo‘shimcha dastur

mit_1_04_2013_13

Eng yaxshi sayt dizayni

mit_1_04_2013_14

Foydalanuvchilar fikriga ko‘ra eng yaxshi sayt.

Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi. Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi internet veb-saytlar yaratuvchilari (jismoniy va yuridik shaxslar) ishtirok etadi. Hakamlar hay’ati tarkibiga vazirlik hamda idoralarning mas’ul xodimlari, shuningdek, madaniyat va san’at sohasi vakillari kiritiladi.

Ishtirokchilar arizalari 2013-yilning 1-mart kunidan boshlab qabul qilindi. Tanlovga www.mit.uz saytida joylashtirilgan namuna asosida to‘ldirilgan arizalar qabul qilinadi. Arizalarni «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining hududiy Kengashlaridan olish va to‘ldirish mumkin. Tanlov ishtirokchilarining ishlari ekspert guruhi va hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan mezonlar yordamida va hakamlar hay’ati tomonidan maxsus ishlab chiqilgan baholash varaqalari bo‘yicha baholanadi. Tanlov g‘oliblarini aniqlash bosqichlarida, hakamlar hay’ati a’zolari nomzodlarning ishlarini quyidagi uchta kichik ishchi guruhlarga bo‘lingan holda baholaydilar: «Mazmundorlik va interfaollik» ishchi guruhi, «Dizayn va qulaylik» ishchi guruhi, «Funksionalligi, texnologik imkoniyatlari va axborot xavfsizligi» ishchi guruhi tomonidan baholanadi.

Tanlovning asosiy nominatsiyalari bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin g‘oliblari, qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rin g‘oliblari tashkilotchilar hamda homiylarning diplomlari va qimmatbaho mukofotlari bilan taqdirlanadi. Tanlov natijalari va g‘oliblarning ro‘yxati tanlovning rasmiy sayti hamda axborot hamkorlari hisoblangan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

mit_1_04_2013_15

Tanlov «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining www.kamolot.uz sayti negizida tashkil etildi. Tanlovda g‘olib bo‘lgan saytlar keyinchalik tegishli davlat tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib boriladi. Tanlov natijalari O‘zbekiston Mustaqilligi kuni arafasida e’lon qilinadi.

Manba: tanlovning rasmiy sayti: www.mit.uz

Orphus system