O‘zbekistonda pochta va elektr aloqasining boshlang‘ich bosqichlari

pochta_28_03_2013

Jurnalimizning avvalgi sonida berilgan aloqaning rivojlanish tarixiga bag‘ishlangan mavzuimizni davom ettiramiz.

XIX asrning oxirida mamlakat shaharlari va iqtisodiy munosabatlarda muhim hisoblangan aholi punktlarida yangi pochta traktlari (pochta jo‘natmalarni yetkazish yo‘nalishlari) ochildi. Bu davrda Toshkentda birinchi otliq-pochta idorasi tashkil etildi. Mamlakatlararo munosabatlarda eng qisqa yo‘l sifatida Orenburg—Toshkent, shu-ningdek Toshkent va Chimkent, Toshkent va Jambul, Omsk shaharlararo pochta traktlari, XIX asr 60-yillarining oxirida esa Samarqand—Kattaqo‘rg‘on, Samarqand—Qarshi, Samarqand—Shahrisabz pochta yo‘nalishlari ochildi. Bulardan tashqari, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Andijon, Farg‘onada hamda bir qator boshqa mintaqalarda ham pochta aloqasi o‘rnatildi.

pochta_28_03_2013_1

1868-yilda Toshkent shahrida yagona boshqarmaga birlashtirilgan Sirdaryo va Samarqand pochta idoralari tashkil etildi. Pochta aloqasi tarmog‘i kengaytirilib, Qarshi, Kitob va Shahrisabzda, 1873-yilda esa Xiva va Buxoro shaharlarida pochta idoralari ochila boshladi. Sanoat va ishlab chiqarish rivojlanishi bilan aloqa sohasi ham taraqqiy etib bordi. Pochta korrespondentsiyalari soni o‘sib bordi.

Aloqa vositalari rivojida temir yo‘llar muhim o‘rin tutgan. XIX asr oxirida pochtani temir yo‘llar orqali tarqatish aloqa sohasining yangi turi sifatida rivojlandi. Temir yo‘l yoqalari, vokzallarda pochta muassasalari ochila boshladi. Temir yo‘l orqali pochta jo‘natmalarining soni o‘sib borishi bilan 1900-yil 1-iyul kuni Toshkent shahrida Markaziy pochta-telegraf okrugi huzurida Temir yo‘l orqali pochta jo‘natmalari yetkazish boshqarmasi tashkil etildi. Ushbu boshqarma tarkibiga Andijon, Samaradan Krasnovodsk va Kushkagacha bo‘lgan temir yo‘l bog‘lamalari kirdi.

pochta_28_03_2013_2

XIX asrning oxiri XX asrning boshida pochta aloqasining — qimmatbaho xatlar jo‘natmalari, banderol, pul jo‘natmalari kabi yangi xizmatlari paydo bo‘ldi. Mazkur xizmatlar sanoat korxonalari, yirik firmalar, bank tashkilotlari ko‘p bo‘lgan joylarda — Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida keng tarqala boshladi.

XX asrning 20-yillarida pochta yetkazish yangi turlari — avia hamda avtotransport orqali amalga oshirila boshlandi. Shu yillarda Samarqand—Toshkent, Toshkent—Avliyo ota—Pish-pek (Bishkek)—Olma ota va Buxoro, To‘rtko‘l—Xiva yo‘nalishlarida pochta avia yo‘nalishlari paydo bo‘ldi. Avia yo‘nalishlar doirasi kengaytirilib: Toshkent—Moskva, Toshkent—Dushanbe, Chorjo‘y—Xiva—Toshxovuz, Toshkent—Termiz—Qobul yo‘nalishlari ochildi. Yangi pochta yo‘llari uzaytirildi.

pochta_28_03_2013_3

1941–1945 yillarda sharoit taqozosi bilan pochta aloqasi korxonalariga ishni uzluksiz tashkil etish vazifasi yuklangandi. Mamlakatimiz aloqachilari zimmalaridagi mazkur vazifani muvaffaqiyat bilan ado etdilar. O‘tgan asrning 40–61 yillarida 700dan ortiq aloqa korxonalari tashkil topgan. Pochta aloqasi bo‘limlarining soni keskin ko‘payib bordi. Davr talabiga muvofiq qishloq joylarida ishga olingan pochtachilar keyinchalik aloqa korxonalari shtatiga o‘tkazildi va shu bilan qishloq joylarida pochta korrespondentsiya va gazeta hamda jurnallarni yetkazish ishlari ancha yo‘lga qo‘yildi.

Avtotransport orqali pochta tashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida avtotransport yo‘llari hamda Aloqa vazirliklariga qarashli avtomashinalar birlashtirilib, pochtani tashish ishlari umumiy foydalanishda bo‘lgan avtotransport orqali yagona imtiyozli tarif asosida amalga oshirildi. Pochta aloqasi tarmog‘i yildan-yilga rivojlandi. 1963-yilga kelib, pochta bo‘limlarining soni 470taga yetdi, pochta qutilarining soni esa 6000tani tashkil etdi.

Aloqa tarixi muzeyida eksponatlar qatoridan XX asr boshlarida Toshkent shahrida joylashgan birinchi Toshkent pochtamti binosi va 1983-yillargacha faoliyat ko‘rsatgan Toshkent shahar pochtamti binosining suratlari ham joy olgan. Bundan tashqari, Buxorodagi pochta-telegraf idorasi va 1983-yilda qurib bitkazilgan va hozirgi kungacha faoliyat yuritayotgan Toshkent shahar pochtamtining zamonaviy binosi namoyish etilgan.

pochta_28_03_2013_4

Ma’lumki, mamlakatimizda pochta aloqasi bilan bir qatorda telegraf aloqasi rivojlana boshladi. XIX asrning 70-yillarida Kazalinsk—Toshkent yo‘nalishida telegraf liniyasining qurilishi boshlandi va bir yil davomida qurilib, ishga tushirildi. Bu O‘zbekiston hududida qurilgan birinchi telegraf liniyasi edi. Ikkinchi liniya esa Toshkent—Chimkent yo‘nalishida qurilib, Chimkent, Tokmak, Avliyo ota, Orenburg, Penza, Saratov, Moskva va Peterburg shaharlari bilan bog‘ladi. Morze tizimida amal qiladigan apparatlar o‘rnatilgan yangi telegraf liniyalarining rivojlanishi mamlakat bo‘ylab keng quloch yoydi.

Pochta-telegraf aloqasi rivojlanishi bilan shu sohaga muvofiq korxonalar shakllana boshladi. 1885-yil 1-yanvardan boshlab, Toshkent pochta idorasida mijozlardan shoshilinchnoma (telegramma) qabul qilina boshlandi. Telegraf liniyalari qurilishi va bajariladigan ishlar hajmining sezilarli darajada o‘sishi bilan Toshkent shahrida mavjud bo‘lgan Samarqand va Sirdaryo pochta idoralari 1886-yil 23-aprelda Turkiston pochta-telegraf okrugi boshqarmasiga aylantirildi. Yirik shaharlardagi pochta idoralariga telegraf apparatlari o‘rnatilishi bilan ular ham pochta-telegraf idoralari deb atala boshladi.

1892-yil yanvar oyida Toshkentning eski shahar qismida pochta aloqa bo‘limi ochildi. Pochta bo‘limlarida avvaliga yuza Klopfer va Bodo telegraf apparatlaridan foydalanildi. 1894-yil aprelida esa bu bo‘limga Morze telegraf apparati o‘rnatildi va aloqa bo‘limi Eski shahar pochta-telegraf idorasi deb atala boshladi.

pochta_28_03_2013_5

O‘tish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlarda telegraf aloqasiga qo‘shimcha — geliografik aloqa turi qo‘llanildi. Mazkur aloqadan faqat bahor-yoz fasllari mavsumida foydalanganlar, boshqa davrlarda obi-havo sharoiti bilan bu usuldan foydalanishning iloji bo‘lmagan. Mazkur aloqa turining ishlash tamoyili nurli energiyadan foydalanishdan iborat bo‘lgan, ya’ni kunduz kunlari quyosh nuridan foydalanilgan. Tunda esa ochiq alanga yoki to‘lin oy kunlari oy shulasidan foydalanilgan. Yorug‘ nur taramlari telegraf Morze alifbosiga muvofiq, maxsus aylanma uskunasiga mahkamlangan ko‘zguda aks etgan yoki ko‘zgular tizimida aks etishi hisobiga ma’lumotlar uzatilgan.

Ko‘zgular yuzasi aylanma uskunaga: gorizontal va vertikal ikki o‘qqa ega bo‘lgan. Geliorgaf tomonidan amalga oshiriladigan uzuq-uzuq signallar: «nuqta-tire» ning uzatilishi ko‘zgular yuzasidagi qisqa tebranish yoki aylanish asosida yuzaga kelgan, signallarni uzoqdan binokl yordamida ko‘rish orqali, qisqa yoki uzun nur chaqnashi evaziga stansiyada geliografist tomonidan qabul qilingan hamda Morze alifbosi asosida matnga aylantirilgan.

1901-yil may oyidan boshlab Toshkent shahri va Chimyon sanitar-gigiyena stansiyasi o‘rtasida geliografik aloqasi o‘rnatildi. Shaxsiy ma’lumotlarni pullik asosda qabul qilish va yuborishga ruxsat berilgan. Xuddi shu tamoyilda Hazrati Ayub va O‘sh shahri o‘rtasida ham geliografik aloqasi tashkil etildi.

Jurnalning keyingi sonida telegraf ixtirochilari to‘g‘risida ma’lumot beriladi.

Maqola infoCOM.UZ jurnali va Aloqa tarixi muzeyi bilan hamkorlikdagi loyiha asosida tayyorlandi.

Orphus system