AKT ? chet tillarini o‘rganish vositasi sifatida

akt_28_03_2013

Davrimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bo‘lgan axborot kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan uning imkoniyatlaridan foydalanib, ta’lim jarayoniga yangicha yondashish va uni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. XX1 asr – yuksak texnologiyalar asri bo‘lib, zamonaviy yoshlarimiz nafaqat davr ruhiga monand, balki elektron olamdagi taraqqiyotga muvofiq qadam tashlamoqdalar.

Shu boisdan ham, yosh avlodga ta’lim berish jarayoniga boshqacha yondashishni talab etmoqda. Darslarda o‘qituvchining o‘rni ham o‘zgarib bormoqda. O‘qituvchi endilikda asosan yo‘naltiruvchi vazifasini o‘tamoqda. Zamon bilan hamnafas qadam tashlashni maqsad qilgan o‘qituvchilar darsning har qanday qismini AKT orqali jonlantirishga tayyor bo‘lishlarini davr talab etmoqda.

Ta’lim jarayoniga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ayniqsa, chet tillarini o‘qitish va o‘rganishda tobora katta ahamiyatga molik bo‘lib bormoqda. Yangi axborot texnologiyalari chet tillarini o‘qitishda katta imkoniyatlarni taqdim etadi, fan bo‘yicha sifatli bilim olish va ta’lim samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ma’lumki, davr talabiga monand dars o‘tishda mazkur fandan o‘tiladigan birorta ham mashg‘ulot o‘qituvchi yoki o‘quvchilarning taqdimotisiz o‘tmasligi lozim.

akt_28_03_2013_1

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorida «Zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish yo‘li bilan, o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, shu tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda buning negizida, ularning jahon taraqqiyoti yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish» ishlari va buning uchun bir qator muhim vazifalarni amalga oshirish zarurligi ko‘rsatilgan.

Mazkur hujjatda 2013–2014 o‘quv yilidan boshlaboq umumiy o‘rta ta’lim maktablarining birinchi sinflaridan chet tillari avval o‘yin tarzida keyinchalik asosiy ta’lim fani sifatida AKT vositalaridan foydalangan holda o‘qitish belgilab berilgan. Ushbu muhim Qarorga muvofiq bugun, ayniqsa, chet tillarini o‘rganish darslariga yanada chuqurroq nazar tashlandi. Jahon maydonida yurt sha’nini munosib himoya qilishi uchun yoshlarimiz, avvalo o‘zining xorijiy tengdoshlari bilan raqobatlasha olishi lozim. Bugun esa raqobat chet tillari, xususan, xalqaro biznes tili bo‘lgan ingliz tilida olib borilmoqda.

AKT vositalari — kompyuter texnikasi, magnitofon, kitob, video uskunalari, elektron doska orqali dars vaqtini tejash va yanada ko‘proq va samarali ma’lumot olishga imkoniyat demakdir. Bugun yoshlar ham qo‘shimcha ma’lumot olish uchun kitobni izlab va varaqlab vaqt sarflamaydilar, balki uni tejab Internetga murojaat etadilar.

Chet tillarini o‘qitishda Internet hamda uning katta imkoniyatlaridan foydalanishlari natijasida, ta’lim va pedagogik jarayonlariga multimediya texnologiyalarining joriy etilishining istiqbolliligi tobora namoyon bo‘lmoqda. Ma’lumki, asosiy kommunikatsiya vositasi sifatida Internet bilan tanishuv to‘rt yo‘nalishda:

• Internet axborot olish vositasi sifatida;
• Internet muloqot vositasi sifatida;
• Internet o‘qitish vositasi sifatida;
• Internet ko‘ngilochar vosita sifatida amalga oshiriladi.

Bunda tarmoqda axborot izlashda kommunikatsiyaning asosiy vositalari (elektron pochta, chat) bilan ishlashni mashq qilishga katta e’tibor qaratiladi. Boshlang‘ich bosqichda axborot almashuv jarayoni faqat yozma matn bilan cheklangan bo‘lsa, asta-sekin unga grafik va ovozli hujjatlar kiritiladi.

akt_28_03_2013_2

Toshkent viloyati Qibray Qishloq хo‘jalik kasb-hunar kolleji ta’lim jarayonida ham AKT va Internet taqdim etgan imkoniyatlardan keng foydalaniladi. Masalan, o‘tgan 2012-yil davomida kollej o‘qituvchilarining 100 foizi axborot texnologiyalari bo‘yicha malaka oshirib, o‘z bilimlari doirasini kengaytirdilar va bugungi kunda Word, Excel, Power Point dasturlarida bemalol ishlamoqdalar. Internet tizimidan barcha chet tili o‘qituvchilari va o‘quvchilarimiz foydalana oladilar.

Kollej o‘qituvchilari va o‘quvchilari orasida o‘tkazilgan so‘rovnomamizga asosan, kollejdagi o‘qituvchilarning 100 foizi va 65 foiz o‘quvchilar uyda kompyuter bilan ishlash imkoniyatiga ega, o‘qituvchilarning 90 foizi internet tizimiga ulangan.

Kollejda mavjud axborot-resurs markazida Internetga bepul kirish imkoniyati mavjud. Unda o‘qituvchi va o‘quvchilar darsdan keyin, bo‘sh vaqtlarida Ziyonet tarmog‘idagi www.booksshouldbefree.com, www.cool toolsforschools.wikispaces.com, www.flash kids.com, www.frog.com, www.simply fun.com va Youtube, bloglar hamda ko‘plab boshqa saytlardan bepul foydalanishlari mumkin. Bu ma’lumotlar chet tili darsida Internetdan yanada samaraliroq foydalanish imkoniyati mavjud ekanligini ko‘rsatadi.

Chet tili darslarida AKT va xususan, Internetdan foydalanish orqali bir necha didaktik masalalarni hal qilish mumkin. Bulardan, talabalar bilimini tekshirishda:
• turli xildagi on-line, ya’ni interaktiv rejimdagi testlar;
• off-line testlar, ya’ni testlarning elektron variantidan foydalanish;
• Internet tizimida bilimi boshlang‘ich bosqichdan boshlab eng yuqori bosqichdagi talabalar uchun ko‘plab sinovlar TOEFL, IELTS kabi testlar mavjud.

Bu kabi testlarning o‘quvchi uchun afzalligi obyektiv va tezkor javobidadir. Bir vaqtning o‘zida turli bilim saviyasiga ega talabalarga turli testlar berilishi, yangi mavzuni tushuntirishda: dars sifatini fotosuratlar, kliplar, kinolavhalar, videolavhalar orqali oshirish, masalan: o‘quvchilar kitob matnidan turli xorijiy davlatlar haqida oddiy ma’lumot olibgina qolmay, shu davlatlarga virtual sayohat, chet davlatlarning an’ana va urf-odatlari haqida videolavhalar, qoshiqlar, kliplar tamosha qilishlari mumkin.

O‘tilgan mavzuni mustahkamlashda:
• o‘quvchilar loyiha yaratishlari;
• fanlararo darslar o‘tishda qo‘shimcha ma’lumot qidirish;
• taqdimot tayyorlash yoki elektron pochta orqali chet ellik do‘stlari bilan suhbat o‘tkazish orqali o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini sezilarli darajada ko‘taradi.

AKT’dan foydalanib, dars o‘tishda o‘qituvchi unga Davlat standartlari asosida reja tuzib, tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Darsda AKT hech qachon o‘qituvchining o‘rnini egallay olmaydi, balki unga ko‘makdoshlik vazifasini o‘taydi. Dars mazmuniga ko‘ra AKT va boshqa pedagogik texnologiyalarni navbatma-navbat oqilona qo‘llashi lozim. AKT’ni dars jarayoniga tatbiq etishdan maqsad darsni boyitish, oddiy kitob bera olmaydigan ma’lumotlarni, didaktik ko‘rgazmalarni berishdir.

Shu tariqa, Internetdan foydalanib, chet tilini o‘qitish orqali o‘qituvchilar ham va o‘quvchilar ham o‘z ishlarida qulay imkoniyatlarga ega bo‘ladilar, shu boisdan ham AKT’ni dars jarayoniga joriy etish dolzarb masala hisoblanadi. Zamonaviy dars samaradorligiga ta’limiy dasturlar, Internetda axborotni izlab topish, natija sifatida chet tillarini o‘rganishga qiziqishning o‘sishi, xalqlararo, madaniyatlararo muloqotga aloqadorlilikni anglash, ta’lim muhiti doirasini kengaytirish imkoniyati asosida erishiladi.

Orphus system