Jamoat fondining besh yilligi oldidan

“Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi” 2008-yil O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, shuningdek, soha korxona va tashkilotlari tashabbusi bilan tashkil etilgan. 2008-yil 27-martda 669-son bilan O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tgan. “Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi”ning asosiy maqsadi sohasi tarixini, merosini yoritish, aloqa muzeylarini tashkil etish, ularni faoliyatini ta’minlash, o‘tmishdagi hamda mustaqillik yillaridagi sohaning rivojlanishini yoritishdan iborat.

Jamoat fondi tomonidan 2009-yilda Toshkentda «Aloqa tarixi muzeyi» tashkil etilgan. Hozirgi kunda Xiva shahridagi Aloqa muzeyini qayta ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Qisqa vaqt ichida «Aloqa tarixi muzeyi» o‘z mavqeiga ega bo‘lib, yetakchi soha muzeylari qatoridan munosib o‘rin egalladi. Shu kungacha muzeyga tashrif buyuruvchilar soni 36 000 dan ziyod kishini tashkil etmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, muzeyning asosiy yo‘nalishi hamda faoliyatini yosh avlodni kengroq qamrab olishga qaratilgan. Mazkur yo‘nalish doirasida umumiy ta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bilan hamkorlikda o‘quvchilarning muzeyga tashrifi yuzasidan ishlar olib borilmoqda hamda ular uchun keng qamrovli ma’ruzalar tashkil etilmoqda.

Jamoat fondi hamda muzey xodimlari doimiy izlanishda bo‘lib, o‘z mehnatlarining natijasi sifatida har yili kamida uchta yangi ekspozitsiya tashkil etib, tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola etmoqdalar. O‘tgan 2012-yil davomida tashkilotimizning bosib o‘tgan yo‘li va erishgan yutuqlari ko‘rib chiqilib, joriy 2013-yil reja va maqsadlarimiz belgilab olingan. O‘tgan 2012-yil Jamoat fondi hamda muzey xodimlari uchun samarali yil bo‘ldi. Muzeyning anjumanlar zalida 30dan ortiq anjuman, taqdimot va yig‘ilishlar o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbirlarning aksariyati Respublikada kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommunikatsiya aloqa vositalari hamda Internet tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha sohaga doir asosiy voqealarga bag‘ishlangan.

Alohida ta’kidlash lozimki, Respublikamiz muzeylari qatorida, «Aloqa tarixi muzeyi» — «Ipak yo‘lidagi turizm» 18-Toshkent xalqaro turistik yarmarkasida o‘z ekspozitsiyasi bilan ishtirok etdi. Uch kun davom etgan yarmarka doirasida O‘zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Ispaniya, Rossiya, Tailand, Fransiya, Xitoy, Chexiya, Sloveniya, Shveytsariya, Vyetnam, Turkiya, Turkmaniston, Hindiston kabi ko‘plab mamlakatlardan yetti yuzdan ortiq firma va kompaniya vakillari ishtirok etdi.

«Aloqa tarixi muzeyi» O‘zbekistonning nufuzli muzeylari qatoridan munosib o‘rin egallab, ochilishidan to hozirgi kungacha bo‘lgan davr mobaynida muzeyga tashrif buyuruvchilar soni 2012-yil yakuni bo‘yicha 35 500 dan ziyod kishini tashkil etdi. Muzeyda saqlanayotgan eksponatlar soni esa 7100 donani tashkil etmoqda. Bundan tashqari, 2012-yilda yangi ekspozitsiyalar tashkil etildi. Jumladan, «Musiqa va axborot tarqatuvchi vositalar» va «Telefonlar» ekspozitsiyalari yaratildi, shuningdek, 2011-yilda boshlangan «Pochta va elektraloqa» ekspozitsiyasini yaratish ishlari yakuniga yetkazilib, namoyishga tayyorlandi. «Aloqa tarixi muzeyi»ni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarga ijobiy baho berilib, muzeyga O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi qoshidagi «O‘zbekmuzey» muzeylarni qo‘llab-quvvatlash respublika jamg‘armasi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan tashkil etilgan «Muzey-xalq tarixining ko‘zgusi» Respublika ko‘rik tanlovi tashkiliy qo‘mitasining qarori bilan O‘zbekistonda muzey ishini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotganligi uchun «Faxriy yorliq» bilan taqdirlandi.

Muzeyda tashkil etilgan kinozal unga tashrif buyuruvchilarda 20dan ortiq Respublika hamda jahon muzeylariga virtual sayohatni amalga oshirish imkonini beradi. Jamoat fondi o‘z xarajatlarini Vasiylik kengashi raisi tomonidan tasdiqlangan smeta xarajatlari asosida amalga oshiradi va har chorak yakuni bo‘yicha Vasiylik kengashi a’zolariga bajarilgan ishlar, amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda sarflangan xarajatlar to‘g‘risida ma’lumot berib boradi. Barcha xarajatlar tasdiqlangan harajatlar smetasi doirasida amalga oshiriladi.

«IMPULS AUDIT» MCHJ tomonidan Jamoat fondi faoliyatini tekshirish mobaynida korxonaning barcha moliyaviy faoliyati tasdiqlangan ko‘rsatkichlar doirasida ekanligi qayd etildi. Mazkur ish samaradorligini susaytirmagan holda va uni yanada rivojlantirish maqsadida 2013-yil uchun ko‘plab rejalar tuzilgan. Mazkur rejalarga xususan, yuqorida aytib o‘tilganidek, joriy yilda ham ko‘plab yangi ekspozitsiyalarni tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola etish uchun tayyorlash ham kiritilgan.

Jumladan:
• sohamiz rahbarlari tomonidan muzeyga taqdim etilgan bebaho va nodir eksponatlar sirasiga kiruvchi, o‘tgan asrning boshlarida foydalanishda bo‘lgan turli xil rusumdagi radiolar to‘plamidan tashkil topgan ekspozitsiya yaratish;
• muzeyning asosiy ekspozitsiya zalida «Ucell» kompaniyasi rahbariyati bilan kelishilgan holda yangi ekspozitsiya tashkil etish;
• «Pochta varaqchalari» ekspozitsiyasini yaratish;
• «Pochta va elektraloqa» ekspozitsiyasini takomillashtirib, telefon so‘zlashuvini amalga oshirish sxemasini elektron tarzda yaratish;
• muzeyga kiraverishda aloqa tarixi va sohaning mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni aks ettiruvchi kompozitsiyani yaratish;
• muzeyda bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus maydoncha yaratish;
• soha rivojiga katta hissa qo‘shgan rahbarlar, mehnat faxriylari, mutaxassis va fan namoyandalari xotirasini tiklash uchun tegishli ma’lumotlar bazasini yaratishni davom ettirish va boshqalar.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi boshchiligida muzeyda tashkil etiladigan anjuman, yig‘ilish va turli tadbirlarni yuqori saviyada o‘tishida barcha tashkiliy ishlarni amalga oshiradi. Jamoat fondi hamda «Aloqa tarixi muzeyi» faoliyati bilan Internet orqali www.aloqamuzeyi.uz saytida muzey bo‘ylab yaratilgan «Virtual tur» bilan tanishish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, «Aloqa tarixi muzeyi» to‘g‘risidagi ma’lumotlar, muzeyda o‘tkazilgan tadbirlar, o‘quv seminarlar, turli yo‘nalishlardagi yig‘ilishlar to‘g‘risidagi yangiliklar ham saytga muntazam joylashtirilib borilmoqda.

Orphus system