Interfaol xizmatlar takomillashmoqda

2013 yil 11 mart kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “Keng doiradagi foydalanuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasining interfaol xizmatlarini faollashtirish va takomillashtirish to‘g‘risida” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida, ortiqcha byurokratik g‘ovlarni bartaraf etish, zamon talablariga mos kelmaydigan litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini, statistik hisobotlar shakllarini qisqartirish, ularni taqdim etish mexanizmini takomillashtirish hisobiga, respublikada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, biznes sub’ektlarini tashkil qilishni soddalashtirish va shunday sub’ektlarning yanada erkin faoliyat yuritishlarini ta‘minlash borasida izchil hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

Hozirgi kunda, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan rasmiy www.stat.uz sayti orqali 6 ta asosiy va 4 ta qo‘shimcha davlat interfaol xizmatlari taqdim etilmoqda:

asosiy xizmatlar:
— O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida axborotlar taqdim etish;
— Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registriga doir axborotlar taqdim etish;
— Davlat statistika hisobotlari blankalari shakllarini taqdim etish;
— Statistik klassifikatorlar bo‘yicha axborotlar taqdim etish;
— Elektron arizalarni qabul qilish va ular bilan ishlash, Internet tarmog‘i orqali ochiq firma nomlarini zaxiralash va vaqtincha saqlash;
— Internet tarmog‘i orqali elektron statistika hisobotlarini qabul qilish va ular bilan ishlash xizmatlarini ko‘rsatish.

qo‘shimcha xizmatlar:
— Statistik ma‘lumotlarni ishlab chiqish metodologiyasi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etish;
— Dinamik qatorlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etish (1991 yildan);
— Demografik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etish (1991 yildan);
— Fuqarolarning statistika masalalari bo‘yicha shikoyat, ariza va takliflarini ko‘rib chiqish.

Matbuot anjumanida, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan davlat statistika hisobotlarini elektron ko‘rinishda taqdim etilishini kengaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilayotganligi qayd etildi. Shu o‘rinda, “Yosh dasturchilarni qayta tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash markazi” MChJ bilan hamkorlikda, statistik hisobotlarni elektron ko‘rinishda yig‘ish tizimini modernizatsiya qilish va yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi paytda, ushbu tizim orqali 90 dan ortiq shakllarni topshirish imkoniyati mavjud bo‘lib, ushbu shakllar bo‘yicha oxirgi hisobot davriga respublika bo‘yicha, uzoq qishloq tumanlarini qo‘shgan holda, 95 mingga yaqin korxona va tashkilotlar hisobot topshirishdi, bu umumiy topshiruvchilarning 37 foiziga yaqin. 2013 yil iyun oyidan boshlab, barcha davlat statistika hisobotlari shakllarini (141 ta shakl) elektron ko‘rinishda taqdim etish imkoniyati yaratiladi. Firma nomlarini elektron ko‘rinishda zaxiraga olish tizimi takomillashtirildi. Firma nomlarini elektron ko‘rinishda zaxiraga olish tizimining Internet tarmog‘i orqali kechayu-kunduz faoliyat ko‘rsatishi ta’minlandi, qulay firma nomlarini zaxiraga olish esa 4 ish soati ichida amalga oshirilmoqda.

Shunday qilib, davlat interfaol xizmatlarini yanada rivojlantirish, ularni taqdim etish mexanizmlarini takomillashtirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida zamonaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan.

Ta’kidlandiki, davlat interfaol xizmatlarini rivojlantirishning asosiy maqsadlari, statistik ma’lumotlardan foydalanuvchilar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun yuqori darajada qulay sharoitlarni yaratishdan iboratdir.

Manba

Orphus system