“Маqоllar” mavzusini o‘tishda Internetdan foydalanish

maq_21_02_2013

Bugungi kunda umumiy ta’lim maktablarining 5-9-sinflarida adabiyot fanidan o‘tiladigan mashg‘ulotlarni yangi axborot texnologiyalari asosida uyushtirish adabiyot o‘qitish metodikasining eng muhim, dolzarb masalalaridan biriga aylangan. Kompyuter xonalari mavjud bo‘lgan maktablarda zamonaviy talablar asosida uyushtiriladigan darslar o‘quvchilarga Internet tizimidan foydalanish ko‘nikmasini hosil qilishda, dars mavzusini mustaqil o‘zlashtirishda yaxshi imkoniyatlar yaratadi. “Zamonaviy texnologiya” terminini ko‘pincha o‘qituvchilar haddan tashqari murakkab tushunchalar bilan bog‘lagan holda tasavvur qilmoqdalar.

Aslini olganda, «texnologiya» so‘zi muayyan vazifani bajarishning tartibini ko‘rsatuvchi jarayon ma’nosini ifodalaydi. Binobarin, yangicha texnologiya asosida dars berish deganda, mashg‘ulotni yangicha uyushtirish haqida fikr yuritiladi. Ma’lum bo‘ladiki, bugungi kunda dars berishning yangicha yo‘li targ‘ib etilar ekan, an’anaviy usullardan unumli foydalangan holda eski unsurlardan voz kechish nazarda tutiladi. Bizningcha, eskicha unsur deganda, sinfda o‘qituvchining mutlaq hokimlik holati, o‘quvchilarga beriladigan ma’lumotlardagi didaktik ustuvorlik, mavzu bo‘yicha masalalarning hal qilingan holatda o‘quvchilar e’tiboriga havola qilinishi (o‘quvchilardagi mustaqil fikrlash imkoniyatining cheklanishi), asosan, darslikdagi ma’lumotlar tizimiga suyanish kabilar nazarda tutiladi.

Dars mashg‘ulotlarini internet tizimiga suyangan holda tashkil etish yuqorida qayd etilgan moddalardan holi bo‘lishi uchun sharoit yaratadi. O‘quvchilar o‘qituvchining har bir ko‘rsatmalarini mustaqil ravishda bajaradilar, o‘zlarining shaxsiy fikrlarini bildirishga urinadilar, imkoniyat darajasida darslikdagi fikrlarga tanqidiy yondashadilar yoki o‘zlarining yo‘nalishlarini kashf etadilar.

maq_21_02_2013_1

Internetning ta’lim tizimida joriy etilishidagi muhim bir masala — undan to‘g‘ri va o‘rinli, shu bilan birga, samarali foydalanishni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. O‘zini zamon bilan hamnafas deb bilgan o‘qituvchi dars mavzusiga tayyorlanish jarayonida o‘quvchilariga internetdan foydalanishlari uchun topshiriqlarni bajarish jarayonini ishlab chiqar ekan, o‘quvchi qaysi saytdagi qanday ma’lumotni olishi kerakligi haqidagi yo‘riqnomani ham berishi shart. Masalan, 5-sinfda Adabiyot fanida o‘tilayotgan «Maqollar» mavzusini o‘tish jarayonini olib ko‘raylik. «Maqollar» mavzusi 5-sinf «Adabiyot» darsligining «Hikmat durdonalari» ruknida joylashtirilgan bo‘lib, mavzuni o‘tish uchun bir o‘quv soati vaqt ajratilgan. Darslikda o‘quvchilar tanishib chiqishlari uchun 102ta o‘zbek xalq maqoli kiritilgan. Davlat ta’lim standartiga muvofiq o‘quvchi 10ta o‘zbek xalq maqolini yod olishi shart. Zamonaviy interfaol dars o‘tish jarayonida o‘quvchi darsning faol ishtirokchisi ekan, u uchun 10ta maqolni yoddan bilishlik kamlik qiladi. O‘qituvchi o‘quvchilarni guruhlarga ajratib, guruhlar o‘rtasida «Kim ko‘p maqol biladi?» musobaqa darsini o‘tkazadi. O‘quvchilarning darsga mustaqil tayyorlanishlari uchun www.ziyouz.uz Vatan, mehr-oqibat, do‘stlik, mehnat mavzularidagi maqollarni yod olib kelish topshirig‘i beriladi yoki saytda folklorshunos olimlar T. Mirzayev, A. Musaqulov, B. Sarimsoqovlar tomonidan to‘planib, nashr etilgan «O‘zbek xalq maqollari» kitobining PDF formatidagi shaklidan foydalanish tavsiya etilishi mumkin.

Hоzirda www.ziyouz.uz saytida 10 000ta o‘zbek xalq maqoli, 4500ta jahon xalqlari maqollarining o‘zbek tilidagi tarjimasi mujassam. O‘qituvchi xalq maqollarining badiiy adabiyot namunasi ekanligini unutmasligi lozim. Buning uchun 5-sinfdagi 13-sahifadan boshlanadigan maqollardan olingan namunalar bilan o‘quvchilar internet tizimidagi maqollarning umumiy xususiyatlarini topish vazifasini bajarishlari kerak. Masalan, «Bilim baxt keltirar» maqolini olaylik. O‘qituvchi «bilim baxt keltirgan» odamlar hayotidan misol topishni buyuradi. 6-sinfda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Sariq devni minib» romanidan parcha o‘rgatiladi. Xudoyberdi To‘xtaboyev ota-onasidan bolalikda ajralib qolgan. U Qo‘qondagi, keyinchalik Toshkentdagi bolalar uyida tarbiyalandi. Ota-ona mehriga zor, ko‘ngli yarim bo‘lib voyaga yetdi. Ammo bo‘lajak yozuvchimiz bilim ketidagi izlanish havasini yo‘qotmadi. 1972-yilda jahon bolalar adabiyotining namoyandasi Janni Rodari tomonidan maqtaldi. Natijada, «Sariq devni minib» romani 32 tilga tarjima qilindi. Bugungi kunda Xudoyberdi To‘xtaboyev o‘nlab roman va qissalari bolalar kutubxonasidan munosib o‘rin olgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoniga sazovor bo‘ldi. Bilimning baxt keltirishi shu emasmi?

O‘qituvchi bu fikrni aytganidan so‘ng o‘quvchilardan shaxsiy misollar topishlarini so‘raydi. Bu jarayon internet tizimidagi ilm, kasb-hunar haqidagi yangi maqollarni topish vazifasi bilan to‘ldiriladi. O‘quvchi internetdan «Olim bo‘lsang, olam seniki», «Bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r mingni yiqar» kabi maqol namunalarini topishga harakat qiladi.

O‘qituvchi maqollar mavzusi yuzasidan fikr bildirar ekan, maqollarda aks etgan fikrning chegarasi kengligiga e’tibor berishi kerak. Ko‘pincha maqollar 4, 5, 6 so‘zlardan iborat bo‘ladi. Ammo ularda ifodalangan o‘gitni sharh-lash uchun soatlar ham yetmasligi mumkin. Masalan, darslikda «Vataning tinch-sen tinch» maqoli berilgan. Bu maqolda insonning baxti, hayot mazmuni, oilaviy saodati, shaxsiy kelajagi o‘z ifodasini topgan. Afg‘oniston, Iroq, Gruziya, Falastin kabi bir qator mamlakatlarda yillar davomida ro‘y berayotgan urush lavhalari yurtni xonavayron qilmoqda. Afg‘onistonda boshlangan urush paytida tug‘ilgan farzand umrining yarmi o‘tdi, ammo qulog‘i otilgan o‘q ovozlaridan tingani yo‘q. Bunday vaziyatda hayot kechirgan yigit-qizlar oliy darajadagi baxtni tinchlikdan iborat deb biladilar. Demak, biz baxtli insonlar ekanmiz!

O‘qituvchi mashg‘ulot davomida endi internetdan olingan misollar asosida o‘z fikrlarini ifodalash lozimligini vazifa qilib topshiradi. Bunday mashq internet tizimidan foydalanish afzalligi xalq maqollari namunalarining tarmoqda keng ko‘lamli ekanligini isbotlaydi. Shubhasiz, xalq maqollari haqida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda maqollarning asosiy quroli hisoblangan so‘zni yoddan chiqarmaslik kerak.

Bu o‘rinda o‘qituvchi badiiy adabiyotning asosiy quroli so‘z ekanligini alohida ta’kidlashi zarur. Buning uchun internetdan birorta maqol tanlanadi. Misol uchun, «Qolgan ishga qor yog‘ar» maqolini tanladik. Endi «qolgan» so‘zining sinonimlarini topishni topshiramiz. Jumladan, «qolgan» so‘zining sinonimlari sifatida «bajarilmagan», «amalga oshmagan», «chala» so‘zlari olindi. Endi «ish» so‘zining sinonimlarini topamiz. «Yumush», «topshiriq» so‘zlari topildi. Shundan so‘ng maqoldagi «qolgan ishga» so‘zining o‘rniga biz topgan sinonimlarni qo‘yamiz. Natijada «Bajarilmagan yumushga qor yog‘ar» matniga ega bo‘lamiz. Bu matnni internetdan topilgan misollar bilan to‘ldiramiz: «Bugungi ishni ertaga qo‘yma», «Chala ish-keltirar tashvish».

O‘qituvchining keyingi vazifasi sinfda sinonim so‘zlar ishtirok etgan namuna bilan asl maqol namunasining matnlarini solishtirishdan iborat bo‘ladi. Bu o‘rinda maqolning estetik ahamiyati susaygani, so‘z ta’siri zaif-lashgani, ayniqsa, tovushdoshlik fazilati yo‘qolganiga alohida e’tibor beriladi. O‘quvchilarga «maqollar» mavzusiga tayyorlanishlari uchun aniq tavsiyanoma berish, ba’zi saytlarda «Bor SMS, kel SMS, bormasang-kelmasang, telefonda qol SMS», «Bir abonentga yetti kompaniya-ota-ona», «Boshingga MOTOROLA, NOKIA telefoni kelsa ham rost gapir» kabi xalq maqollarining buzilgan shakli bilan tanishish orqali badiiy didlari buzilishining oldini oladi. Zero, darslikda — «Maqol inson nutqini bezaydi (xalqimizda «So‘z ko‘rki — maqol», deb bejiz aytilmagan), uning ta’sir kuchini oshiradi», — deb berilgan. (Adabiyot. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5-sinfi uchun darslik. 1-qism, T., — 2011, 26-bet).

Yurtboshimiz Islom Karimov ta’kidlab o‘tganlaridek, — «…ota-onalar, ustoz-murabbiylar bu masalada hushyorlikni yo‘qotmasligimiz, yoshlar tarbiyasida aslo beparvo bo‘lmasligimiz kerak» (Karimov I. Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch. — T., «Ma’naviyat», 2008-yil, 15-bet).

Kompyuter vositasida dars o‘tish sifati ikki asosiy omilga: o‘qitish dasturiga va kompyuter texnikasining sifatiga bog‘liq. O‘qitish jarayonining tashkil etilishida sinf-dars usuli asosiy hisoblanadi. Agar maktabda internet tizimi sust ishlasa, maqollarni saytlarda ko‘rsatish yaxshi natija bermaydi. Chunki sayt sekin ochiladi, bu esa dars vaqtining besamar ketishiga va 5-sinf o‘quvchilari diqqatining tarqalishiga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, zamonaviy ta’lim jarayonini tashkil etishda boshqa usullar: sinfdan, darsdan tashqari, mustaqil ta’lim kabi usullarni ham qo‘llash mumkin. O‘qituvchi o‘quvchilarning maqollarni qay darajada o‘zlashtirganliklarini navbatdagi mustahkamlovchi «Guruhlararo musobaqa» darsida tekshirishi mumkin.

Darsning samaradorligi o‘qituvchining darsga qo‘yilgan talablarni yaxshi tushunishi va bajarishiga bog‘liq bo‘ladi. O‘quvchilarning internet tizimida mustaqil ta’lim olishlarini davr ruhiga javob berishida zarur bo‘lgan umumiy talablar orasida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin:

• fanning yangi yutuqlaridan foydalangan holda, o‘quv-tarbiyaviy jarayon qonuniyatlari asosida darsni tashkil etish;
• darsda hamma didaktik tamoyillar va qoidalardan to‘g‘ri foydalana olish darkor;
• o‘quvchilarning qiziqishlari, layoqatlari va bilim olishga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olib, mahsuldor idrok etish faoliyatlari uchun zarur sharoitlarni yaratib berish;
• o‘quvchilar o‘rtasida bir-birini tushunish o‘zaro munosabatlarini o‘rnatish;
• ilgari o‘zlashtirgan bilim va malakalari bilan bog‘liqligini ta’minlash;
• har bir darsni oldindan tashhis qilish, rejalashtirish, loyihalashtirish va natijalarini belgilash.

Kompyuter vositasida internetdagi maqollardan foydalanish jarayoni o‘quvchilarning nafaqat mustaqil bilim olishlarini, balki ijodkorlik faoliyatlarini ham ta’minlaydi. O‘quvchilar internet tizimi orqali www.ziyouz.uz saytini mustaqil izlab topishlari va unga ijodiy yondashishlari orqali adabiyot faniga qiziqishlarini oshirishdagi ahamiyatli jihatlari quyidagilardir:
1. Saytga 15 000ga yaqin maqol kiritilgan. O‘quvchilar esa Vatan, ahillik, do‘stlik, ilm-hunar, kitob, mehnat haqidagi maqollarni daftarlariga tanlab qayd etadilar.
2. Maqollarni saralash jarayonida o‘quvchilar o‘zlariga noma’lum bo‘lgan maqollarni ham belgilab, mazmun-mohiyatini ota-onasidan yoki o‘qituvchisidan so‘rab o‘rganishga harakat qiladilar.

Bunda o‘quvchilar mavzuni keng qamrovli o‘zlashtiradilar, uni yaxshiroq tushunib olish va mustahkamlash, ijodiy topshiriqni bajarish, muvafaqqiyatli ish bajarganidan intellektual qoniqish hissini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘quvchilarda topshiriqni bajarish jarayonida mustaqil ta’lim olish ko‘nikmasi shakllanadi. Ular maqollarning asosiysini ajratib olish jarayonida materialni tahlil qiladilar, fikr yuritadilar, uni tashkil etuvchi alohida qismlarni (o‘xshatish, qofiya) solishtiradilar, aniqlashtiradilar, umumlashtiradilar.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o‘quvchilarga mustaqil topshiriq berish ularning mavzuni keng qamrovli o‘zlashtirishlariga imkon yaratadi. Bundan tashqari, shu tarzda tashkil etilgan darslar qiziqarli va samarali bo‘ladi. Qolaversa, dars jarayonida internet tizimida mavjud bo‘lgan va o‘qituvchi tomonidan saralab olinib, o‘quvchilarga foydalanishlari uchun tavsiya etilgan ma’lumotlardan izchil foydalanish o‘quvchilar ijodiy tafakkurining shakllanishi va dunyoqarashining kengayishiga yaqindan yordam beradi.

Orphus system