Yangi «e-Hujjat» tizimi – O‘zbekistonda «elektron hukumat»ni joriy etish yo‘lidagi keyingi qadam

2013-yil 30-yanvar kuni Toshkent shahrida «Elektron hukumat»ni bosqichma-bosqich shakllantirish maqsadida «e-Hujjat» elektron hujjat aylanish tizimining yangi versiyasini ishlab chiqish» mavzusida taqdimot bo‘lib o‘tdi. Tadbir tashkilotchilari: O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari Davlat qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot Dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining «Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: fuqarolik ishtiroki va hamkorlik» qo‘shma loyihasi, «UNICON. UZ» Markazi.

So‘nggi yillarda mamlakatda “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish masalasi O‘zbekiston Hukumati oldida turgan birlamchi vazifalardan biriga aylanib bormoqda. Buning tasdig‘i sifatida davlat boshqaruvining barcha jabhalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha respublikada amalga oshirilayotgan bir qator islohotlarni keltirish mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2012-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2013-yilgi iqtisodiy dasturning asosiy ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasida kerakli chora-tadbirlarni va loyihalarni amalga oshirish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Yig‘ilish yakuni bo‘yicha mamlakatda “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish Konsepsiyasi va kompleks dasturini ishlab chiqishni jadallashtirish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

1. Elektron hujjat aylanish tizimi «Elektron hukumat»ning asosiy elementlaridan biri hisoblanadi. Chunki ushbu tizimning muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilishi nafaqat davlat hukumati va boshharuvi organlari, xususiy sektor va aholi o‘rtasidagi samarali hamkorlikni ta’minlaydi, balki mamlakatda axborot jamiyatini shakllantirishga yordam beradi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-maydagi 126-sonli «Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida yagona himoyalangan elektron pochtani va elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etish hamda ulardan foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining qabul qilinishi elektron hujjat aylanish tizimini O‘zbekistonda tatbiq etishning muhim bosqichi bo‘ldi. Mazkur qarorni ijro etish doirasida «UNICON.UZ» markazi tomonidan vazirlik va idoralarni yagona himoyalangan «e-Hujjat» tizimiga uzviy bog‘lash bo‘yicha ishlar olib borilib, hozirgi kunda 150dan ziyod tashkilotlar, shu jumladan, davlat tashkilotlari ushbu tizimga bog‘landi.

3. Yuqorida zikr etilgan Vazirlar Mahkamasining qaroridan kelib chiqqan vazifalarni sifatli ijrosini ta’minlash maqsadida «UNICON.UZ» markazi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va BMT Taraqqiyot Dasturining «Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: fuqarolik ishtiroki va hamkorlik» qo‘shma loyihasi ko‘magida «e-Hujjat» tizimini takomillantirdi.

4. Qo‘shma loyiha tomonidan Jizzax va Namangan viloyatlarida «e-Hujjat» tizimini tatbiq etish, eski tizimda mavjud kamchiliklarni tahlil qilish, tizimni qo‘llash uchun AKT texnik jihozlarini sotib olish va o‘rnatish hamda «e-Hujjat»ning yangi versiyasini yaratish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

5. «e-Hujjat» tizimining yangi versiyasi zamonaviy platforma bazasi asosida sanoat standartlari va texnologiyalarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, bu tizim qonuniy elektron hujjatlarni ayirboshlash, mavjud ish yuritish tizimi va tashkilotlarda qaror qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtirish va takomillashtirish, yagona qayd qilish tizimini yaratish hamda hujjatlarni tizimlashtirish va ularning ijrosini nazorat qilishga qaratilgan.

6. «e-Hujjat» tizimi platformasi boshqa elektron hujjat aylanish tizimlariga moslikni hamda vazirliklar, davlat idoralari va tashkilotlarida mavjud yoki yangi ishga tushirilgan dasturlar bilan uyg‘unlikni ta’minlaydi.

Tadbirda yuzdan ziyod vazirlik va davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.

Taqdimot davomida quyidagi mavzularga oid ma’ruzalar tinglandi:

1. «Elektron hukumat»ning yagona platformasi asosida «e-Hujjat» elektron hujjat aylanish tizimining yangi versiyasini ishlab chiqish – mavzusida «UNICON.UZ» DUK direktor o‘rinbosari, Hasanov Xislat Po‘latovich so‘zga chiqdi.

2. «Elektron hukumat» bo‘yicha namunaviy tashabbuslarni amalga oshirish va integratsiyalashtirishda BMTTD va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qo‘shma loyihasi ko‘magi — loyiha rahbari Dilshod Shavkatovich Isroilov so‘zga chiqdi.

3. «e-Hujjat» elektron hujjat aylanish tizimini Jizzax viloyatida tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasi — Jizzax viloyat hokimligi kompyuterlashtirish markazi rahbari Tolibjon Ergashev so‘zga chiqdi.

Taqdomot yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollariga ma’ruzachilarning baravsil javoblari bilan yakunlandi.

Orphus system