AKT sohasida yil yakunlari muhokama qilindi
26.01.2013
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: www.ccitt.uz.

2013 yilning 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi Hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishda 2012 yilda aloqa sohasi korxonalarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etish va rivojlantirish holati atroflicha ko‘rib chiqildi hamda 2013 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Hay’at majlisida Qo‘mita boshqarmalari, bo‘limlari hamda aksionerlik kompaniyalari, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi korxona va tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi. Shuningdek, yig‘ilishda Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari, joylardagi soha korxonalari rahbarlarining ishtiroki videokonferensaloqa vositasi orqali ta’minlandi.

Majlisda 2012 yilda soha korxonalari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish 22,5 foizga, jumladan, aholiga aloqa xizmatlari ko‘rsatishning 24,5 foizga oshganganligi alohida ta’kidlandi.

2012 yilgi Investitsiya dasturiga qo’mita bo’yicha kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilingan xorijiy sarmoyalar hamda korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha belgilangan reja 110,0 foizga bajarildi.

2013 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, ma’lumotlar uzatish, jumladan, internet tarmog‘iga ulash xizmatlarini kro‘satuvchi xo‘jalik sub’ektlarining soni 930taga yetdi, jamoa bo‘lib foydalanish punktlari soni esa 1063tani tashkil qildi. Xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish umumiy tezligi 7780 Mbit/s.ga yetkazilib, o‘tgan yilga nisbatan 160,9 foizga o‘sdi. Buning natijasida operator va provayderlarga internet xizmatlari (tashqi kanal) uchun belgilangan tarif 2012 yil boshiga nisbatan o‘rtacha 25 foizga kamaytirildi.

UZ zonasida qayd qilingan domenlar soni bugungi kunda 15,8 mingtadan ziyodni tashkil etdi.

Hisobot davrida Davlat axborot resurslarining umumiy soni 195taga yetkazildi. Interaktiv davlat xizmatlarining umumiy soni 197tani tashkil qildi.

Yagona himoyalangan elektron pochta va elektron hujjat aylanish tizimlariga 140dan ortiq davlat organlari ulangan.

Bugungi kunda 9ta ERI kalitlarini ro‘yxatga olish markazlari tomonidan berilgan ERI kalitlari sertifikatlari va amaldagi kalitlarning umumiy miqdori 286 503taga yetdi. Bunda o‘sish 2011 yilning xudi shu davriga nisbatan 38,6 foizdan iborat bo’ldi.

Kompyuter savodxonligi darajasini aniqlash bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining 11,5 ming nafar xodimlari attestatsiya sinovlaridan o‘tkazildi.

Sohada kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha yil davomida tashkil etilgan o‘quv kurslar, mashg‘ulot va seminarlarda jami 12580 nafar xodim o‘z malakasini oshirdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga ko‘p demakdir.

Yosh dasturchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda O‘zbek-G‘ind axborot texnologiyalari markazlari tomonidan dasturlashning turli yo‘nalishlarida o‘quv kursi tashkil etilib, 3 mingga yaqin tinglovchi tahsil oldi.

Yil oxirigacha keng polosali telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘rnatilgan portlar soni 378 mingtaga, foydalanilgan portlar soni esa 202,7 mingtaga yetkazildi, o‘sish mos ravishda 55,5 foiz va 37,2 foizni tashkil etdi.

1576 km. optik tolali aloqa kabellari yotqizilib, mijozlar va o‘quv muassasalariga yetkazildi.

Bosqima-bosqich raqamli televideniyega o‘tish ishlari davom ettirilmoqda. Jumladan, Farg‘ona, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlariga teleuzatgichlar o‘rnatildi. Natijada respublika aholisining raqamli formatdagi teledasturlar bilan qamrovi 42,0 foizga yetkazildi.

Pochta aloqasi ob’ektlarida avtomatlashtirilgan tizimlarga bog‘langan ish o‘rinlari soni 1879taga yetkazilib, shundan xizmat ko‘rsatishda foydalanilayotgan ish o’rinlari 1298tani tashkil etmoqda, o‘tgan yilga nisbatan bu ko‘rsatkich mos ravishda 21,0 foiz va 11,1 foizga ko‘paygan.

Hay’at yig‘ilishida Davlatimiz rahbari tomonidan 2012 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2013 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida belgilab berilgan AKTni kelgusida yanada rivojlantirish va takomillashtirish borasidagi vazifalar ham alohida muhokama qilindi. Jumladan, mazkur muhim vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha soha korxonalari rahbarlariga tegishli chora-tadbirlarni belgilab olish va ijrosini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berildi, xususan:

— “Elektron hukumat” tizimini, shu jumladan, boshqaruv jarayonlari, shuningdek, biznes sohasiga va fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini shakllantirish konsepsiyasi va kompleks dasturini ishlab chiqishni jadallashtirish,
— tadbirkorlar va aholiga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishning elektron shakllarini joriy qilish,
— Milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirishning 2013-2017 yillarga mo‘ljallangan kompleks Dasturini ishlab chiqish,
— Zamonaviy texnologiyalar asosida videotelefonlar, internet-televideniye, yuqori tezlikdagi internet, HDTV kanallarini namoyish qilish va boshqa xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradigan 2 ming kilometr uzunlikdagi keng polosali optik tolali aloqa tarmog’i qurilishini yakuniga yetkazish,
— Internet tarmog‘ida turli yo‘nalishlardagi zamonaviy milliy veb-resurslarni yaratish,
— Joriy yilning o‘zida Jizzax, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida beshta raqamli televizion uzatgich o‘rnatish yo‘li bilan raqamli televideniyeni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish va mamlakatimiz aholisini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasini 45 foizga yetkazishni ta’minlash zarur.

Yig‘ilishda shuningdek, tizimdagi ayrim korxonalar rahbarlarining faoliyati tanqidiy baholanib, mavjud kamchilik va muammolarni tezkorlik bilan bartarf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Hay’atda ko‘rilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Orphus system
O‘zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo‘ling
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq