Mamlakatimiz rahbari AKT sohasi rivojlanishining ustuvor yo’nalishlarini belgilab berdi

18-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2013-yilgi iqtisodiy dasturning asosiy ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘z nutqida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnoligiyalarining rivojlanishiga alohida to’htalib otdi.

Jumladan “O‘tgan yili telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha ham katta ishlar bajarildi. Bu borada ko‘zda tutilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida uzunligi 180 kilometrdan ziyod bo‘lgan Boysun-Denov, Urgut-Shahrisabz optik tolali aloqa liniyasi ishga tushirildi” – dedi Prezidentimiz.

Farg‘ona, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida teleuzatish moslamalarini o‘rnatish orqali bosqichma-bosqich raqamli televideniyega o‘tish amalga oshirildi. Bu aholini mamlakatimiz bo‘yicha raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasini 42 foizga yetkazish imkonini berdi.

“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi tashkil etilganidan buyon bu yerda 12 ta korxona qurilib, foydalanishga topshirildi. 2012-yilda ular tomonidan qariyb 80 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Akkumulyator simlari, avtomobil gaz ballonlari, mobil va statsionar telefonlar, modemlar va internet uchun qo‘shimcha moslamalar ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalar tashkil etish kabi yuqori texnologiyalar asosidagi yana yettita loyiha amalga oshirish bosqichida turibdi.

Ma’ruzada “… xizmatlarning yuqori texnologiyalarga asoslangan va bozor iqtisodiyotiga xos bo‘lgan turlari jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Jumladan, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 24,5 foizga, kompyuter dasturlash xizmatlari 18 foizga, texnologik asbob-uskunalarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish 17 foizga, moliya-bank xizmatlari 17,6 foizga o‘sdi” – deya ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari “Axborot-kommunikatsiya va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi chora-tadbirlar va loyihalarni jadal amalga oshirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biz o‘zimizga shuni aniq tasavvur etishimiz kerakki, iqtisodiyotning barcha sohalariga, kundalik hayotimizga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish bo‘yicha tub va ijobiy ma’nodagi portlash effektini beradigan o‘zgarishlarni amalga oshirmasdan turib, istiqboldagi maqsadlarimizga erishish qiyin bo‘ladi. Biz qisqa vaqt mobaynida nafaqat axborot xizmatlari ko‘rsatishning ko‘plab turlari bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etishimiz, balki axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida yuksak darajaga erishgan ilg‘or mamlakatlar safiga qo‘shilishimiz zarur” – deya ta’kidladi.

Joriy yilning o‘zida Jizzax, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida beshta raqamli televizion uzatgich o‘rnatish yo‘li bilan raqamli televideniyeni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish va mamlakatimiz aholisini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasini 42 foizdan 45 foizga yetkazishni ta’minlash lozim.

“Zamonaviy texnologiyalar asosida videotelefonlar, internet-televideniye, yuqori tezlikdagi internet, HDTV kanallarini namoyish qilish va boshqa xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradigan 2 ming kilometr uzunlikdagi keng polosali optik tolali aloqa tarmog‘i qurilishini yakuniga yetkazish darkor” — deyildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘z ma’ruzasida, shuningdek, “Yangi tashkil etilgan Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, bu sohada asosiy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida, o‘tgan yilda qabul qilingan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va yanada rivojlantirish dasturi bajarilishini qat’iy nazoratga olishi, uning ijrosi natijalari to‘g‘risida Hukumatga muntazam ravishda axborot berib borishi zarur. Bu borada “Elektron hukumat” tizimini, shu jumladan, boshqaruv jarayonlari, shuningdek, biznes sohasiga va fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini shakllantirish konsepsiyasi va kompleks dasturini ishlab chiqishni jadallashtirishga, Axborot tizimlarining idoralararo va idoraviy komplekslarni integratsiya qiladigan milliy tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratish lozim” — dedi.

Orphus system