Bojxonada yangi qulaylik: tovarlar elektron shaklda rasmiylashtiriladi

Davlat bojxona qo‘mitasida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 29 dekabrdagi “Tovarlarni bojxonada elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi 370-sonli Qarorining mazmun-mohiyati, undan kelib chiqadigan maqsad va vazifalarga bag’ishlangan seminar-trening tashkil etildi. Unda poytaxtimizda va Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi tashqi iqtisodiy faoliyat (bundan buyon matnda — TIF) ishtirokchilari, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Keyingi yillarda bojxona sohasida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini yanada takomillashtirish va shafoflashtirish, TIF ishtirokchilari uchun imtiyozlar va qulayliklar yaratish maqsadida bir qator yangi me’yoriy-huquqiy hujjatlar amaliyotga tatbiq qilindi. Eng muhimi, bunda axborot-kommunikatsion texnologiyalari imkoniyatlaridan keng miqyosda foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish, mamlakatimiz ishbilarmonlik va investitsiya muhiti darajasining xalqaro reytingini yanada oshirish maqsadida Prezidentimizning 2012 yil 18 iyuldagi «Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z ixtiyoriga ko‘ra, 2013 yil 1 yanvardan boshlab tovarlarni bojxonada elektron shaklda rasmiylashtirishni amalga oshirish huquqini taqdim etish belgilangan edi.

Ushbu Farmon talablaridan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2012 yil 29 dekabrdagi “Tovarlarni bojxonada elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi 370-sonli Qaror qabul qilindi va u asosida 2013 yil 1 yanvardan boshlab tovarlarni bojxonada elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi amaliyotga joriy qilindi. Shuningdek, Qaror bilan “Tovarlarni bojxonada elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom ham tasdiqlandi.

Yangi tartiblarga binoan TIF ishtirokchilari Internetda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘tgan yil oxirida sinovlardan o‘tkazilgan “Elektron deklaratsiyalash” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (EDAAT) orqali bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini amalga oshiradilar. Mazkur tizimga esa Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti – www.customs.uz ning bosh saxifasiga joylashtirilgan havola orqali kiriladi.

Ushbu jarayonlar ikki bosqichda amalga oshirilib, dastlabki bosqichda vakolatli organlar tomonidan amaldagi qonunchilikka ko‘ra va belgilangan muddatda ruxsat beruvchi hujjatlar beriladi va ular EDAATga kiritiladi. Nizomda ruxsat beruvchi hujjatlar hamda ularni berish va kiritish uchun vakolatli idoralar ro‘yxati ilova qilingan.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan barcha turdagi bojxona deklaratsiyalari va unga tegishli boshqa hujjatlarning elektron shakllari hamda ularni to‘ldirish tartiblari DBQ veb-saytiga joylashtirilgan.

Keyingi bosqichda esa tayyorlangan bojxona yuk deklaratsiyasi va unga tegishli bo‘lgan barcha hujjatlarning elektron shakllari bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisning elektron raqamli imzosi bilan internetdagi EDAAT orqali bojxona organlariga yuboriladi. Agarda, BYuDga tegishli boshqa hujjatlarning elektron shakllari mavjud bo‘lmasa, ularning skaner qilingan nusxasini taqdim etish mumkin. Shu o‘rinda qayd etish joizki, elektron deklaratsiyalarni saqlash muddati bojxona yuk deklaratsiyasining bosma shaklini saqlash muddatiga muvofiq kelishi zarur.

Tovarlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish haqida qaror qabul qilgan bojxona xodimi uch soat davomida uni o‘tkazish vaqti va joyi haqidagi ma’lumotlar yozilgan elektron xabarni bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiruvchi mutaxassisga yuboradi. lektron deklaratsiyada ko‘rsatilgan ma’lumotlar bojxona ko‘rigi natijalariga mos kelganida, rasmiylashtirish jarayonlari o‘rnatilgan tartibda yakuniga etkaziladi. Agarda bojxona ko‘rigi natijasida qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, bojxona organi qonunchilikda ko‘zda tutilgan tartibda tegishli choralarni ko‘radi.

Sodda qilib aytganda, tovarlarni elektron shaklda rasmiylashtirish jarayoni TIF qatnashchisiga o‘z idorasidan chiqmasdan turib, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini masofadan amalga oshirish imkoniyatini beradi. Bu esa albatta tadbirkorning vaqtini tejab, moliyaviy xarajatlarining ham qisqarishiga olib keladi.

Qizg‘in muhokamalarga boy tarzda o‘tgan tadbirda ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga atroflicha javob oldilar.

Orphus system