Dasturiy mahsulotlar bozori kengaymoqda

Bugungi iqtisodiyotni rivojlantirish sur’atlari ishlab chiqarilayotgan har qanday mahsulotning sifati va samaradorligiga erishish borasida o‘z talablarini qo‘ymoqda. Ishlab chiqarish jarayonlari va tashkilotlarda hujjat aylanishini avtomatlashtirish hamda tizimlashtirish, sarf-xarajatlarni kamaytirish, belgilangan vazifalarni bajarishni tezlashtirish imkonini beradigan IT-texnologiyalar ushbu jarayonda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu softver kompaniyalarga keng doiradagi iste’molchilar uchun mo‘ljallangan universal mahsulotlarni yaratish imkonini bermoqda. Mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari ham bundan mustasno emas.

O‘zbekistonda dasturiy mahsulotlar bozori jadal rivojlanmoqda. Bunga ishlab chiqaruvchilarni keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha yaratilgan qonunchilik bazasi tufayli erishilmoqda. Natijada, telekommunikatsiya infratuzilmasini, mobil aloqa va boshqa xay-tek mahsulotlarini rivojlantirishga qaratilgan qator yirik loyihalar hayotga tatbiq etilayotir. Boshqacha aytganda, mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilishning yuqori texnologiyali bazasi shakllantirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, davlat va tijorat tuzilmalarining mamlakatimiz dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilari bilan o‘zaro hamkorligi ushbu mahsulotlarni keng joriy etishda muhim o‘rin tutmoqda. Bu sa’y-harakatlar hamkorlikni rivojlantirish, tender savdolar va dasturiy ta’minotning davlat xaridlarini amalga oshirishda oshkoralikni ta’minlashga qaratilgan. Mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalar soni yil sayin ko‘paymoqda, o‘zimizda ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar qamrovi kengaymoqda.

So‘nggi vaqtda bunday kompaniyalar tomonidan eng yangi mahsulotlarni ishlab chiqish va integratsiyalashtirishga doir keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirildi. Yosh dasturchilarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan mamlakatimizdagi barcha axborot-kutubxona markazida axborot kutubxonalarining KaDaTa dasturiy ta’minoti texnik ilovasi tashkil etildi. Toshkent shahar urologiya markazi poliklinika va statsionarida biznes-jarayonlarni avtomatlashtirish uchun MedDATA dasturiy ta’minotini joriy qilish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan “Sugurta DATA” dasturiy ta’minoti ishlab chiqilib, “Alskom” sug‘urta kompaniyasida sinab ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining huquqiy vorisi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi softver sanoatini rivojlantirishda muhim rol o‘ynamoqda. Avval ishga tushirilgan “Davlat tilidagi erkin va ochiq dasturiy ta’minotni mahalliylashtirish” loyihasi doirasida “Firefox” va “OpenOffice” dasturiy mahsulotlari o‘girilgan edi. Yosh dasturchilarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash markazi ko‘magida “Doppix” milliy operatsiya tizimi ishlab chiqildi. Bu kundalik va o‘rgatuvchi dasturlar, ofis hamda multimedia ilovalarining to‘liq paketini o‘z ichiga olgan qulay interfeysli o‘zbek, rus va ingliz tilidagi tizimdir. Katta hajmdagi hujjatlar va keng ma’lumotnoma tizimiga ega “Doppix” uyda va o‘quv yurtlarida shaxsiy komyuterlarga o‘rnatish uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, elektron hujjat aylanish tizimi, bank tizimlari va elektron to‘lovlarni, buxgalterlik hisobi hamda me’yoriy-huquqiy ma’lumotlar bazasini avtomatlashtirish dasturlari, axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha dasturiy vositalar ham keng qo‘llanilmoqda. Natijada, bugungi kunda davlat organlarida elektron hujjat aylanish jarayonida foydalanilayotgan dasturiy yechimlarning 70 foizdan ortig‘ini mamlakatimizda ishlab chiqilgan mahsulotlar tashkil etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-mayda qabul qilingan “Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi apparatida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida yagona himoyalangan elektron pochtani va elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etish hamda ulardan foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Unicon.uz” davlat unitar korxonasi qoshidagi Elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish markazi tomonidan 140 dan ortiq davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari elektron hujjat aylanishi va himoyalangan elektron pochta tizimlariga ulandi. Ular uchun maxsus Ye-XAT v.4.0 himoyalangan elektron pochta dasturining yangi turi ishlab chiqildi, mavjud tizim takomillashtirildi. Ye-XAT himoyalangan elektron pochta tizimidan foydalanuvchilar uchun yangi funksiyalar qo‘shildi va qisqa elektron manzillar tashkil qilindi. Buning natijasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ilgari statistika byulletenlarini jo‘natishda sarflangan qog‘ozlarni 80 foizgacha tejash imkoniga ega bo‘ldi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 21-martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida mamlakatimizda yaratilgan dasturiy mahsulotlarga bo‘lgan ishonchni va ularning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida “Unicon.uz” davlat unitar korxonasi qoshida dasturiy mahsulotlarni ixtiyoriy sertifikatlash tizimi joriy etildi, zarur me’yoriy-huquqiy baza shakllantirilib, har qanday dasturiy mahsulotni belgilangan talablar hamda standartlarga muvofiq sertifikatlash imkonini beruvchi tashkiliy-texnik tadbirlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, axborot tizimlarini unifikatsiya qilish va standartlashtirish uchun dasturiy mahsulotlarni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha mexanizm ishlab chiqildi va joriy etildi. Bu mexanizmning asosiy vazifasi Milliy axborot tizimi doirasida joriy etilayotgan ixtisoslashtirilgan dasturiy mahsulotlarni ekspertizadan o‘tkazishdan iborat. Bu Milliy axborot tizimining ayrim kichik tizimlari ishlarida yagona hamda birxillashtirilgan yondashuvlarni amalga oshirish, ularning o‘zaro hamkorligini ta’minlash uchun zarurdir.

O‘zbekiston milliy dasturiy mahsulotlari va ishlab chiquvchilari katalogi – www.software.uz saytida mamlakatimiz softver sanoatidagi eng so‘nggi yutuqlar bilan tanishish mumkin. Dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilar faoliyati, dasturlash sohasida xizmat ko‘rsatadigan milliy korxonalar manfaatlarini himoya qilish, tajriba almashish, buyurtmachilar bilan foydali munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish, xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston dasturiy mahsulotlar bozori va ishlab chiquvchilari haqida ijobiy fikrni shakllantirish uning asosiy vazifalaridir.

O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi ekspertlarining aytishicha, mazkur katalog mamlakatimiz dasturiy mahsulotlar bozori va milliy ishlab chiquvchilarni qo‘llab-quvvatlash, softver sanoatini rivojlantirish hamda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyalar biznesiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. Katalog milliy ishlab chiquvchilar, kompaniyalar, dasturiy mahsulotlarni ro‘yxatga olish va hisobga qo‘yish, dasturlash hamda iste’dodli dasturchilarni aniqlash bo‘yicha tanlovlarni o‘tkazishga yordam beradi.

Davlatimiz rahbarining 2012-yil 16-oktabrdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlariga oid farmoni iqtisodiyotning barcha jabhasida zamonaviy axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlardan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyot real sektori korxonalarida ishlab chiqarishni boshqarish bo‘yicha eng zamonaviy integratsiyalashgan axborot tizimlarini faol qo‘llashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur farmonga binoan Dasturiy vositalar va axborot tizimlari uchun davlat buyurtmasini shakllantirish, 2013-2017-yillarga mo‘ljallangan Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi dasturiy mahsulotlar va axborot tizimlarini ishlab chiqish uchun buyurtmalar hajmini ko‘paytirish, ularni davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida faol joriy etish bo‘yicha oshkora tizimni yaratish, milliy ishlab chiquvchilarni rag‘batlantirish hamda yuksak texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash imkonini beradi.

Orphus system