El-yurt himoyasi – muqaddas burch

Toshkent harbiy-telekommunikatsiya akademik litseyida Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 21 yilligi munosabati bilan bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Litseyda bir oy davomida ko‘plab tanlov va harbiy-sport musobaqalari tashkil etildi. Ularning g‘oliblari bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi va Mirobod tuman hokimligi vakillari ishtirokida munosib taqdirlanadi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tashkil etilishi davlatimiz tarixidagi muhim voqealardan bo‘ldi. O‘z davlatining formasini kiygan va o‘z bayrog‘i ranglari ostida harakat qiladigan armiyaga ega bo‘lish huquqi mustaqil mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Bunday armiya o‘z zimmasiga yuklangan burch va majburiyatni teran anglaydigan, xalqining tarixi hamda an’analarini qadrlaydigan shaxslardan tarkib topadi. Shu maqsadda harbiy ta’lim va bo‘lajak Vatan himoyachilarini tayyorlash sohasida chuqur islohotlar amalga oshirildi. Zero, zamonaviy o‘zbek askari qiyofasida eng yaxshi insoniy fazilatlar va jangovar qobiliyat aks etishi darkor.

O‘zining harbiy qobiliyati va safarbarligini yildan-yilga oshirib borayotgan milliy armiyamizga barcha turdagi harbiy texnika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalana oladigan, chuqur bilimli, jismonan baquvvat va ma’naviy barkamol kadrlar kerak. Harbiy-akademik litseylarda ta’lim jarayonining samaradorligini oshirishga doir salmoqli ishlar bajarildi, ushbu ta’lim muassasalarini yanada rivojlantirishga yordam beradigan mustahkam huquqiy baza yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-fevralda qabul qilingan “Harbiy akademik litseylar faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizdagi to‘rtta harbiy akademik litsey o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilashga erishdi.

– 2012-yilda o‘quvchilarimiz katta natijalarga erishdi, – deydi Toshkent harbiy-telekommunikatsiya akademik litseyi direktori A.Nazarov. – Ular turli sport bellashuvlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi, “Amir Temur avlodlari” harbiy-sport musobaqalarida g‘olib chiqdi, o‘qishda katta yutuqlarga erishdi. 2012-yilda 59 nafar bitiruvchimiz mamlakatimiz oliy harbiy o‘quv yurtlarida ta’lim olishni davom ettirdi. Bu ko‘rsatkich avvalgi yillardagidan ikki barobar ortiqdir. Bunday yuqori natijaga kasbga yo‘naltirish ishlarining samarali yo‘lga qo‘yilgani tufayli erishildi. Uchinchi bosqich o‘quvchilari oliy harbiy o‘quv yurtlariga muntazam qatnamoqda, ular orasidan birini tanlab, o‘qishga kirish uchun tayyorlanadi. Shu bilan birga, harbiy qismlarga ekskursiyalar uyushtirilmoqda.

2012-yilda Toshkent harbiy-telekommunikatsiya akademik litseyi mamlakatimiz harbiy akademik litseylari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Amir Temur avlodlari” harbiy-sport musobaqasida 100 metr va 3 kilometrga yugurish, harbiylashgan estafeta, granat uloqtirish, arqon tortishda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida g‘olib bo‘ldi. Bolalar g‘alaba qozonish uchun 3-yil davomida har kuni darsdan so‘ng “Amir Temur avlodlari” to‘garagida shug‘ullanib, barcha zarur normativlarni bajardi, o‘z natijalarini yaxshilab bordi.

Jamoa oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa – o‘quvchilarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularga tanlagan ixtisosi bo‘yicha chuqur bilim berishdir.

Litseyda o‘quv-tarbiya ishlari ilg‘or pedagogika va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, harbiy kasbga yo‘naltirilgan, o‘qishni oliy harbiy ta’lim muassasalari hamda oliy o‘quv yurtlarida davom ettirishga qaratilgan o‘quv rejalari va dasturlari asosida tashkil etilgan.

Litseyda kun tartibi turli kurslar uchun alohida tuzilgan bo‘lib, harbiy tartibga yaqinlashtirilgan. Bu yoshlarda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. O‘ttiz nafardan ziyod tajribali pedagog, yigirma nafarga yaqin ofitser va serjant o‘quv-tarbiya ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Ular yoshlarga yuksak fuqarolik fazilatlari, istiqlol, demokratiya g‘oyalari, xalqimizning ma’naviy va tarixiy qadriyatlariga sodiqlik ruhida bilim va tarbiya bermoqda.

Bu yerda o‘quvchilar uchun 20 to‘garak tashkil etilgan. Ularning o‘n to‘rttasi o‘rganilayotgan fanlarni to‘ldirishga xizmat qilsa, oltitasi sport seksiyalaridir. O‘quvchilar ko‘proq “Axborot olami”, “Yosh fizik”, “Yosh adabiyotchi”, matematika va tarix to‘garaklari, yengil atletika, qo‘l jangi, voleybol, futbol, basketbol seksiyalarida shug‘ullanadi.

Litseyda 14000 nomdagi adabiyotni o‘z ichiga olgan va kompyuter xonasiga ega axborot-resurs markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bularning barchasi yoshlarning ma’naviy olamini boyitish, ularni yangi axborot texnologiyalari bilan tanishtirishga xizmat qilmoqda.

O‘quvchilar Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 21-yilligi bayramiga puxta hozirlik ko‘rmoqda, tanlovlarda qatnashmoqda, madaniy dastur tayyorlamoqda, ijodiy faolligini namoyish etmoqda.

Orphus system